Линклар

Шошилинч хабар
22 сентябр 2021, Тошкент вақти: 19:08

Yangi partiya faolining 14 kishilik oilasi 15 yil yashagan uyidan chiqarib yuborildi


“Haqiqat‌ , Taraqqiyot va Birdamlik”‌ ‌partiyasi tashabbuschilar guruhi a’zosi Muhammadamin Ermatov.

O‘zbekiston prezidenti saylovi o‘tadigan kundan roppa-rosa uch oy oldin - 24 - iyul kuni MIB “Haqiqat, Taraqqiyot va Birdamlik” siyosiy partiyasi tashabbuschilar guruhi a’zosi oilasini Toshkent shahridagi uyidan chiqarib yubordi.

Turmush o‘rtog‘i, ikki o‘g‘li, ikki kelini, qizi, kuyovi va nabiralari – jami 14 kishilik oila ko‘chada qolganini oila boshlig‘i o‘zining siyosiy faoliyati bilan bog‘lamoqda.

Toshkentlik yana bir faol yangi partiya tuzuvchilar safida bo‘lgani uchun mahalla qo‘mitasiga chaqirtirilgani, u bilan o‘tkazilganga o‘xshash “suhbat”lar boshqa faollar bilan ham o‘tkazilayotganini aytib berdi.

Yangi tuzilayotgan “Haqiqat, Taraqqiyot va Birdamlik” siyosiy partiyasi faollaridan biri Muhammadamin Ermatov oilasi bilan uysiz qolgani to‘g‘risidagi xabarni Ozodlik yangi partiya tashabbuschilar guruhi rahbari Xidirnazar Allaqulovdan oldi.

Yoshi 60 dan oshgan Muhammadamin Ermatovning 26 - iyulda Ozodlikka aytishicha, uning 14 kishilik oilasi (o‘zi, turmush o‘rtog‘i, ikki o‘g‘li, ikki kelini, qizi va kuyovi hamda olti nabirasi) 24 - iyul kuni sud ijrochilari tomonidan 15 yildan buyon yashab turgan uyidan chiqarib yuborilgan.

Toshkent shahar, Olmazor tuman, Uzumbog‘ 9-torko‘chada o‘tgan hafta oxirida yuz bergan bu voqea aks etgan video Yutyubda e’lon qilindi.

Videoda aks etgan ijro

13 daqiqali videoda Muhammadamin Ermatov oilasi bilan yashayotgan xonadonga Majburiy ijro byurosi xodimlari kelib, oilani chiqarib yuborish harakatlarini amalga oshirayotgani aks etgan.

MIB xodimlaridan biri ijro varaqasini o‘qirkan, bu xonadonda yashayotganlarning ism-familiyalarini o‘qib eshittiradi, uy manzilini to‘liq aytadi va tilga olinganlar bu uydan “majburiy tarzda ko‘chirildi”, deb e’lon qiladi.

MIB xodimining aytishicha, oilani uydan chiqarish jarayonida da’vogar ham, xolislar ham ishtirok etgan. Video davomida Muhammadamin Ermatovning o‘zi ham bir necha marta ko‘rinadi. U ijroga qarshilik ko‘rsatmaydi, uydan chiqarib yuborilayotganini o‘zining siyosiy faoliyati bilan bog‘liqligini, “chaylada yashab bo‘lsa ham partiya tuzishini” aytadi.

"Qadrdonimning qizlari, kelinlari sudda yig‘lab o‘tirdi"

Muhammadamin Ermatovning 27 - iyulda Ozodlikka aytishicha, u oilasi bilan Uzumbog‘ ko‘chasidagi bu uyga bundan 15 yil muqaddam, ikki qavatli uydagi kvartirasiga o‘t ketganidan so‘ng ko‘chib o‘tgan edi:

“Uy o‘zimniki emas, qondoshdan ham yaqinroq bir qadrdonimning uyi edi. Ko‘chib kelganimizdan beri bolalarim katta bo‘ldi, ularni uyladim, nevaralarim ko‘paydi. 7 yil oldin hammamiz shu uyga propiskaga turganmiz. Uyni menga berib turgan qadrdonim uyni sendan ortsa boshqaga sotaman, der edi. U kishi vafot etib ketdi. Avlodlari bilan ham muomalam yaxshi edi. To‘ylarimiz, ma’rakalarimiz bir edi. Bu yil hovlining hech yo‘q yarmini sotib olaman, deb turib edim. Kutilmaganda may oyining oxirlarida suddan qog‘oz keldi. Ko‘p o‘tmay, sud bo‘ldi. Qadrdonimning qizlari, kelinlari sudda yig‘lab o‘tirdi”.

Muhammadamin Ermatovning aytishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontoxur tumanlararo sudida uch kun sud bo‘ldi, keyin apellyatsiya shikoyati yozildi, Toshkent shahar sudi dastlabki instansiya sudi hukmini o‘z kuchida qoldirdi. Shundan so‘ng kassatsiya shikoyati yozildi, shunga qaramay, ya’ni kassatsiya shikoyati ko‘rilishi davom etayotganiga qaramay, MIB sud qarorini ijro etib qo‘ydi.

Ozodlik Ermatovning ishi yuzasidan tilga olingan sudlardan izoh ololmadi. Uy egalari bilan esa, bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Muhammadamin Ermatovning oilasi, qaynotasining uyiga ko‘chgan katta o‘g‘li oilasidan tashqari, shu kunda uysiz. U yashab turgan uyidan chiqarib yuborilganini “shubhasiz, siyosiy faoliyati bilan bog‘liq”, deb hisoblamoqda.

Yil boshidan buyon bosimlar

Muhammadamin Ermatov 15 - iyul kuni Toshkentdagi Prezident Administratsiyasi binosi oldidan ushlab ketilganlardan biri edi. O‘sha kuni Ermatov bilan birga olib ketilgan mustaqil bloger Ozodbek Qurbonov mayda bezorilikda ayblanib, 15 sutkaga qamalgan, Ermatov qo‘yib yuborilgan.

Muhammadamin Ermatov o‘zining siyosiy faoliyati ortidan uning Andijon viloyatida yashaydigan yaqinlariga bosim boshlangani to‘g‘risida shu yil boshida aytib bergan, o‘sha vaqtda uning singillaridan birining bosimlar to‘g‘risidagi videochiqishi ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan edi.

"Hammamiz nazoratdamiz..."

“Haqiqat, Taraqqiyot va Birdamlik” siyosiy partiyasi tashabbuschilar guruhining yana bir a’zosi, 61 yashar tarixchi va tadbirkor Muxtor Ubaydullayev ham Muhammadamin Ermatov oilasining yashayotgan uydan chiqarib yuborilishi ortidagi asl sabab siyosiydir, degan fikrni bildirdi:

“O‘sha kuni (24 - iyulda) men ham bor edim Muhammadamin yashab turgan uyda. Jarayon ustida bo‘ldim. Biz hammamiz nazoratdamiz, shekilli. Uy Muhammadaminning nomida emasligini bilib qolib, uy egalariga bosim o‘tkazgan bo‘lishlari mumkin”.

Muxtor Ubaydullayevning Ozodlikka aytishicha, ro‘yxatdan o‘tkazilmagan “Haqiqat va Taraqqiyot” pratiyasi o‘rniga tuzilayotgan “Haqiqat, Taraqqiyot va Birdamlik” partiyasi tashabbuschilar guruhining birinchi majlisi uning uyida iyunning birinchi o‘n kunligida bo‘lib o‘tgan.

“Majlisimizdan bir hafta yo o‘tdi, yo o‘tmadi – bir kuni meni mahallamiz idorasiga chaqirishdi. Borsam, o‘zimizning oqsoqollar, ulardan tashqari yana bir-ikkita yigitlar. DXXdan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Chunki bir-ikki marta xuddi o‘shalar uyimizgayam kelib ketgan, siyosatga aralashmang, deb. Xullas, o‘rtaga olib, siz aralashgan partiya noqonuniy, unga aralashmang, degan gaplar bo‘ldi. Qonuniysi qanaqa bo‘ladi, desam inday olisholmaydi. O‘shandan keyin ham har zamon-har zamonda “duoi salom” olib turibman...”

Muxtor Ubaydullayev bunday “tarbiyaviy soat”larga maslakdaoshlaridan yana ikki-uch kishi chaqirtirilganini biladi.

Allaqulovning xonadonida "tinchlik"

“Haqiqat, Taraqqiyot va Birdamlik” partiyasi tashabbuschilar guruhi rahbari Xidirnazar Allaqulovning 27 - iyulda Ozodlikka bildirishicha, mol-mulki musodara qilinganidan buyon uning xonadonida “tinchlik”.

Toshkentning Yunusobod tuman Majburiy ijro byurosi xodimlari 12 - iyul kuni ogohlantirishsiz uning uyiga kelib, uydagi maishiy jihozlar - televizor, kir yuvish mashinasi va mikroto‘lqinli pechni musodara qilgan.

Аллақулов: Шоввозсой бўйича халққа ким ҳисобот беради?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:09 0:00

4 - may kuni Toshkentning Yunusobod tuman ma’muriy sudi ‌Allaqulovni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi (Tuhmat, ya’ni bila turib yolg‘on, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish) ‌ ‌bo‘yicha aybdor deb topib, bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 20 barobari miqdorida jarimaga hukm qilgan edi.

O‘zbekistonda navbatdagi prezident saylovlari shu yil 24 - oktabrida bo‘lib o‘tadi.

Amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev rasman saylovlar bilan bog‘liq rejalarini e’lon qilmagan, ammo ko‘pchilik uning o‘z nomzodini qo‘yishi va ikkinchi muddatga saylanishiga shubha qilmaydi.

2019 - yil dekabridagi parlament saylovlarini kuzatgan YeXHT missiyasi O‘zbekistondagi nisbatan erkin matbuot siyosiy muxolifatning o‘rnini bosa olmaganini aytgan edi.

O‘tgan vaqt mobaynida O‘zbekiston Adliya vazirligi bironta ham yangi siyosiy partiyani ro‘yxatga olmagan. Mamlakatda qaror topgan siyosiy an’anaga muvofiq, parlamentdagi hukumatparast partiyalar rahbarlari saylovlarda amaldagi prezidentga "raqib" bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG