Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:26

“Yangi O‘zbekiston” changi -“Toshkentda favqulodda holat e’lon qilish kerak!”


Ekologiya vazirligi va O‘zgidromet rahbari bayonotidan Toshkent havosining ifloslanishiga hukumat aybdor degan xulosa kelib chiqadi.
Ekologiya vazirligi va O‘zgidromet rahbari bayonotidan Toshkent havosining ifloslanishiga hukumat aybdor degan xulosa kelib chiqadi.

O‘zbekiston poytaxti havosining iflosligi bo‘yicha Chernobilni ham ortda qoldirdi.

Chernobil bu 1986-yilning aprelida atom elektr stansiyasidagi avariya tufayli minglab odam nobud bo‘lgan, yashash uchun mutlaqo yaroqsiz bo‘lib qolgan Ukrainadagi shahar.

Toshkentlik bloger Nikita Makarenko 12-yanvar kuni Chernobil havosining sifati ko‘rsatkichlarini e’lon qildi.

“Chernobilda havo Toshkentga qaraganda tozaroq”, - deydi toshkentlik bloger Nikita Makarenko.

Havo sifatini kuzatuvchi IQAir indeksiga binoan, 12-dekabr kunning birinchi yarmida Toshkentda havoning ifloslanishi 170 - 212 orasida, ya’ni “xavfli” darajani tashkil qildi.

“Men bir narsani tushunmayapman. Bizning siyosatchilarimiz, oligarxlarimiz ham shu zaharli havodan boshqalar qatori nafas olayotganliklarini, ular ham asta-sekin o‘layotganliklarini nahotki tushunmasalar?”, deb yozdi Nikita Makarenko Telegram sahifasida.

IQAir indeksiga ko‘ra, Toshkent havosidagi inson o‘pkasini bo‘g‘ib qo‘yishga qodir chang miqdori 62 mkg/m3 ni tashkil qilmoqda.

Bu Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalaridan qariyb 18 marta ko‘pdir. Havoda zaharli zarralarning ruxsat etilgan me’yordan oshib ketishi odamlarni, ayniqsa yosh bolalarni saraton, astma, qon aylanishi bilan bog‘liq kabi tuzalmas dardlarga mubtalo qilishi tayin.

Iflos havo dunyodagi har oltinchi o‘limning sababi ekani ma’lum.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, blogerlar poytaxt havosining nafas olib bo‘lmaydigan darajada ifloslanishida so‘nggi yillarda daraxtlarning ommaviy kesib tashlanishi va Toshkent ekotizimiga zarar yetkazayotgan pala-partish qurilishlarni ayblashadi.

49 ming daraxt noqonuniy kesilgan

Shaharsozlik bosh rejalari tasdiqlanmasdan, qurilish ishlari betartib amalga oshirilmoqda.

Moratoriy e’lon qilinganiga qaramay Toshkentda 49 ming daraxt noqonuniy kesilgan.

“Toshkentda daraxtlar va butalarning kesilishiga e’lon qilingan moratoriy davrida 49 mingga yaqin daraxtlar noqonuniy kesilgan”

Xususan, Toshkent shahrida bir necha marotaba qurilish ishlarini amalga oshirmaslik bo‘yicha moratoriy e’lon qilingan bo‘lsa-da, qurilishlar hanuzgacha davom etmoqda.

Ekologiya vazirligi Toshkent shahrida havo ifloslanishining asosiy omillari sifatida IESlarda ko‘mir va mazutdan foydalanish, qurilishlar va sifatsiz yonilg‘ida yuruvchi transportlardan chiqayotgan tashlamalar ortganini ham keltirdi.

“Avtomobillar soni 2021-yilda 3,14 mln donani tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda ularning soni 4,6 mln donaga yetgan. Bugungi kunda Toshkent shahrida bir kunda o‘rtacha 730 mingta avtotransport vositasi harakatlansa, qo‘shimcha ravishda hududlardan 160 mingdan 300 minggacha avtotransport vositasi kirib kelmoqda. Xalqaro standartlarga to‘g‘ri kelmaydigan AI-80 markali benzindan foydalanayotgan texnika vositalari esa atmosferaga me’yoridan ortiq zararli tashlamalar chiqarmoqda”

Vazirlik Toshkent havosiga ko‘rsatilayotgan salbiy ta’sirni kamaytirish maqsadida bir qator favqulodda choralarni taklif qildi.

  • “Yevro-4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘idan (AI-80 rusumli benzin) foydalanishni taqiqlash kerak;
  • Shaharda tig‘iz vaqtlarida yuk mashinalar harakatini cheklash lozim;
  • 2010-yilgacha ishlab chiqarilgan barcha avtomobillar harakatlanishini to‘xtatish zarur,
  • Davlat ahamiyatiga ega bo‘lmagan qurilishlarga moratoriy e’lon qilish;
  • Ko‘mir yoqilg‘isidan voz kechish kerak

Iflos ko‘mir

Bundan oldin “O‘zgidromet” rahbari Sherzodxo‘ja Habibullayev ham poytaxt havosi ifloslanishida ko‘mir, sifatsiz benzin va mazut iste’molining haddan ziyod ko‘payganini sabab qilib keltirdi.

“Ya’ni ishlab chiqarish tashkilotlari shaharga yaqin bo‘lgani, qurilishlar ko‘payishi, avtotransport vositalari soni oshgani va hokazolar. Masalan, yaqinda Toshkentda qor yoqqanda isitish tizimlari gaz quvvatiga qo‘shimcha tarzda mazut yoqilgani havoga jiddiy ta’sir qilgan. Ayrim joylarda isitish tizimini ushlab turish uchun ko‘mir ham yoqilgan. Gaz yetkazib berish zapravkalar uchun qisqartirilganda, AI-80 benzinga ko‘proq kuch berilgani ham texnogen ta’sirni birdaniga oshirdi”, - degan Sherzodxo‘ja Habibullayev.

Ekologiya vazirligi va O‘zgidromet rahbari bayonotidan Toshkent havosining ifloslanishiga hukumat aybdor degan xulosa kelib chiqadi.

Ko‘mir haqiqatan ham eng iflos yoqilg‘i turi hisoblanadi.

Elektr energiyasi ishlab chiqarishda ko‘mir gazga qaraganda havoga 72 foiz ko‘proq is gazi chiqaradi.

Dunyodagi ko‘plab davlatlar bu yoqilg‘idan voz kechgan.

O‘zbekistonda esa so‘nggi yillarda tabiiy gazni tejash maqsadida ko‘plab obyektlar hukumat topshirig‘i asosida yoppasiga ko‘mir bilan isitish tizimiga o‘tkazildi.

Hukumat esa issiqlik stansiyalari va zavodlarni isitishda bu yoqilg‘i turidan voz kechishga shoshmayotir.

Aksincha, gaz taqchilligi sharoitida ulkan issiqlik stansiyalari, zavodlar qatori maktab, kasalxona isitish tizimlarini ham yoppasiga ko‘mirga o‘tkazilmoqda.

Hukumat bu yil qish mavsumida O‘zbekistonda gazni tejash maqsadida 2229 ta bog‘cha, 2432 ta xalq ta’limi va 746 ta tibbiyot muassasasi gazdan ko‘mirga o‘tkazilgani, bundan tashqari, 1147 ta issiqxona hamda tsement, g‘isht va ohak ishlab chiqaruvchi 250 ta zavod ham ko‘mirda ishlashga moslashtirilgani haqida hisobot bergan.

O‘zbekiston o‘tgan yil noyabr oyida Rossiya bilan yiliga taxminan 2,8 milliard kub metr gaz sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolagani bildirilgan. Lekin, vaziyat oldingidan ham yomonligi aytilmoqda.

Energetika inqirozi poytaxtgacha yetib keldi.

Metan gaz shoxobchalari yopilishi ortidan AI-80 benzini iste’moli ko‘paygan va mutaxassislar fikricha, bu ham Toshkent havosini ifloslantirgan.

Faollar hukumatni havo ifloslanishi bilan bog‘liq ofatga qarshi harakatsizlikda ayblashmoqda.

O‘zbekistonlik gidrometeorolog Erkin Abdulahadov fikricha, havoning ifloslanishi davlat miqyosidagi tabiiy ofat aslida.

“Qani avtomobillar harakatini cheklash uchun berilgan va’dalar. Millionta variant taqdim etilgan edi. Qani pullik parkovkalar, qani avtomobilga egalik qilishning qimmatlashtirilgani? Qani jamoat transporti?”, deydi Nikita Makarenko.

Ayni paytda “O‘zgidromet” rasmiylari Toshkent ahliga ko‘chaga chiqqanda niqob taqish, uy ichida havo tozalovchi qurilmalarni ishlatish, derazalarni yopiq ushlash va tashqarida mashq qilmaslikni tavsiya etmoqda.

Jahon bankiga ko‘ra, O‘zbekistonda havo ifloslanishidan o‘lim xolatlari har yuz ming kishiga 81tani tashkil qiladi.

Bu Xitoy yoki Hindiston kabi mamlakatlar bilan solishtirganda ancha kam.

2017-yilda Hindiston va Xitoyda havoning ifloslanishi 2,4 million kishi hayotini olib ketgan.

XS
SM
MD
LG