Линклар

Шошилинч хабар
17 феврал 2025, Тошкент вақти: 09:52

Xonadonlar tomining kamida yarmi quyosh paneli bilan qoplanadi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

O‘zbekistonda ikki yil ichida 3 mingga yaqin kichik gidroelektrostansiya qurish, aholi va xo‘jalik subyektlarining kamida 50 foiz tomlarini quyosh paneli bilan qoplash rejalashtirilmoqda.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “O‘zbekiston 24” telekanaliga intervyuda ma’lum qilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili”ning davlat dasturi loyihasi yuzasidan yig‘ilishda ana shunday topshiriq berilgan.

Vazirga ko‘ra, 3,5 ming megavatt yangi generatsiya quvvatlariga qo‘shimcha ravishda 1 ming megavatt energetika quvvatlarini yaratish, iste’mol qilinayotgan elektr energiyasi, tabiiy gaz va boshqa issiqlik manbalarini tejash ham buyurilgan.

“Selektor majlisida 2025-yil davomida davlat dasturi doirasida bajariladigan ishlar bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Jumladan, yashil energiya ulushini oshirish, yashil energiyani barcha tarmoqlarda, barcha sohalarda xonadonlargacha joriy qilish, buni maksimal ravishda qo‘llab quvvatlash, tarmoqqa ulash va aholi tomonidan ortiqcha ishlab chiqarilgan energiyani sotib olish uqtirildi”, degan Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Hukumat mulozimi quyosh panellari o‘rnatish dasturining moliyalashtirish manbalariga aniqlik kiritmagan.

Ushbu xabar ortidan ijtimoiy tarmoqlarda aholi va tadbirkorlarni yana quyosh paneli o‘rnatishga majburlash kampaniyasi boshlanishi haqida xavotirli fikrlar tarqaldi.

Mahalliy matbuot 2025-yilning birinchi kunidanoq quyosh panellari importiga taqiq kuchga kirgani haqida xabar bergandi. Iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov buni mamlakat iqtisodiyoti uchun “yashillik va samaradorlik prinsiplaridan oligarxik to‘dalarning tor manfaatlari ustun qo‘yilgan”iga yo‘ygan.

2024-yilning kuz oylarida ham O‘zbekistonda tadbirkorlar quyosh paneli o‘rnatishga majburlanayotgani xususidagi xabar tarqalgan, Energetika vazirligi esa uni rad etib chiqqan edi.

O‘zbekistonliklar quyosh panellari o‘rnatishga majburlanayotgani mavzusi avvalroq Ozodlikda bir necha bor yoritilgan.

Quyosh panellarining tender savdosida bir qator shubhali holatlar ham aniqlangan.

XS
SM
MD
LG