Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:55

Xo‘janddagi Chinatown: Xitoylik investorga ishonib uyi buzilgan 30 oila ko‘chada qoldi


Yangi xonadonlarni kutayotgan 300 dan ziyod odam ijara uylarda yoki qarindoshlarnikida yashamoqda. Tojikiston, Xo‘jand, 2021
Yangi xonadonlarni kutayotgan 300 dan ziyod odam ijara uylarda yoki qarindoshlarnikida yashamoqda. Tojikiston, Xo‘jand, 2021

Tojikistonning Xo‘jand shahri rasmiylari va xitoylik investorlar Chinatown – Xitoy kvartali deb nomlangan ulkan turar-joy va dam olish majmuasini qurish to‘g‘risida bitim imzolagani ortidan 2015 - yilning avgustida Sirdaryo bo‘yida joylashgan 30 dan ortiq uy buzib tashlangandi.

Mahalliy aholiga yangi tumanda quriladigan ilk imoratlarda yangi uylar berilishi va’da qilingandi. Rasmiylar ilk uylar bir yil ichida qurib bitkazilishini aytishgandi.

Ulkan loyiha doirasida 1200 ta kvartiradan iborat 15 ta turar-joy binosi, to‘rt qavatli maktab, avtoturargoh va qator do‘kon va restoranlar qurilishi kerak edi.

Dam olish maskanlarini ham o‘z ichiga olishi kerak bo‘lgan loyiha 2020 - yilda yakunlashi kerak edi.

Ammo unday bo‘lmadi.

Loyihaga rasmiy start berilganidan olti yil o‘tsa hamki, yangi kvartiralarni kutayotgan 300 dan ziyod odam ijara uylarda yoki qarindoshlarnikida yashamoqda.

Xo‘jand shahri rasmiylarining aytishicha, xitoylik sarmoyadorlar tanlangan yer daryoga yaqinligi sababli katta qurilish loyihasi uchun mos emasligidan shikoyat qilib, 2018 - yilda loyihani to‘xtatgan.

Nima uchun bu muhim masala avvalroq ko‘rib chiqilmagani noma’lum.

Loyihani qurishga mas’ul bo‘lgan Xitoyning “Husnoro-1” kompaniyasi rasmiylari loyihani tark etganidan beri ochiq-oydin izoh bergani yo‘q.

Xavotirga tushgan aholi aniqlik kiritishni talab qilib shahar hokimiyatiga bir necha marta murojaat qildi.

2016 va 2018 - yillarda Xo‘jand rasmiylari va xitoylik sarmoyadorlar bilan bir necha uchrashuv o‘tkazildi. Tojikiston rasmiylari Chinatown loyihasi ba’zi kutilmagan kechikishlarga qaramay, o‘z kuchida ekanini aytib, odamlarni tinchlantirishga harakat qilishdi.

Shahar hokimiyati uch yil oldin xitoylik sarmoyadorlar loyihadan voz kechganini tan oldi. Ammo rasmiylar aslida nima bo‘lgani yoki kim aybdor ekani haqida batafsil ma’lumot bermadilar.

Ular yangi uylar hozir bo‘lguniga qadar uysiz qolgan oilalarni ijara uy bilan ta’minlashni va’da qildilar.

2020 - yil avgust oyida mahalliy hukumat loyiha tufayli uyidan ayrilgan oilalarni uy bilan ta’minlash uchun shaharning boshqa qismida yangi kvartiralar qurilayotganini e’lon qildi.

Oilalarga Yangi yilni Xo‘jandning 18-mavzesidagi yangi kvartiralarda kutib olishlari aytildi. Ammo bu ham amalga oshmadi.

2021 - yilning fevral oyida shahar hokimligi oilalar Navro‘zga qadar to‘qqiz qavatli majmuadagi yangi uylariga ko‘chib o‘tishlarini aytdi.

Bu muddat ham o‘tdi. Loyiha tufayli uyidan ayrilganlar hanuz uysiz yashamoqda.

Endilikda shahar rasmiylari kechikishlar uchun oilalar qisman aybdor ekanini aytishmoqda.

13 - aprel kuni Xo‘jand shahri hukumati matbuot kotibi Maamur Yusufzod:

“Ular birinchi qavatdagi kvartiralarni xohlamaydilar. Shuningdek, yuqori qavatlardagi xonadonlar ularga yoqmaydi”, dedi.

Yusufzodning aytishicha, rasmiylar yangi kvartiralarni lotereya yordamida tanlab, oilalarga taqsimlashga qaror qilishgan.

Bu orada qurilish maydonchasi axlatxonaga aylandi va Xitoy kvartali loyihasi rasman yopildi.

Xo‘jand shahar hokimiyati endilikda mahalliy sarmoyadorlar ko‘magi bilan Khujand City deb nomlanuvchi yangi turar-joy majmuasini qurishni va’da qilmoqda. Yangi majmua Xitoy kvartali qurilishi kerak bo‘lgan joydan atigi 100 metr narida barpo etiladi.

XS
SM
MD
LG