Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 03:13

Jalolobodlik Xolmirzayevning qotillariga jinoiy ish ochildi


Kyrgyzstan -- Soldiers and policemen patrol streets during curfew hours in Osh, 21Jun2010
Kyrgyzstan -- Soldiers and policemen patrol streets during curfew hours in Osh, 21Jun2010
Bozorqo‘rg‘on tuman prokuraturasi militsiya xodimlari tomonidan kaltaklangan Usmonjon Xolmirzayevning o‘limi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘adi.

Bu ma‘lumotni Ozodlikka Qirg‘iziston Bosh prokuroturasi matbuot kotibi Talant Qo‘no‘qbayev tasdiqladi.

Uning aytishicha, 7 avgust kuni Bozorqo‘rg‘on tuman militsiya bo‘limida kaltaklangan va 9 avgust kuni tuman kasalxonasida joni uzilgan asli bozorqo‘rg‘onlik, ayni paytda Rossiya fuqarosi bo‘lgan Usmonjon Xolmirzayev o‘limi yuzasidan Bozorqo‘rg‘on tuman prokuraturasi Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 104-moddasi 4-bandi (Qasddan og‘ir tan jarohati yetkazganlik) va 305-moddasi (xizmat vakolatlarini suiiste‘mol qilganlik) bo‘yicha jinoiy ish ochgan.

Eslatib o‘tamiz, Usmonjon Xolmirzayevni 7 avgust kuni soat 16 lar chamasi fuqarolik kiyimidagi odamlar uyidan chaqirib olib ketishgan. Soat kechki 7 da u Bozorqo‘rg‘on tuman ichki ishlar bo‘limidan o‘z yaqinlariga telefon qilib, militsiya idorasiga 30 ming so‘m (taqriban 680 AQSh dollari – tahr.) miqdorida pul olib kelishni aytgan. Yaqinlari aytilgan mablag‘ni militsiya idorasiga olib kelib, Usmonjon Xolmirzayevni uyga olib ketishgan. Uyga ketar chog‘i Xolmirzayev yaqinlariga militsiya idorasida ushlab turilgan paytda qattiq kaltaklanganini aytgan. 9 avgust kuni esa u olingan tan jarohatlari natijasida Bozorqo‘rg‘on tuman kasalxonasida olamdan o‘tgan.

- Skritiya (jasadni yorish demoqchi – tahr.) natijasi tizzasi bilan ustiga sakraganda oldi to‘sh suyagi sinib, oskolkalari (suyak siniqlari demoqchi – tahr.) yuragiga kirib ketganini ko‘rsatdi. Ekspertlar: “Yuragiga suyak kirib ketgan”, deb taxminiy xulosa chiqarishdi, - deydi voqeani o‘rganayotgan huquq faoli Gullola Tashkenova.

Usmonjon Xolmirzayev Rossiya fuqarosi bo‘lgani uchun uning yaqinlari talabi bilan 9 avgust kuni jasadni sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tkazish jarayonida Rossiyaning O‘shdagi konsulligi rasmiysi Ayrat Abdulin ham ishtirok etdi.

Ozodlik bilan suhbat chog‘ida janob Abdulin Rossiya konsulligi Qirg‘iziston kuch tizimlaridan voqea aybdorlari topilishini talab qilishini aytarkan, hozirda hamma tibbiy ekspertizaning yakuniy xulosalarini kutayotganini qayd etdi.

- Biz natijalar uning yaqinlari kutayotganday bo‘lmay qolishidan qo‘rqayapmiz. Natijalar o‘zgarib qolishi mumkin. Shuning uchun biz natijalarni kutamiz, keyin ish olib boramiz. Hozirda biz tuman va viloyat prokuraturalariga mazkur holat yuzasidan murojaat qilganmiz, - dedi Rossiya konsulligi vakili Ayrat Abdulin.

Qayd etish joizki, marhum Usmonjon Xolmirzayev o‘zbek millatiga, uni kattaklagan militsiya xodimlari esa qirg‘iz millatiga mansub bo‘lgan. Shu sababli Bozorqo‘rg‘on tuman hokimiyati mazkur voqeaga milliy tus berilishining oldini olish maqsadida 10 avgust kuni yig‘ilish o‘tkazdi:

- Kecha dafn marosimida ishtirok etdik. Ota-onasi bilan gaplashdik. Bugun o‘zbek-qirg‘iz aralash katta yig‘in o‘tkazdik. Mazkur voqeada hech qanday milliy nizo yo‘q. Biz qirg‘izistonlikmiz, qonun barchamizga barobar. Yig‘inda, agar gunohi bo‘lsa, har bir inson jazosini olishi kerakligi aytildi, - deydi Bozorqo‘rg‘on tuman hokimi Qubatbek Artiqov.

Unga ko‘ra, bugungi yig‘ilishda bundan buyon militsiya xodimlari odamlarni faqat chaqiruv qog‘ozi bilan yo‘qlashi shartligi to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Qubatbek Artiqovning ta‘kidlashicha, Usmonjon Xolmirzayev o‘limidan avval uni ko‘rgani uyiga kelgan Bozorqo‘rqon qishloq hukumati raisi Abdiqadir Jo‘lchiyevga o‘zining kaltaklanganini aytgan, biroq hech kimdan da‘vo qilmasligini ham qo‘shimcha qilgan.

Biroq Usmonjon Xolmirzayevning turmush o‘rtog‘i Zulfiya opa erini kaltaklab o‘ldirgan shaxslar jazosiz qolishini istamaydi.

- Men militsiya xodimlarini otib, osib berishini talab qilaman, eng oliy jazo berishini xohlayman. Imkoni bo‘lsa, ularni umrbod qamashsin. Bir odam begunoh o‘lib ketavyeradimi? Unaqa odamdan qanchasi o‘lib ketyapti. Buning oxiri bo‘lishi kerak-ku, aybi o‘zbek bo‘lganimi? - deydi Zulfiya opa.

Qirg‘iz matbuotining xabar qilishicha, hozirda Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi Ichki xavfsizlik xizmati ham Rossiya fuqarosining militsiya xodimlari tomonidan kaltaklanish holati yuzasidan o‘z xizmat tekshiruvini boshlagan.
XS
SM
MD
LG