Линклар

Шошилинч хабар
23 январ 2025, Тошкент вақти: 18:18

Xususiy bog‘cha va maktablar soliqlardan ozod qilinadi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

O‘zbekistondagi nodavlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari 2030-yil 1-yanvariga qadar barcha turdagi soliq (bundan ijtimoiy soliq mustasno) va yig‘imlardan ozod qilinadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-noyabr kuni imzolagan “Ta’lim sohasida xususiy sektor ishtirokini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorda shu kabi imtiyozlar belgilangan.

Jumladan, nodavlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan chet ellik o‘qituvchi va mutaxassislar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq to‘lamaydi.

Shuningdek, xususiy bog‘cha va maktablarning chetdan keltirgan zamonaviy o‘quv va laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi va dasturiy mahsulotlari, o‘quv va ilmiy-metodik adabiyotlari, anjomlar va moddiy-texnik resurslari uchun bojxona to‘lovlari olinmaydi (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno).

2025-yil 1-yanvaridan e’tiboran quyidagi yengilliklar ham joriy etilmoqda:

• nodavlat ta’lim tashkilotlariga doimiy jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga “A-2” o‘qituvchilar kirish vizalarini berish yo‘lga qo‘yiladi;

• xorijdan jalb qilingan mutaxassislarga mehnat qilish huquqini beruvchi tasdiqnoma berish yig‘im miqdori BHMning 30 baravaridan 1 baravarigacha kamaytiriladi;

• nodavlat maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarining rahbar va pedagog xodimlari malakasini oshirishni davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirish tartibi joriy etiladi.

Mas’ul vazirliklarga bir oy muddatda nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslarga mazkur qarorda nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini taqdim etish bo‘yicha qonun loyihasini tayyorlash yuklangan.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda aholi o‘sishi tufayli maktablarda yiliga 120 mingta, bog‘chalarda esa 30 mingta qo‘shimcha o‘ringa talab yuzaga kelmoqda.

2025-yili byudjetdan ajratiladigan 3 trillion 200 milliard so‘m hisobidan 375 ta maktab va 97 ta bog‘cha rekonstruksiya qilinishi va yangilari qurilishi ma’lum qilingan.

Bundan tashqari, Islom taraqqiyot banki va OPЕK jamg‘armasining 50 million dollar mablag‘i doirasida keyingi 4 yilda 200 ta xususiy bog‘cha qurilishi rejalashtirilgan.

XS
SM
MD
LG