Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:53

Xitoy koronavirusning kelib chiqishini o‘rganayotgan JSST talablarini rad etdi


JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreisus.
JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreisus.

Seshanba kuni sog‘liqni saqlash bo‘yicha yuqori martabali Xitoy rasmiysi Pekin Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) COVID-19 kelib chiqishini o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlarining ikkinchi bosqichi bo‘yicha talablariga rozi bo‘la olmasligini aytdi.

Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi raisi o‘rinbosari Szen Isin pandemiya kelib chiqishi haqida qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazish chaqiriqlari va, xususan, virus Xitoy laboratoriyasidan tarqalgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi farazdan «ancha hayratga» tushganini aytdi.

Rasmiy virus laboratoriyadan tarqalgani haqidagi faraz aql va ilmga zid bo‘lgan mish-mish ekanini aytib, uni rad etdi.

«Biz kelib chiqishni bu tarzda aniqlash rejasiga rozi bo‘lolmaymiz», dedi u COVID-19 kelib chiqishi mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.

Virusning kelib chiqishini aniqlash urinishari diplomatik masalaga aylangan. Natijada Xitoyning AQSh va Vashingtonning ko‘plab ittifoqchilarii bilan munosabatlarini yomonlashdi. AQSh va boshqa mamlakatlar pandemiya boshlangan ilk kunlarda Xitoy shaffof ma’lumot bermaganini aytmoqda. Xitoy esa tanqidchilarni olimlar hal qilishi kerak bo‘lgan masalaga siyosiy tus berishda ayblamoqda.

JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreisus o‘tgan hafta ilk marotaba Xitoyning Uxanь shahrida aniqlangan kasallik bilan Xitoy hukumatiga qarashli laboratoriya o‘rtasida bog‘liqlik borligini rad etishga hali erta ekanini tan oldi.

Gebreisus Xitoy yaxshiroq hamkorlik qilishiga va ko‘proq ma’lumot berishiga umid qilayotganini aytdi. Rasmiy COVID-19 manbasini aniqlash uchun joriy yil boshida Xitoyga safar qilgan xalqaro olimlar guruhi uchun ma’lumot to‘plash mushkul bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, virus Uxandagi hukumat laboratoriyasidan tarqalgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi faraz muddatidan oldin chetga surilgan.

«Men o‘zim laboratoriya mutaxassisi bo‘lib ishlaganman. Immunologman va laboratoriyada ishlaganman, laboratoriyada ko‘ngilsiz hodisalar ro‘y berib turadi. Bu keng tarqalgan narsa», dedi Gebreisus.

Germaniya sog‘liqni saqlash vaziri Yens Shpan Gebreisusning so‘zlarini qo‘llab-quvvatladi va Xitoy rasmiylarini virusning kelib chiqishi bo‘yicha tergovni davom ettirishga ruxsat berishga chorladi.

Sszen Uxan laboratoriyasida odamga bevosita yuqishi mumkin bo‘lgan virus yo‘qligini aytdi.

U joriy yil boshida xalqaro ekspertlar guruhi virus laboratoriyadan tarqalgani ehtimoldan yiroq, degan xulosaga kelganini ta’kidladi.

JSST yuborgan olimlar guruhi virus hayvonlardan odamlarga yuqqan bo‘lishi mumkin, deb xulosa qildi. Eng keng tarqalgan nazariyaga ko‘ra, virus ko‘rshapalaklardan Xitoy bozorlarida sotiladigan pangolinlarga, ulardan, o‘z navbatida, odamlarga yuqqan.

Szen Uxan virusologiya instituti xodimlari va aspirantlari virusni o‘ziga yuqtirgani va uni boshqalarga yuqtirgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlar asossiz ekanini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy «viruslar kelib chiqishini ilmiy yo‘l bilan aniqlashni har doim qo‘llagan» va boshqa mamlakatlar va mintaqalar ham shunday qilishini xohlaydi.

«Biroq biz virus kelib chiqishini aniqlashga qaratilgan sa’y-harakatlar siyosiylashtirilishiga qarshimiz», dedi rasmiy.

XS
SM
MD
LG