Линклар

Шошилинч хабар
25 июн 2021, Тошкент вақти: 01:57

Xitoy rasmiysi O‘zbekistonda xitoylik tadbirkorlar uchrayotgan muammolarni gapirdi


Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasining savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Jin Yuylun yaqinda bergan intervyusida ikki mamlakat o‘rtasidagi tijorat aloqalari ahvoli haqida so‘zladi.

Jin koronavirus pandemiyasiga qaramay, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aloqalari kuchli va barqaror bo‘lib qolayotganini olqishladi. Shu bilan birga, Jin ba’zi xitoylik tadbirkorlar mahalliy darajada qonun-qoidalar noto‘g‘ri talqin qilinayotganidan shikoyat qilganini va tijorat bilan shug‘ullanishda qiyinchiliklarga uchrayotganini aytdi.

Quyida o‘zbekistonlik tahlilchi Umida Hoshimova ushbu mavzuda "The Diplomat" nashri uchun yozgan maqola tarjimasi bilan tanishishingiz mumkin.

Jin so‘nggi bir yil davomida ikki mamlakat o‘rtasida kuchli iqtisodiy aloqalar saqlanib qolganini ta’kidladi.

Pandemiyaga qaramay, Xitoy import va eksport qilishda davom etgan, yo‘lga qo‘yilgan va yangi qo‘shma loyihalarda uzilishlar oz bo‘lgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy o‘zbek tabiiy gazining asosiy importchisi bo‘lib qolgan. Shuningdek, Xitoy O‘zbekistondan to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yirik ko‘lamda import qilgan.

Darhaqiqat, Iqtisodiy murakkablik observatoriyasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 - yilda Xitoy O‘zbekistondan import qilgan asosiy mahsulotlar tabiiy gaz (O‘zbekistonning Xitoyga eksportining 47.9 foizi), to‘qimachilik mahsulotlari (20.9 foiz) va paxta xom ashyosidan (7.4 foiz) iborat bo‘lgan.

O‘zbekistonning Xitoydan importlari esa xilma-xil bo‘lib, eng ko‘p import qilingan uchta mahsulot po‘lat (4.02 foiz), yirik qurilish transport vositalari (3.18 foiz) va toshni qayta ishlash mashinalaridan (2.92 foiz) iborat bo‘lgan.

Jin xitoylik tadbirkorlari uchrayotgan muammolar haqida gapirar ekan, "O‘zbekistonga sarmoya yotqizayotganda hammasi yaxshi kechmaydi. Ba’zi xitoylik investorlar bizga shikoyat bilan murojaat qilishdi. Bu mahalliy hokimiyat organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarning noto‘g‘ri talqin qilinayotgani, ayrim loyihalarga va’da qilingan imtiyozlar ozaytirilayotgani bilan bog‘liq. Bu muammolarni hal qilish uchun O‘zbekistonning tegishli vazirliklari va idoralari bilan barcha tomonlar uchun ma’qul variantlarni topish yo‘lida yaqindan hamkorlik qilyapmiz", dedi.

Hoshimovaning yozishicha, Jin O‘zbekistondagi qator muammolarga shama qildi. Birinchi muammo davlatning iqtisodiyotda aralashuvi va uning iqtisodiy faoliyatni nazorat qilish urinishlaridir.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 - yilda davlatning iqtisodiyotda haddan ziyod yuqori ishtiroki, byurokratiya hamda soliq, bojxona va bank sohalaridagi muammolar ichki investitsiyalar o‘sishiga va chet eldan kapital jalb qilishga to‘sqinlik qilayotganini aytgan edi.

O‘zbekiston hukumati xorijiy investitsiyalarni rag‘batlantirish va jalb qilishga har qancha urinmasin, katta miqdordagi chet el investitsiyalari uchun qulay muhit yaratilmasa, yakuniy natija o‘zgarmaydi.

2020 - yil boshida Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Ravshanbek Alimov Tashqi ishlar vazirligi 2019 - yilda 1200 ta biznes forum va O‘zbekistonga 3700 dan ziyod tashrif uyushtirgan bo‘lsa-da, "ularning amaliy natijasi deyarli yo‘q" ekanini aytdi.

Ikkinchi muammo shundaki, O‘zbekistonda mahalliy rasmiylar me’yoriy hujjatlarni o‘z xohishlariga ko‘ra va o‘zboshimchalik bilan talqin qiladi yoki tegishli me’yoriy hujjatlar haqida bilmaydi.

Bu tadbirkorlar va investorlar uchun qo‘shimcha to‘siqlarni yaratmoqda. 2019 - yilda Mirziyoyev viloyat hokimlari va shahar hokimlarini tadbirkorlar faoliyatiga aralashmaslikka chaqirgan edi.

O‘zbekiston rahbariyati davlatning iqtisodiyotda haddan ziyod yuqori ishtiroki iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatishini bilsa-da, bu holatni o‘zgartirish oson emas. Mirziyoyevning o‘zi ham haqiqiy bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayoni oson kechmasligini aytgan.

Jin investitsiya loyihalari bilan bog‘liq ayrim muammolarni hal qilish uchun elchixona aralashishga majbur bo‘layotganini aytdi. Bu holat O‘zbekiston iqtisodiyotida chuqur ildiz otgan muammolardan dalolat beradi.

Hoshimova yozganidek, mamlakat rahbariyati ushbu muammolar borligini tan olib kelayotgan bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston hukumati davlatning iqtisodiy faoliyatlarga aralashuvini cheklash uchun yetarli chora ko‘rmayapti.

XS
SM
MD
LG