Xitoy rasmiylari Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonidagi 630 chog‘li qishloq nomini o‘zgartirishgan. Bu haqda Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti qarorgohi Norvegiyada bo‘lgan Uyghur help tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga tayangan holda ma’lumot tarqatdi.
“Xitoy rasmiylari Shinjondagi yuzlab qishloqlar nomini uyg‘urlar uchun boy mazmunga ega bo‘lgan nomlardan hukumat propagandasini aks ettirgan nomlarga almashtirmoqda”, deya qayd etgan HRWning Xitoy bo‘yicha direktori vazifasini bajaruvchi Mayya Vang.
Tadqiqotchilar ma’lumotiga ko‘ra, 2009-yildan 2023-yilgacha xitoylik rasmiylar Shinjondagi 25 ming aholi punktidan 3600 tasining nomiga o‘zgartishlar kiritishgan, biroq qariyb 630 ta holatda nomlardan diniy atamalar hamda uyg‘ur tarixi va madaniyatiga oid har qanaqa unsur olib tashlangan. Xususan, ular 1949-yili Xitoy Xalq Respublikasi tashkil etilguniga qadar bo‘lgan davlat tashkilotlari va mahalliy rahbarlar nomlarini, shuningdek, o‘rda, sulton va dutor kabi so‘zlarni olib tashlashgan.
Mayya Vang nomlarning bu tarzda o‘zgartirilishi Xitoy hukumati tomonidan uyg‘urlar tarixi va madaniyatini yo‘q qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning bir qismi, deb hisoblaydi.
Tadqiqotchilar mintaqaga borish imkoniga ega bo‘lmagani uchun nomlarning o‘zgartirilishi mahalliy aholiga qanday ta’sir ko‘rsatganini bilmasliklarini aytishgan.