Линклар

Шошилинч хабар
05 декабр 2022, Тошкент вақти: 19:04

Yadroviy shantaj. Putin AQShni qo‘rqita olmadi


Rossiya, Putin, yadro quroli. Kollaj.

Vladimir Putin Rossiyada qisman harbiy safarbarlik e’lon qilishi va yadroviy qurolni qo‘llash bilan ochiqcha tahdid qilishi AQSh matbuotida qariyb yakdil aks-sado berdi: bu Ukrainaga bostirib kirgan Rossiya armiyasining ahvoli juda tangligi belgisidir.

“Putin noilojlikdan Ukrainadagi vaziyatni keskinlashtirishga urinmoqda”, deb yozdi Wall Street Journal. “Putinning zo‘raki dag‘dag‘asiga uchmang! Rossiya yutqazyapti”, deya jo‘r bo‘ldi Washington Post. “Putinning yangi qarori uning ojizligidan darakdir”, deya xulosa qildi Newsday.

Rossiya prezidenti yadro qurolini ishga solish bilan tahdid qilib, qo‘rquv uyg‘otishni ko‘zlagan bo‘lsa, niyatiga yetolmadi. Uning chiqishi AQShda o‘zga hislarni uyg‘otdi. AQSh prezidenti Jo Bayden Vladimir Putinning rossiyaliklarga murojaatidan atigi bir necha soat o‘tib BMT Bosh assambleyasi sessiyasida nutq so‘zlarkan, “yadro qurolini qo‘llash bilan mas’uliyatsizlarcha tahdid”ni qoraladi.

“Yadroviy urushda g‘olib bo‘lmaydi”, dedi prezident Bayden Rossiyaning Ukrainaga bosqinini “BMT Nizomining o‘ta jiddiy buzilishi” deb atar ekan.

AQSh prezidenti Jo Bayden BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida Putinning yadroviy tahdidlarini qoraladi. BMT, 21-sentabr, 2022.
AQSh prezidenti Jo Bayden BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida Putinning yadroviy tahdidlarini qoraladi. BMT, 21-sentabr, 2022.

AQSh Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Jon Kirbi esa bu Kremlning so‘nggi oylaridagi birinchi tahdidi emasligini va Amerika hukumati uni yetarlicha jiddiy qabul qilishini eslatdi. Kirbiga ko‘ra, AQSh o‘z imkoniyatlari doirasida Rossiya yadroviy arsenalini kuzatadi va yadroviy kuchlar joylashuvida o‘zgarish bo‘lganini sezsa, javob choralarini ko‘rishga tayyor.

Qisman safarbarlik e’lon qilinishi va yadroviy tahdidlar Vladimir Putin o‘zini burchakka qisib qo‘yilgandek his qilayotganini anglatadi va bu xavfli vaziyat, chunki u mobilizatsiya hisobiga Rossiya armiyasini kuchaytirish rejasi barbod bo‘lgan taqdirda yadro qurolini qo‘llash ko‘yiga tushishi ehtimoli mavjud.

“Nazarimda Putin frontdagi joriy pozitsiyalarni bir necha oy tutib turish uchun qisman safarbarlik hisobiga armiyaga ortig‘i bilan askar to‘plasam va qurol-aslaha omborlarini to‘ldirib olsam, qishda Rossiya gazining to‘xtatib qo‘yilishi Yevropani taslim bo‘lishga majbur etadi va, avvalgidek vaziyat mening foydamga o‘zgaradi, deb xayol qilmoqda. Lekin uning o‘ylagani bo‘lmaydi, – deydi Filadelfiya Tashqi siyosiy tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi Stiven Blank. – Xitoy “mendan umid qilmanglar”, deya Kremlga aniq mujda berdi. Pxenyan esa Putinga neft evaziga qurol beradi, lekin bu qurol urushda burilish yasashga qodir emas, chunki G‘arb Ukrainaga zarur hamma narsani bermoqda va G‘arb qurollari Rossiyanikidan ancha yaxshi. Qolaversa, G‘arb mamlakatlari ukrain armiyasi uchun ofitserlar yetishtirib berishni keng ko‘lamda davom ettirmoqda.

Kreml rahbariyati yadroviy tabuni hatlab o‘tadigan darajada aqldan ozgudek bo‘lsa, u holdan Rossiyaning to‘liq mag‘lubiyati yanada tezlashadi. Chunki, Ukrainada taktik yadroviy qurolni qo‘llash bilan Kremlga hech bir taktik yoki strategik foyda keltirmaydi, ammo NATO mamlakatlari tarafidan javob zarbasi bo‘lishi ehtimolini keskin oshiradi. Putin yadroviy arsenalning tiyib turish effekti yadro quroli qo‘llangan onga qadar amal qilishini unutmagani ma’qul. Yadro quroli ishga solingudek bo‘lsa, NATO qo‘l qovushtirib turmaydi. Putin yadro qurolidan foydalangan taqdirda NATO “bu bizni tashvishga solmaydi”, deyishini tasavvur qila olmayman”.

Vashingtondagi Vilson markazi Kennanov instituti direktori Uilyam Pomerantsga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga qarshi urushda muvaffaqiyatsizlikka uchrashi vajidan yadro qurolini ishga solishi ehtimolini nazardan qochirmaslik kerak, zero Putin yadroviy halokat tahdididan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishga yaqin kelib qolgan.

“Menimcha, Putin burchakka siqib qo‘yilgan, uning yadro qurolini ishga solishga tayyorligi haqidagi bayonotlari esa u mazkur vaziyatdan chiqishga yo‘l izlayotganini anglatadi. Bu tahdidni amalga oshira oladimi, yo‘qmi – hech kim bilmaydi. Biroq G‘arb davlatlari voqealarning bu yo‘sin rivojlanishiga shay turishlari lozim, boz ustiga u, nazarimda, Zaporojye AES hududini o‘qqa tutish bilan yadroviy energiyani qurolga aylantirib bo‘ldi. Ya’ni u Rossiya o‘z manfaatlarini himoya qilish va Ukrainani tor-mor etish maqsadida radioaktiv zararlanishga yo‘l qo‘yishini namoyish etib, allaqachon G‘arb bilan o‘chakishmoqda. Putinning ushbu bayonotlariga juda jiddiy qaragan bo‘lur edim, chunki uning kallasida nima borligini, bu gaplar quruq dag‘dag‘ami yoki rostdan ham o‘z “ko‘ziri” – yadro qartasini chiqara oladimi, yo‘qmi – aniq bilmaymiz”, deydi ekspert.

Украинага босқин: 190-кун | Халқаро Атом агентлиги экспертлари Запорожье АЭСига кириб борди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:44 0:00

Putinning yadroviy tahdidlari Kiyevga olisdagi nishonlarga zarba beradigan qurollar yetkazib berishni paysalga solayotgan ekan, G‘arb mamlakatlari Rossiya prezidentiga “yadro qurolini qo‘llash shaxsan sizning o‘zingiz uchun halokatli oqibatlarga olib keladi”, deya mujda berishlari shart, deydi amerikalik publitsist, Rossiya bo‘yicha ekspert Devid Satter.

“Bu tahdidlar – harbiy strategiyaning bir qismi, maqsad – Vashington va ittifoqchilarini Kiyevni to‘liq dastaklamaslikka, chunonchi, unga Rossiya hududidagi nishonlarni yo‘q qila oladigan qurollar yetkazib bermaslikka ishontirishdir. G‘arb davlatlari esa ayni vaziyatda Rossiya tomonidan yadro quroli qo‘llanishiga nisbatan ularning reaksiyasi nafaqat mamlakat, balki Putinning o‘zi uchun ham fojiali bo‘lishini anglatishlari lozim. O‘ylashimcha, Rossiya taktik yadroviy qurolni ishga solish bilan tahdid qilishi G‘arbni Kiyevga eng samarador qurol-yaroqlarni berishdan tiyib turibdi. Yadro qurolining qo‘llanishi eng kamida ushbu cheklovlarning bekor bo‘lishiga olib keladi. Darvoqe, qisman safarbarlikka qarshi norozilik chiqishlari Putin katta xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lishidan darak berayotir. Norozilik butun mamlakatni qamrab olishiga ko‘zim yetmaydi. Biroq bu holatda hammasi maxsus xizmatlar va armiyaga bog‘liq: Putin siyosati mamlakatni jarlikka boshlayotganini idrok etadigan, Ukraina bilan hayot-mamot urushiga kirishni xohlamaydigan odamlar ikkala tuzilmada ham yetarli”, deya mulohaza qiladi Satter.

XS
SM
MD
LG