Линклар

Шошилинч хабар
17 сентябр 2021, Тошкент вақти: 22:11

Xorazmlik fermerlar tomchilab sug‘orish quvurlarini sotib olishga majburlanmoqda


Tomchilatib sug‘orilayotgan paxta dalasi

Butun O‘zbekiston bo‘ylab qishloq xo‘jaligi ekinlarini tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilingani suv zahiralari kam mamlakatlar uchun suv tejashning eng samarali usuli o‘laroq ko‘riladi.

Ayni paytda tomchilatib sug‘orishda mintaqaviy omillar hisobga olinmagani bois muammolar paydo bo‘lmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan Xorazm viloyati Urganch¸ Yangibozor va Shovot tumanidagi fermerlar tomchilab sug‘orish quvurlarini sotib olishga majburlanganligini aytishdi.

Quvurlar kun tig‘ida tez ishdan chiqmoqda
Quvurlar kun tig‘ida tez ishdan chiqmoqda

Shovotlik fermerning Ozodlikka aytishicha tomchilab sug‘orish tizimi asosiy suv sho‘r yuvishga ketadigan Xorazm viloyatida samara bermayotgani va o‘ta qimmatligini ta’kidladi:

“Bir gektar paxtani sug‘orish uchun o‘rtacha 9 ming kubometr suv ketadi. Shundan 6 ming kubometri sho‘r yuvishga sarf bo‘ladi. Paxta vegetatsiyasi uchun 4 ming kubometr suv qoladi. Qurg‘oqchilik va umuman viloyatdagi sharoitga ko‘ra suv doimo bo‘lmaydi. Shu bois suv rezervuari doimo to‘la bo‘lmaydi. Tomchilab sug‘oradigan quvurlar ichidan muntazam suv o‘tmasa quvur quyosh tig‘ida tezda ishdan chiqib ketyapti. Xorazm viloyat hokimi Farhod Ermonov esa qimmatga tushsa ham har bir fermer 20 foiz ekinni tomchilab sug‘orishi shart deb majburlab bizga sug‘orish quvurlarini sotib olinng deb turibdi”

Suhbatdoshga ko‘ra¸ bir gektar yer uchun 25 million so‘mga tomchilab sug‘orish tizimini sotib olgan:

“Quvurlarni har yili olish kerak. Rezervuar va xovuzlar ham doimiy harajat bo‘lyapti. Oqibatda paxta yetishtirish nevigodno bo‘lib qolyapti.”

Tomchilatib sug‘orish uskunasi
Tomchilatib sug‘orish uskunasi

Yangibozorlik fermer esa surunkali suv bo‘lmagani bois katta harajat qilingan quvurlar tizimi ishdan chiqqanidan nolidi.

Ozodlik suhbatlashgan fermerlar Xorazm viloyati misolida tomchilatib sug‘orish usuli samarasiz bo‘lib chiqqani va qimmatga tushganidan nolishdi:

Urganch tumanida yashovchi fermer Ozodlikka tomchilab sug‘orish tizimi aks etgan suratlarni jo‘natdi va har qanday yaxshi tizim mahalliy sharoitga moslashishi zarurligini urg‘uladi:

“ Narxi ancha qimmatga tushdi. Chunki, ushbu usul uchun kerakli maxsus quvurlarning narxi yuksak ammo sifati nochor. Hokimning buyrug‘ini bajarib tomchilatib sug‘orib hosilni yetishtirish uchun ketgan mehnat va xarajatni qoplamadi.”

Fermerlar ishlatayotgan quvurlar bir yilga bormay ishdan chiqmoqda
Fermerlar ishlatayotgan quvurlar bir yilga bormay ishdan chiqmoqda

Ozodlik bu iddaolar ortidan Xorazm viloyati hokimligi va Qishloq xo‘jalik vazirligi mulozimlari bilan suhbatlashdi. Mulozimlar “tomchilab sug‘orish haqidagi hukumat qaroriga muvofiq har bir fermer kamida 20 foiz yer maydonini tomchilatib sug‘orishi shart ekanligini aytishdi.

Qishloq xo‘jalik vazirligining o‘zini shu sohaga mas’ul ekanligini aytgan mulozimiga ko‘ra¸ tomchilab sug‘orishni yo‘lga qo‘ygan fermerlar davlat himoyasiga olingan:

“mazkur usul mablag‘talab ekani bois paxta xom ashyosi yetishtirish uchun tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplashga subsidiyalar ajratilgan .”

Mulozimga ko‘ra¸ O‘zbekiston prezidentining «Qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2019 - yil 25 - oktabrdagi PQ-4499-son qarorida tomchilab sug‘orishni joriy qilgan fermerlarga moddiy ko‘mak berilishi kafolatlangan.

Vazirlik mulozimiga ko‘ra tomchilab sug‘orish tizimi uchun zarur uskunalarning aksari O‘zbekistonda ishlab chiqarilmoqda.

Toshkent tumanining Hasanboy qo‘rg‘onida joylashgan shirkatda tomchilab sug‘orish uchun maxsus politilen quvur ishlab chiqaradi. Shirkat vakiliga ko‘ra¸ quvurlar sifatiga ko‘ra bir yillik 3 yillik va 5 yillik kafolat bilan sotiladi. Quvurlar ezilmasligi va doimo ichida suv bo‘lishi uzlarning umrini yana uzaytirishini ham shirkat vakili ta’kidladi.

Qishloq xo‘jaligi va O‘zbekistonda cho‘llashish haqida ilmiy ish yozayotgan tadqiqodchi Umar Nizomiddinov Ozodlik bilan suhbatda “qimmat texnologiyalar¸ xususan tomchilab sug‘orish tizimi uzoq istiqbolda foyda keltirishini aytdi:

“Xorazmlik fermerlar aytgan bitta gap to‘g‘ri. Tomchilatib sug‘orish bilan yer sho‘rini yuvib bo‘lmaydi. Sho‘r yuvish tizimi keyingi yuz yilda o‘zgarmay turibdi. Sho‘r ko‘llatib sug‘orish bilan yuviladi. Ularning ikinchi e’tirozi ham qisman to‘g‘ri. Fermerlar ekinlar uchun tomchilatib sug‘orishga ketgan xarajatlar o‘zini bir yoki ikki yilda qoplamasligi mumkin. Ammo o‘n yillik istiqbolda bu o‘zini oqlaydi. Xorazm viloyati kabi yeri quruq va xavosi issiq regionda tomchilatib sug‘orish sistemasi bilan ulkan miqdordagi suvni tejaysiz. Yaqin sharqdagi Isroil¸ Eron va Turkiya kabi davlatlarda tomchilatib sug‘orish yordamida meva-sabzavot ishlab chiqarish yetmish foizgacha ko‘paygan.”

Soha mutaxassisi Nizomiddinov O‘zbekistondagi turli regionlarga xos hususiyatlar inobatga olingan xolda tomchilab sug‘orishning turli metodlari joriy qilinganligini aytadi:

“Xorazmdagi issiq sharoitda quvurlarni yerga ko‘mish foydali bo‘ladi va tomchilar bug‘lanmay ekin tomiriga to‘g‘ri boradi. Quvurning ham umri uzayadi. Shuningdek boshqa xududlarda yomg‘irlatib, va egiluvchan quvurlar yordamida nuqtali nishon usulida ham sug‘orish samara beradi. Har bir fermer o‘z yeriga hos xususiyatlardan kelib chiqib bu usullardan birini tanlashi kerak. Markaziy Osiyoda suv zahiralari cheklangan. Bizda oldingi kabi ko‘llatib sug‘orish lyuksi yo‘q. Butun mamlakat yaqin istiqbolda tomchilab sug‘orish tizimiga o‘tishi shart. Boshqa yo‘li yo‘q.”

Suhbatdosh tomchilatib sug‘orishda suv tejalishi bilan birgalikda xosildorlik oshishiga ham e’tibor qaratdi:

"Tomchilatib sug‘orishni boshqa sug‘orish usullaridan farqi shundaki, suv ekinning ehtiyojiga mos ravishda dala bo‘ylab bir tekisda beriladi. Dalaning ekin joylashgan joylari bir xilda namlanadi. Tuproqda ortiqcha namlik yuzaga kelmaydi.Egatlab sug‘orilganda tuproqda namlik keragidan ortib ketadi va ekin suvga bo‘kadi, sug‘orishlar orasida esa tuproq qurib,o‘simlik suvsiz qoladi. Natijada o‘simlik o‘z energiyasini shu holatlarni yengishga sarflaydi.”

Tomchilatib sug‘orishda esa ekin ildiz qatlamining namligi bir xilda ushlab turiladi va ekin hamma energiyasini o‘z hosilini yaratishga sarflaydi.

2019 - yilning 12 - avgustda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan ishlab chiqaruvchilarning tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish asosidagi suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishga ketgan xarajatlarini qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan edi.

Hujjatda “tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan 1 gektar maydon uchun bir martalik 6 million so‘mdan oshmaydigan miqdorda;maydoni 35 gektardan ziyod bog‘larda suv chiqarish uchun burg‘ulangan quduqni, shuningdek, daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suv tortish uchun nasos stansiyasini qurishga 120 million so‘mdan oshmaydigan miqdorda” davlat subsidiyasi berilishi” ta’kidlangan edi.

Buxoro viloyatidagi suv nasosi
Buxoro viloyatidagi suv nasosi

XS
SM
MD
LG