Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:49

Xitoy sarmoyalari: Boshqaruv qancha yomon bo‘lsa, Pekinning ta’siri shuncha yuqori - tadqiqot


Bosniya va Gersegovina, Vengriya, Chernogoriya va Serbiyada Xitoy sarmoyasi ortishi munosabati bilan salbiy o‘zgarishlar kuzatilgan. Belgraddagi ko‘prik qurilishi - 12 - aprel, 2013.
Bosniya va Gersegovina, Vengriya, Chernogoriya va Serbiyada Xitoy sarmoyasi ortishi munosabati bilan salbiy o‘zgarishlar kuzatilgan. Belgraddagi ko‘prik qurilishi - 12 - aprel, 2013.

Yangi hisobot biror mamlakatga Xitoy kapitali oqimi bilan o‘sha mamlakatda atrof-muhit va boshqaruv sifatiga salbiy ta’sir o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik borligini aniqladi.

Qarorgohi Bolgariyada joylashgan Demokratiyani o‘rganish markazi (Center for the Study of Democracy) tomonidan 9 - sentabrda chop etilgan tadqiqotda e’tirof etilishicha, so‘nggi o‘n yil ichida Pekinning Markaziy va Sharqiy Yevropadagi iqtisodiy ta’siri o‘sib borar ekan, mintaqada qonun va boshqaruv standartlarining pasayishi kuzatilgan. Shuningdek, ayni davrda mintaqada atrof-muhit ahvoli bilan bog‘liq xavotirlar hamda qarzdorlik oshgan.

Hisobot Xitoyning Markaziy va Sharqiy Yevropada oshib borayotgan ta’siri ko‘rib chiqilgan birinchi keng ko‘lamli tadqiqotdir. Pekin so‘nggi yillarda ushbu mintaqaning eng yirik savdo hamkoriga aylangan.

2009 - yildan buyon Xitoy mintaqaga ajratgan grant, ssuda, birlashma va iqtisodiy imtiyozlar qiymati 14 milliard dollarni tashkil qiladi. Bundan tashqari, Xitoy taxminan 50 milliard dollarlik infratuzilma, energetika va telekommunikatsiya loyihalarini ayni damda moliyalashtirmoqda yoki moliyalashtirishni va’da qilgan.

Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, biror mamlakat moliyaviy jihatdan Xitoy bilan qanchalik bog‘liq bo‘lsa hamda uning yalpi ichki mahsulotida xitoy sarmoyalari ulushi qanchalik ko‘p bo‘lsa, Xitoy qonun ustuvorligi bilan bog‘liq muammolardan foydalanib, o‘z iqtisodiy va siyosiy ta’sirini oshirishga uringani ehtimoli shuncha yuqori bo‘ladi.

«Bu Xitoy kabi avtoritar davlatlar qonundagi kamchiliklar va korrupsion amaliyotlardan foydalanib, o‘z ta’sirini kuchaytirish bilan shug‘ullanayotgan ayanchli sikl», dedi hisobot mualliflaridan biri Martin Vladimirov Ozodlik bilan suhbatda.

Vladimirov Demokratiyani o‘rganish markazining energetika va iqlim dasturiga rahbarlik qiladi.

«To‘plangan ma’lumotlar Xitoy puli oqimi va boshqaruv sifatining pasayishi o‘rtasida juda kuchli bog‘liqlik borligini ko‘rsatadi», dedi u.

Bu aloqa markaz xodimlari ishlab chiqqan Xitoy iqtisodiy qudrati indeksi orqali o‘lchangan. Indeks Xitoy iqtisodiy ta’sirining to‘liq hajmini ko‘rsatishga qaratilgan. Mintaqada iqtisodiy o‘sish notekis bo‘lgan, chunki Pekin ta’sirining asosiy qismi Chexiya, Vengriya va G‘arbiy Bolqon mintaqasiga, xususan, Bosniya va Gersegovina hamda Serbiyaga to‘g‘ri keladi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Bosniya va Gersegovina, Vengriya, Chernogoriya va Serbiyada Xitoy sarmoyasi ortishi munosabati bilan eng sezilarli salbiy o‘zgarishlar kuzatilgan. Xususan, ushbu mamlakatlarda Pekin soliq imtiyozlari berilgan, mahalliy mehnat qonunlarini chetlab o‘tish imkoniyatiga ega bo‘lgan va boshqa imtiyozlar berilgan kompaniyalarni qo‘llagan.

Tadqiqot mualliflariga ko‘ra, G‘arbiy Bolqonda «mintaqadagi hukumatlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan mahalliy kompaniyalar [Xitoy] loyihalarini amalga oshirishga chorlab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri lobbichilik qilgan». Bu mahalliy korxonalarning ko‘pchiligi «Xitoy va milliy hukumatlar o‘rtasida ko‘prik» vazifasini bajarish uchun kuchli manfaatlarga ega bo‘lgan.

«Bu harakatlarning barchasi texnik jihatdan qonuniydir», dedi Vladimirov.

«Umumiy effekt shundaki, hukumat idoralari Xitoy kompaniyalarini tartibga solmaydi va jamoat manfaatlarini himoya qilmay qo‘yadi. Aksincha, bu idoralar siyosiy jihatdan bog‘langan konglomeratlar yoki mahalliy oligarxlar orqali xususiy tashkilotlarga yordam beradi», dedi u.

«Samarali orqa eshik»

Xitoyning Markaziy va Sharqiy Yevropadagi ishtiroki, ayniqsa, Bolqon mintaqasida katta ahamiyatga ega, chunki Pekin so‘nggi yillarda bu mamlakatlarda milliardlab dollar sarmoya yotqizdi. Bu holat G‘arb siyosiy doiralarida mintaqa moliyaviy jihatdan Pekinga qaram bo‘lib qolayotgani haqida xavotir uyg‘otmoqda.

Hisobotda Belgrad bunga yaqqol misol ekani e’tirof etildi. Serbiya poytaxti Pekinning G‘arbiy Bolqon bo‘ylab iqtisodiy va siyosiy faoliyatlari markaziga aylangan. Xususan, Belgradda Xitoy qo‘shni davlatlarda ham tatbiq qilishi mumkin bo‘lgan turli tashabbuslarini – telekommunikatsiya va kuzatuv texnologiyalaridan tortib, sog‘liqni saqlash texnologiyalarigacha ko‘z-ko‘z qilinmoqda.

Ammo mintaqadagi ko‘plab xitoy loyihalari yaqinda shubhali shartnomalar va tender jarayonida korrupsiyaga qo‘l qo‘yilgani haqidagi ayblovlar fonida diqqat markaziga tushib qoldi.

Vengriya hukumati Shanxayning Fudan universiteti kampusini qurish uchun Xitoy bankidan 1,5 milliard dollar kredit olishni rejalashtirgani ma’lum bo‘lgach, bosh vaziri Viktor Orban norozilik namoyishlari hamda Budapesht merining e’tiroziga duchor bo‘ldi.

Chernogoriyada uzoq vaqtdan beri kechiktirib kelinayotgan 1 milliard dollarlik avtomagistral loyihasi ham xalqaro matbuot e’tiborini o‘ziga qaratdi. Bunga kichik Bolqon davlati Xitoyning Eksport-import bankidan olgan qarzini to‘lay olmasligini ma’lum qilgani turtki bo‘ldi. Loyiha faqat kechikkani uchun emas, balki qurilish ishlari narxi oshiqcha yuqori bo‘lgani hamda xitoylik ishchilarga haddan tashqari tayanilayotgani uchun tanqidga uchradi.

Pirovardida Podgoritsa moliyaviy barqarorlikni ta’minlash va kredit to‘lovlarini qondirish uchun AQSh va Yevropa institutlarining yordam oldi.

«Markaziy va Sharqiy Yevropa Xitoy biznesining Yevropa va Yevropa Ittifoqi bo‘ylab kengayishi uchun juda samarali orqa eshik bo‘lib keladi», dedi Vladimirov.

«Bu uzoq muddatli strategiyaning bir qismi».

Atrof-muhit haqida xavotirlar

Hisobotda Xitoy iqtisodiy ta’sirining oshishi bilan Markaziy va Sharqiy Yevropada elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun ko‘proq ko‘mir yoqilayotgani aytildi. Shuningdek, bu davrda butun mintaqada ekologik standartlar pasaygani aniqlangan.

Qarz to‘lovlari bilan bog‘liq muammolardan tashqari, Chernogoriyaning munozarali avtomagistrali YuNESKO tomonidan himoyalangan Tara daryosiga zarar yetkazayotgani tufayli atrof-muhitni himoya qilish tarafdorlari qarshiligiga uchradi.

Serbiyaning Bor shahri yaqinidagi Xitoyga tegishli mis koni atrof-muhitga zarar yetkazayotgani uchun norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi, natijada kompaniya o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

Hisobot mualliflari uglerod chiqindilarining ko‘payishi va Xitoy ko‘mirga sarmoya yotqizayotgani g‘arbiy Bolqon mamlakatlarining Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish istagiga to‘sqinlik qilishi mumkinligi haqida ogohlantirdilar. Blok kelgusi o‘n yil ichida ko‘mirdan foydalanishni cheklash bo‘yicha ulkan rejalarni, shuningdek, 2030 va 2050 - yillarga qadar uglerod chiqindilari ko‘lamini kamaytirish rejalarini e’lon qilgan.

«Xitoy bu mamlakatlarning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga to‘sqinlik qilmoqchi emas, lekin Xitoy sarmoya kiritishini osonlashtirish uchun qabul qilinayotgan qonunlar va siyosat ko‘plab mamlakatning [blokka] qo‘shilish jarayoniga bilvosita putur yetkazmoqda», dedi Vladimirov.

XS
SM
MD
LG