Линклар

Шошилинч хабар
04 октябр 2024, Тошкент вақти: 06:34

"Xitoylar sekin-sekin bizga yaqinlashmoqda". Qozoq-xitoy chegarasida savdo va xavotirlar


Qozog‘iston-Xitoy chegarasi. Jetisu viloyati, 20-mart, 2024
Qozog‘iston-Xitoy chegarasi. Jetisu viloyati, 20-mart, 2024

Savdo, transport, vositachilik – Xitoy bilan chegaradosh Jarkent shahri ahli shu bilan kun ko‘radi. Ular chegara hududlarida qanday yashamoqda? Nega savdo aloqalari tobora qalinlashib borayotgan ulkan davlat bilan qo‘shnichilik mahalliy aholini boyitmayapti?

Ozodlik qozoq xizmatining Olmaotadagi muxbiri Pyotr Trotsenkoning “Chegara muhiti” nomli maxsus mualliflik loyihasi doirasida hikoya qilingan aholi punktlaridan biri – Jarkent. Bu loyiha reportajlar seriyasi bo‘lib, Qozog‘istonning chegaradosh shahar va qishloqlaridagi odamlar turmushi haqida hikoya qiladi.

Mashinamiz Olmaota-Xorgos avtomagistralining pullik qismi bo‘ylab maromida yurib boradi. Derazadan tashqarida manzara oqmoqda: tog‘lar o‘rnini dasht egallaydi, keyin qumlar boshlanadi. Hatto kichik qumtepalar ham bor.

“Bu shunchaki yo‘l emas, Buyuk Ipak yo‘li, – deydi meni Jarkentga olib ketayotgan haydovchi Ertug‘an. Uning ovozida bu yerlarning tarixiy buyukligidan faxrlanish seziladi. – Bu yerdan karvonlar o‘tgan, savdo-sotiq rivojlangan. Hozir buni tasavvur ham qila olmaysiz.

Yuk bilan to‘ldirilgan furalar qatorlashib kelmoqda, Xitoy yengil avtomobillari va Xitoyda ishlab chiqarilgan yangi yuk mashinalari o‘tib bormoqda. Bu hali ham o‘sha Buyuk Ipak yo‘li, faqat ipak va ziravorlar emas, krossovkalar va choyshablar o‘tadi.

Jarkentga juda oz qoldi. Yonib ketgan mashinalar bilan to‘la avtotashuvchini suratga olish uchun yo‘l chetida to‘xtashni so‘rayman. Ertug‘anning aytishicha, bir necha hafta oldin bu yerda Xitoy elektromobillari yonib ketgan: qisqa tutashuv yoki sigaret qoldig‘i noo‘rin joyga tushib qolgan. Haydovchi avtotashuvchidan bir nechta mashinani tushirishga ulgurgan, ammo mashinalarning asosiy partiyasini saqlab qolib bo‘lmadi.

Jarkentda Xitoy avtomobillari mavzusi mahalliy aholi uchun juda nozik masala ekanligini sezdim. Odamlar Xitoy mahalliy avtomobil bozorini arzon avtomobillar bilan to‘ldirib, Qozog‘istonga ta’sirini kuchaytirayotganiga ishonishadi, ha, bu yerda «ekspansiya» ketyapti.

Qozog‘istonda sinofobik (xitoyliklardan qo‘rqish) tuyg‘ular uzoq vaqtdan beri bor, ammo ular Xitoy bilan chegarada ko‘proq namoyon bo‘lmoqda. Bir necha kilometr narida eng yirik iqtisodiyot va qattiq siyosiy rejimli davlat joylashgan.

Jarkentlik, baland bo‘yli, novcha, 50 yoshlardagi Asilbek menga “yaqinlashayotgan ekspansiya” haqida gapirganlardan biri. Uning aytishicha, u ilgari Xitoydan Qozog‘istonga mashina haydagan, keyin pandemiya boshlanu chegara yopilgan, so‘ng sog‘lig‘ida muammolar paydo bo‘lgan. Hozir u tinchroq qishloq xo‘jaligi va go‘sht savdosiga o‘tdi.

Jetisu, 21 mart, 2024
Jetisu, 21 mart, 2024

“Xitoylar sekinlik bilan bizga yaqinlashmoqda, – deya tushuntiradi Asilbek menga qozoq-xitoy munosabatlari rivojlanishi haqida. – Hozir ular Qozog‘istonga ko‘plab texnikalarini olib kelmoqda: yengil avtomobillar, elektromobillar, yuk mashinalari. Bilasizmi, agar Xitoy mashinasi buzilib qolsa, uni bu yerda tuzata olmaydilar? Dvigatel to‘xtab qolsa, siz uni qayta ishga tushira olmaysiz, chunki bizda na ehtiyot qismlar, na mutaxassislar bor. Hozir esa xitoyliklar asta-sekin Qozog‘istonga o‘z uskunalarini sotmoqda, shunda ular keyinchalik yirik shaharlarda kompaniyalar ochib, o‘z mashinalari uchun ehtiyot qismlar yetkazib berishlari mumkin. Keyin ular o‘z mutaxassislarini o‘sha mashinalarni ta’mirlash uchun Qozog‘istonga yuboradilar. Tamom, ular allaqachon bizning tizimimizga kirgan deb hisoblayvering. Asta-sekin bu yerda xitoylar juda ko‘payib ketadi.

Xuddi shu narsa, deydi Asilbek, sanoat sohasida ham kuzatilmoqda: xitoyliklar zavodlar qurmoqda, o‘z uskunalarini o‘rnatmoqda, qozog‘istonlik mutaxassislar esa ular bilan ishlay olmaydi. Uskunalar ortidan Xitoydan muhandislar keladi va mahalliy aholi, nari borsa, fabrikalarda yuk mashinasi haydovchisi yoki oddiy ishchi bo‘lib ishlaydi.

Hozir Qozog‘istonda Xitoy avtomobil brendlari sotuvi yetakchi. «Kursiv” ishbilarmonlik nashri xabar berishicha, 2023-yil oxirida Qozog‘istonda eng ko‘p sotiladigan 10 ta avtomobil brendidan yettitasi Xitoyniki bo‘lgan. Nashrning qayd etishicha, Xitoy avtosanoati foydasiga ko‘plab omillar bor: koronavirus pandemiyasi davrida ehtiyot qismlar yetkazib berish bilan bog‘liq muammolar va Ukrainadagi urush tufayli logistika muammolari tufayli qotib qolgan talab. 2024-yilda ekspertlar Qozog‘iston avtomobil bozorida Xitoy brendlari o‘rni mustahkamlanishini bashorat qilmoqda.

SHAHAR VA QISHLOQ ORASI

Jarkent aholisi 40 ming kishidan oshadi, lekin u shaharga o‘xshamaydi. Bir qavatli binolar, boylarning kottejlari, kichik mehmonxonalar va ma’muriy binolar aralashmasi. Eski Audi va zang bosgan «Jiguli»lar yuradigan yamoq yo‘llar. Sigirlar va otlar shahar chekkasida o‘tlab, o‘tgan yilgi qurigan o‘t-o‘lanlarni yeydi.

Shahar aholisining asosiy qismini musulmon qozoqlar va uyg‘urlar tashkil qiladi. Jarkentliklar men bilan gaplashganda Shinjondagi “qayta tarbiyalash lagerlari” mavzusiga umuman tegmaslikka harakat qilishdi. Barcha suhbatdoshlar Xitoyda musulmonlarga qarshi qatag‘onlar haqida gaplashmoqchi bo‘lganimda, bu haqda eshitganmiz, deb javob berishdi, lekin keyin mavzuni o‘zgartirishga harakat qilishdi yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri bu haqda gapirishni istamasliklarini aytishdi. Ehtimol, ular bu haqda begonalar bilan gaplashmaslikni ma’qul ko‘rishadi yoki bu mavzuni qiyin yoki hatto butunlay tabu deb bilishadi. Savdo va mahalliy hayot haqida suhbatlar ancha oson.

Jarkent yaqinida makkajo‘xori ekilgan ko‘plab dalalar, hatto makkajo‘xori kraxmali, fruktoza siropi va chorva ozuqasi ishlab chiqaradigan zavod ham bor.

Shaharning asosiy diqqatga sazovor joyi, 19-asr oxirida mahalliy savdogar Vali Oxun Yo‘ldoshev buyurtmasi bilan xitoylik me’mor Xon Pika tomonidan qurilgan yog‘och masjid Xitoy bilan qo‘shnilikni eslatadi. Bino butunlay yog‘ochdan, hattoki xitoycha uslubda qurilgani, albatta, sayyohlar e’tiborini tortadi.

Masjidda o‘sha asrdan qolgan uy-ro‘zg‘or buyumlari: sovuq qurollar, qadimiy ko‘zalar, tangalar, zargarlik buyumlari, ot jabduqlari saqlanadigan kichik muzey ham bor.

Masjid yopilishidan sal oldin keldim, shekilli, uning yagona mehmoni o‘zim edim. Ammo muzey xodimlari “tunov kuni Parijdan bir fransuz keldi” deyishdi. Bundan oldin esa Singapur va Yaponiyadan sayyohlar kelgan ekan. Xitoylik sayyohlar ham ko‘p, deydi ayollar, lekin ular Jarkentga tranzit yo‘lda – Markaziy Osiyo bo‘ylab yirik turlar doirasida kelishadi, ularning yo‘nalishi odatda Charin kanoni, Olmaota, Turkiston, shuningdek, Qirg‘iziston va O‘zbekiston.

Mahalliy sayyohlar masjidga, asosan, «Xorgos» transchegaraviy hamkorlik bo‘yicha xalqaro markaziga shopingga borganlarida kelishadi.

«XORGOS» VA UNING ISTIQBOLI

Bojsiz savdo zonasini ko‘zda tutuvchi «Xorgos» transchegaraviy hamkorlik markazini yaratish to‘g‘risidagi bitim 2005-yilda Ostona va Pekin tomonidan imzolangan.

Xitoy tomonida qariyb yigirma yil davomida butun bir shahar paydo bo‘ldi: asfaltlangan yo‘llar va kiyim-kechak, poyabzal, maishiy texnika, tekstil mahsulotlari sotadigan ko‘plab butiklari bo‘lgan savdo markazlari. Qozog‘iston tomonida esa deyarli hech narsa yo‘q. Bir nechta do‘konlar – shirinliklar, asal va boshqa mahsulotlar.

Bu juda ajablanarli emas: xomashyoni sotish uchun butiklar deyarli kerak emas. Qozog‘iston Xitoyga asosan neft va neft mahsulotlari, tabiiy gaz, tozalangan mis, qimmatbaho metallar yetkazib beradi. Xitoydan trikotaj va to‘qimachilik mahsulotlari olib kelinmoqda, avtomobillar, kompyuter texnikasi, mobil telefonlar importi ortib bormoqda.

Eshak mingan erkak avtobus bekati yonidan o‘tib boryapti. Jetisu, Mart, 2024
Eshak mingan erkak avtobus bekati yonidan o‘tib boryapti. Jetisu, Mart, 2024

O‘tgan yili Qozog‘iston va Xitoy o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 31,5 milliard AQSH dollariga yetdi. Bu rekord ko‘rsatgich. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 24 milliard dollarni, 2021-yilda esa 18 milliard dollarni tashkil etgan edi. Aytgancha, Xitoy ikki yil ichida barcha Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aylanmasini sezilarli darajada oshirdi. Ayrim ekspertlar ta’kidlashicha tovar ayirboshlash o‘sishi Moskvaning Ukrainaga bostirib kirishi sababli G‘arb sanksiyalari ostida bo‘lgan Rossiyaga yuqori texnologiyali Xitoy mahsulotlari reeksport qilinishi bilan bog‘liq. Qozog‘iston hukumati esa Kremlga sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam bermayotganini aytdi, o‘zining yirik investori bo‘lmish Xitoy bilan hamkorlikni “barqaror taraqqiyotning uzoq muddatli lokomotivi” deb atadi.

Pekin Yevroosiyo va undan tashqarida ko‘plab infratuzilma loyihalari orqali Xitoy ta’sirini oshirish uchun "Bir makon va yo‘l" tashabbusiga milliardlab dollar sarfladi. Qozog‘istonning ushbu «makon»dagi roli ko‘p jihatdan mamlakatning geografik joylashuvi va transport salohiyati bilan bog‘liq edi. Temir yo‘l liniyalari Xitoydan Yevropaga ikki hafta ichida yuklarni yetkazib berish imkonini beradi. 2015-yilda Xitoy bilan chegarada “ Khorgos Gateway” quruqlik porti ochildi, u yerda yuklar qayta ishlanadi va saqlanadi.

Ammo xalqaro hamkorlik Xitoy bilan chegara yaqinida yashovchi oddiy odamlar hayotiga qanday ta’sir qilishini bilish uchun Xorgosga bordim.

“TAZA PASPORT”GA TALAB ORTMOQDA

Kuanish har kuni o‘zining eski Volkswagen Golf mashinasida odamlarni Xitoy bilan chegaraga va ortga tashish uchun Jarkent avtovokzaliga boradi. Bir tomonlama yo‘lkira har bir o‘rindiq uchun ming tenge. Kuanish past bo‘yli, qorachadan kelgan, yoshi 50 ga borgan, bir paytlar mexanik bo‘lib ishlagan, og‘ir yuk mashinalarini ta’mirlagan, hozir esa kirakash bo‘lib ishlaydi. U ishim vaqtinchalik va kelajakda yanada barqarorroq ish topaman deydi. "Pulni tejaysiz, tejaysiz, mashina buziladi va topganingiz uni ta’mirlashga ketadi", deb shikoyat qiladi taksi haydovchisi. Yo‘l-yo‘lakay yana ikki yo‘lovchi – Asemgul va Guljanni olvolamiz. Ular qo‘shimcha pul topish uchun Xorgosga borishgan.

Daromad turi juda oddiy: ayollar boshqa birovning tovarini o‘z nomlariga ro‘yxatdan o‘tkazishadi, keyinchalik ular Qozog‘istonga pochta orqali yuboriladi va xizmatlari uchun 10 ming tenge olishadi. Qozog‘istonliklar «Xorgos»dan har oy 31 kilogrammgacha bo‘lgan mahsulotni bojsiz olib chiqish huquqiga ega. Bundan boj to‘lashni istamaydigan va tovarni o‘z nomiga rasmiylashtirishi uchun odamlarga qo‘shimcha pul to‘laydigan tadbirkorlar faol foydalanmoqda.

Yo‘lda bir-biriga shunchalik yaqin joylashgan qishloqlardan o‘tamizki, biri qachon tugab, ikkinchisi boshlanganini sezmaysiz. Yana bir diqqatga sazovor joy – ayollar, bolalar, gullar, mevalar va oltinburgutlarning bareleflari bilan bezatilgan sovetcha bekatlar.

Biz «Xorgos»ga ketayotganimizda Asemgul va Guljan menga bojsiz zonada qayerdan va nima sotib olish va sotuvchilar bilan qanday savdolashish haqida layfxaklar aytishdi.

“Xitoylar qozoqchani ham, ruschani ham bilmaydi, shuning uchun ular bizning sotuvchilarimizdan birini yollashadi”, deydi Asemgul, biz shahardan chiqib ketayotganimizda. "U yerdagi sotuvchilarimiz nafaqat sotadi, balki o‘zlari ham narx belgilashadi." Masalan, xitoylik ming tengega mahsulot yetkazib beradi, bizniki esa uni bir yarim tengega sotadi. Shuning uchun, agar menga «Xorgos»da biror narsa yoqsa, avvalo narxini so‘rayman. Agar sotuvchi rus, qozoq yoki uyg‘ur tilini yaxshi bilsa, men undan mol olmayman, qimmatroq aytayotganini bilaman. Agar xitoylik odam u yerda turib, qog‘ozda narxni ko‘rsatsa-yu, lekin hech narsa deya olmasa, u bilan kelishsa bo‘ladi. Ming tenge desa ham 700 yoki 500 ga savdolashish mumkin.

Asemgul va Guljanning doimiy ish joyi bor, lekin pul yetishmaydi, shuning uchun har oyda bir marta Xorgosga borishadi.

“Tovarni ro‘yxatdan o‘tkazasiz, pulni olasiz, chekni berib, ketasiz, – deydi Guljan. – Tovarlar allaqachon ko‘rsatilgan manzilda, sizsiz qabul qilinadi. Ilgari siz o‘zingiz pochta bo‘limiga borishingiz, tovarni kutishingiz, ularni qabul qilishingiz kerak edi va bu juda ko‘p vaqt olardi.»

Mahalliy aholi bunday vositachilik xizmatlaridan qancha daromad olishini aytish qiyin. Yuqori inflyatsiyani hisobga olsak, ko‘p emas. Hamrohlarim narxlardan shikoyat qilishdi, ular Olmaotada oziq-ovqat arzonroq va katta shaharga ko‘chgan yaxshiroq deb aytishadi, lekin u yerda uylari yo‘q, kvartira ijarasi juda qimmat.

“Xitoy bizga yaqin bo‘lishiga qaramay, barcha Xitoy tovarlari avval Olmaotaga, keyin esa Jarkentga yetkaziladi, – deya davom etadi Guljan. – Qo‘l yukingizni o‘zingiz olib qo‘ysangiz, gap yo‘q, arzonroq bo‘ladi, Xitoydan olib kelingan meva-sabzavotlar esa avvalo Olmaotada tugaydi. Men qandaydir tarzda narxlarni solishtirishga qaror qildim. Agar o‘sha paytda Jarkentda bodringning bir kilogrammi 200 tenge bo‘lgan bo‘lsa, Olmaotada 50 tengega tushgan.

Jarkentdan «Xorgos»gacha 30 kilometr chiqadi. Taksi haydovchilari odamlarni nazorat-o‘tkazish punktiga olib kelishadi, u yerda odamlar transchegaraviy hamkorlik markaziga borish uchun chipta sotib olishadi. Bunday chipta uch ming tenge turadi, kassada uzun navbat bor, ammo jarayon tez. Bundan tashqari, olti minglik VIP chiptalar bor, ularni navbatsiz sotib olishingiz mumkin, ammo ularning oddiy chiptalardan nimasi bilan farq qilishini hech kim menga tushuntira olmadi.

Chipta sotib olgandan so‘ng, odamlar bojxona nazorati binosiga boradi, u yerda yana navbat bor: hujjatlarni tekshirishadi, sumkalarni ko‘zdan kechirishadi, chiptaga muhr bosishadi. Binoda suratga olish qat’iyan man etiladi, bu haqda chegara qo‘shinlari xodimi telefonim kamerasini yoqib qo‘yganimni payqagach, darhol ogohlantirdi.

Kichik avtobuslar bojxonadan “Xorgos”ga va ortga qatnaydi. 10 daqiqa yurgach, biz o‘zimizni savdo markazlari va sumkalar va aravalar bilan gavjum odamlar orasida ko‘ramiz.

19-asrda Xitoy uslubida qurilgan masjid. Jarkent, Jetisu viloyati. 19-mart, 2024
19-asrda Xitoy uslubida qurilgan masjid. Jarkent, Jetisu viloyati. 19-mart, 2024

Savdo markazlari bir-biriga o‘xshash: eshiklarda arqonlarga osilgan matrasni eslatuvchi juda qalin mato pardalar bor, kiraverishda qayerdan qanday tovarlarni topish mumkinligini ko‘rsatadigan belgi bor.

Aksariyat tovarlar assortimenti va sifati shahar bozorlaridagi iste’mol tovarlaridan unchalik farq qilmaydi. Ular asosan poyabzal, kiyim-kechak va choyshablar. Ko‘pchilik bu yerga mo‘ynali kiyimlar, avtomobil qismlari va avtomobil shinalari uchun keladi. Tanlov keng, lekin sifatlisini topish uchun ko‘p vaqt sarflashingiz kerak bo‘ladi, ayniqsa, birinchi marta kelgan bo‘lsangiz.

Odamlar savdo markazlariga kiraverishda turib, qozoq tilida “taza pasport, taza pasport” deb tinmay takrorlashmoqda. Ular 31 kilogramm boj olinmaydigan tovarlarni o‘z nomiga ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin bo‘lgan odamlarni qidirayotgan tadbirkorlar yoki ularning vositachilaridir. Mening hamrohlarim Guljon va Asemgul darhol ulardan biriga yaqinlashib, yukni rasmiylashtirish bo‘yicha kelishib olishdi va pochta bo‘limiga qarab ketishdi.

"Kiring, nima kerak, oling, – deydi xitoylik sotuvchi ayol, bolalar kiyimi solingan vitrinaga qaraganimni ko‘rib. – Menda hammasi sifatli».

«Anchadan beri shu yerda ishlaysizmi? Ilgari Qozog‘istonda bo‘lganmisiz?

"Qozog‘istonda bo‘lmaganmiz, sayyoh emasmiz, savdogarmiz, – deb jilmaydi ayol. – Sakkiz yildan beri shu yerda ishlayman, mahsulotdan hech kim shikoyat qilmagan, hamma maqtayapti. Sizda o‘g‘ilmi? Qizmi? Yosh nechchida? Nima kerak bo‘lsa, bari topiladi.»

Masjidning ichki ko‘rinishi. Jarkent, Jetisu viloyati, 19-mart, 2024
Masjidning ichki ko‘rinishi. Jarkent, Jetisu viloyati, 19-mart, 2024

Savdo markazlarida haqiqatan ham tanlov juda katta, ammo sotuvchilar bilan gaplashish deyarli imkonsiz. Ba’zi odamlar e’tiborni jalb qilmaslik uchun kameraga beparvo qaraydi, boshqalarga ortiqcha savollar yoqmaydi.

Notanish Xitoy brendlaridagi dazmollar, changyutgichlar va choynaklar sotiladigan savdo maydonchalaridan birida bir sotuvchi bilan gaplashib qoldim, taxminan 30 yoshlardagi ayol. Ma’lum bo‘lishicha, Jarkentda yashaydi, «Xorgos»ga ishlagani keladi. Uning aytishicha, istasangiz, Xorgosda ish topishingiz mumkin, lekin hamma ham sotuvchi bo‘lavermaydi: tez hisoblay olish, xaridor bilan tillasha olish, mahsulotni maqtay olish, qozoqcha, ruscha va uyg‘urcha ravon gapira olish kerak. Shunda ish topiladi. Ish haqi daromadga bog‘liq: "qancha ko‘p sotsangiz, shuncha ko‘p olasiz". Ayol maoshi qanchaligini aytmaydi va "yashashga yetadi, baribir boshqa ish topolmayman" deydi.

Jarkentliklar bilan deyarli har suhbatda ish, to‘g‘rirog‘i, ishsizlik mavzusi ochiladi. Agar keksa aholi mahalliy hayot sharoitiga moslashsa, chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullansa, yoshlar pul topish imkoniyati kattaroq bo‘lgan Olmaota, Taldiqo‘rg‘on va boshqa yirik shaharlarga ketadi.

Qozog‘istonga har kuni Xitoydan yuk ortilgan furalar kirib keladi. Temir yo‘lda uzun poyezdlar bor. Milliardlab va millionlab dollar aylanadi. Mahalliy aholi – taksi haydovchilari va vositachilarga arzimagan ulush qoladi.

«Xorgoz»dan avtobus bekatiga pochta bo‘limi orqali qaytdim, u yerda odamlar kiyim-kechak, poyabzal va maishiy texnika solingan katta sumka va qutilar bilan navbat kutib turishardi. Qo‘l yukiga besh kilogrammgacha yuk olishingiz mumkin. Tarozilar to‘g‘ridan to‘g‘ri bekatda, avtobus oldida joylashtirilgan. Qalin qora soqolli odam paketlarni o‘lchab, odamlarni avtobusga o‘tkazadi, yuk og‘irligi ustida kim bilandir janjallashib qoladi, lekin baribir ularni o‘tkazib yuboradi. Qaytishda ham xuddi shunday bojxona nazorati mavjud: yukxona va hujjatlar tekshiriladi.

Ostona va Pekin o‘rtasidagi tovar ayirboshlash o‘sib borayotganiga qaraganda – Xitoy Qozog‘istonning eng yirik savdo sherigiga aylanib, Rossiyani ikkinchi o‘ringa siqib chiqardi – ikki davlat hukumatlari «Xorgos»ni yanada rivojlantirish bo‘yicha katta rejalar tuzgan. Nima uchun savdo rivoji Xitoy bilan chegaradosh mintaqa aholisi daromadini unchalik oshirmayapti, bu alohida savolni men moliyachi Rasul Rismambetovga berdim.

«Xorgos» butun Qozog‘iston uchun transchegaraviy hamkorlik markazidir. Bu chegara hududini rivojlantirish uchun o‘ylab topilmagan, – deb tushuntiradi ekspert. – Uzoq vaqt davomida u hukumatga bo‘ysungan va yaqinda u Jetisu viloyatiga o‘tkazildi. Hozir ular u yerda asosan yuklarga mo‘ljallangan yuk aerodromi qurmoqchi. U mahalliy aholi bandligiga ta’sir qilishi mumkin.

Мирзиёев Сианда. Хитой ва Россия сиам эгизакларми?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:22 0:00

Joriy yil martida OAV transchegaraviy hamkorlik xalqaro markazi hududida 50 ming tonnagacha yuk va soatiga 500 afargacha yo‘lovchi o‘tkazish nazorat o‘tkazish punkti bo‘lgan aeroportini qurish niyatida ekanliklarini yozgan edi. Loyiha qiymati 250 milliard tengega baholanmoqda. U tugallanadimi yoki yo‘q, noma’lum. Rejalarga ko‘ra, u 2027-yilda ishga tushirilishi va 2032-yilda yakunlanishi kerak.

“Chegaraviy savdo zonalarining, shu jumladan, «Xorgos»ning kamchiligi shundaki, u oz xususiy tashabbus va ko‘proq davlat budjeti asosida qurilgan, – deydi Rismambetov. – Umuman olganda, transchegaraviy tijoriy hamkorlik markazlarida davlat roli minimal bo‘lishi kerak, chunki xususiy tadbirkorlarning hammasi ham davlat hamkori bo‘lishni xohlamaydi. Agar bu xususiy tashabbus bo‘lsa, u yerga xususiy mulkdorlar albatta keladi. Shuni ham ta’kidlash joizki, «Xorgos» qishloq xo‘jaligi zonasida joylashgan bo‘lib, agar biz xitoyliklar bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bo‘yicha kelishuvga erishsak, mahalliy aholi faollashishi mumkin.

Jarkent shahri yaqinida bahorgi dala ishlariga hozirlik ko‘rilmoqda. Ekin maydonlari ufq ortidagi tog‘largacha cho‘zilgan.

Uch soatdan ortiq yo‘l yurib Olmaotaga kiramiz. Shahar xuddi o‘sha Xitoy iste’mol tovarlari sotiladigan bozorlardan boshlanadi.

XS
SM
MD
LG