Линклар

Шошилинч хабар
14 июн 2021, Тошкент вақти: 05:22

Xitoy pandemiya davrida dezinformatsiya tarqatish bo‘yicha Rossiyadan o‘zib ketdi - tadqiqot


Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hay’atining Pekindagi brifingi - 9 - fevral, 2021

O‘tgan yili koronavirus jahon bo‘ylab tarqala boshlagach, AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Donald Tramp va konservativ siyosatchilar virus Xitoy laboratoriyasidan tarqalgan yoki uni Xitoy atay bioqurol sifatida yaratgan bo‘lishi mumkin, deb da’vo qilgan edi.

Xitoy esa bu ayblovlarni keskin rad etib keladi.

Associated Press (AP) xabar agentligi Atlantika kengashining Raqamli sud-tibbiyot laboratoriyasi bilan hamkorlikda to‘qqiz oy surishtiruv o‘tkazib, Xitoy aslida AQSh virusni bioqurol o‘laroq yaratgan, degan iddaolarni tarqatish maqsadida dezinformatsiya kampaniyasini yo‘lga qo‘yganini aniqladi.

Quyidagilar AP surishtiruvi davomida aniqlangan 6 ta muhim ma’lumotdir:

  • 1. 2016 - yildan buyon Rossiya xorijiy mamlakatlarda dezinformatsiya tarqatuvchi yetakchi davlat sifatida ko‘rib kelinadi. COVID-19 pandemiyasi boshlanishi bilan Xitoy virusning kelib chiqishi haqida fitna nazariyalarini tarqata boshladi va dezinformatsiya masalasida Rossiyadan ham o‘zib ketdi.
  • 2. Xitoy G‘arb davlatlarida ommalashgan ijtimoiy tarmoqlarga kirib bordi. 2019 - yil o‘rtalaridan beri Twitter’da Xitoy diplomatik akkauntlari soni uch baravarga, Facebook’da esa ikki baravarga ko‘paydi. Har ikki platforma ham Xitoyda taqiqlangan. COVID-19 pandemiyasi manzarasida Xitoy o‘z targ‘ibotini dunyoning turli burchaklariga yetkazish yo‘lida ushbu platformalardan keng foydalandi.
  • 3. Xitoy tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Chjao Litszyan mart oyida koronavirusni AQSh armiyasi hozirlaganini iddao qilib yozgan 11 ta tvit kamida 54 tilda 99 000 martadan ortiq ulashilgan. Xitoy davlat ommaviy axborot vositalari kotibning bu iddaosini yanada kengroq yoyinladi.
  • 4. Xitoy Rossiya dezinformatsiya strategiyasi va infratuzilmasiga tayandi. Xususan, Pekin Kremlning G‘arbdagi ishonchli vakillari orqali fitna nazariyalarini tarqatdi. Shuningdek, Xitoy, Rossiya va Eron bir-birining tarqatgan fitna nazariyalarini dastakladi va bir-biridan iqtibos keltirdi.
  • 5. 2020 - yilning birinchi yarmida Twitter’da Xitoy, Rossiya va Eron hukumatlariga aloqador 829 ta akkaunt koronavirus bilan bog‘liq millionlab suhbatda ishtirok etdi. Xitoy davlat ommaviy axborot vositalari va Tashqi ishlar vazirligining tvitlari eng ko‘p ulashildi.
  • 6. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi dezinformatsiyani qat’iyan rad etishini, ammo epidemiyaga siyosiy tus berishga urinishlardan o‘zini himoya qilishini aytdi. Vazirlik AP agentligiga bergan bayonotida «Barcha tomonlar dezinformatsiyaga qat’iy ravishda «yo‘q» deyishlari kerak», deyiladi. Ammo vazirlik o‘z bayonotida «soxta ayblovlarga javoban yolg‘onlarni fosh qilish, faktlarni keltirish orqali mish-mishlarga oydinlik kiritish oqilona va o‘rinli ishdir», deya qo‘shimcha qildi.
XS
SM
MD
LG