Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:23

Yangi partiya tuzayotgan Xidirnazar Allaqulov Andijonda so‘roq qilinmoqda. Farzandlari jarimaga tortildi


Xidirnazar Allaqulov
Xidirnazar Allaqulov

27 - fevral, kunning ikkinchi yarmida Andijon viloyat, Buloqboshi tuman IIBda professor Allaqulovni so‘roq qilish jarayoni boshlandi.

"Haqiqat va Taraqqiyot" sotsial demokratik partiyasi tashabbuskori Xidirnazar Allaqulov Andijon viloyatiga Toshkentdan 26 - fevral kuni tushdan so‘ng olib ketilgan edi.

26 - fevral kuni poytaxtdagi to‘yxonalardan birida "Haqiqat va Taraqqiyot" sotsial demokratik partiyasi tarafdorlarining Ta’sis qurultoyi o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.

Andijon viloyati Buloqboshi tumani IIB tergov bo‘limi boshlig‘i Sarvar Siddiqovdan olingan ma’lumotga qaraganda, Xidirnazar Allaqulov mahalliy fuqarolardan birining shaxsiga oid ma’lumotlarni Internet tarmog‘ida ommaga uning ruxsatisiz e’lon qilganlikda ayblanmoqda.

Xidirnazar Allaqulovning qilmishi dastlab Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 46-moddasi 1-qismi (Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) bilan, so‘ngra Jinoyat kodeksining 141-moddasi prim 1-qismi (Shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish) bilan malakalanganiga oid ma’lumotlar bor.

Ammo Ozodlik bu iddaoni asoslovchi rasmiy hujjatga ega emas.

Yaqinlaridan olingan ma’lumotga qaraganda, siyosiy faol himoya huquqidan mahrum qilingan.

27 - fevral kuni Buloqboshi tumani IIBda so‘roq qilinayotgan partiya tashabbuskori Xidirnazar Allaqulov dastlab ishga guvoh, so‘ng huquqbuzar tariqasida jalb qilingan.

Tergov organi uni keyinchalik tan jarohati yetkazishda ayblamasliklari uchun Andijon viloyati sud-tibbiyot ekspertizasidan o‘tkazgan. Allaqulovning tortib olingan mobil telefoni uning o‘g‘li Shahzodga qaytarib berilgan.

Xabarlarga qaraganda, tushdan so‘ng so‘roq jarayonlari boshlangan, savol-javoblar to‘la videotavsirga olinmoqda.

So‘roq jarayonlarida advokat ishtirok etmayapti. Bu esa O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligi va xalqaro huquqiy normalarga to‘la ziddir.

IIB oldida Allaqulov yaqinlarining aytishicha, ularning mashinasi jiddiy shikastlandi. Siyosiy faolning yaqinlari bir necha soatdan beri Buloqboshi tumani IIBda o‘z yaqinini kutib o‘tirarkan, ular vodiyga minib borgan mashina jiddiy texnik shikast ko‘rdi. Yaqin atrofdan o‘tayotgan ot mashina ustiga bexosdan sakrab, avtoulovga jiddiy zarar yetkazdi.

Ot egasi bu hodisani aqlsiz jonivorning asovligi bilan izohlashga urinmoqda. Siyosiy faolning shundog‘am asabi tarang yaqinlari hodisadan hayratda. “Fikru xayolim otamning taqdiri bilan band, mashinani o‘ylayotganim ham yo‘q” dedi Shahzod Allaqulov.

Toshkentda Allaqulovlar oilasiga nisbatan mahkamalar boshlanib ketdi

Toshkentning Yunusobod tumanida istiqomat qiladigan siyosiy faol Xidirnazar Allaqulovning xonadoniga uyushtirilgan Milliy gvardiya va IIB xodimlarining bosqinidan xavotirlanib, bu yerga kelgan Nilufar Allaqulova va uning turmush o‘rtog‘i Akrom Bozorov hamda ularning farzandi Shahriyor Tojiyevlar Yunusobod tumani IIBga olib ketildi.

Yunusobod tumani ma’muriy sudi jamoat tartibini buzib, otasiga ko‘mak berishga uringanlikda ayblangan Nilufar Allaqulovani bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari, kuyov Akrom Bozorovni 3 baravari hamda nevara Shahriyorni 5 baravar miqdorida jarimaga tortdi.

27 - fevral kuni 20 yashar Shahriyor Tojiyev miya chayqalishi, yuz-peshona gematomasi bilan shifoxonaga murojaat qildi. U o‘zini militsiya xodimlari tomonidan do‘pposlanganini iddao qilmoqda.

“Aslida jamoat tartibini ham buzganimz yo‘q. Militsiya xodimlari bizni urib, tepib tashlashdi. Singlimni oyog‘idan yerga sudrab tepishdi. So‘ng Yunusobod GOMga olib borib, tergov qilishdi. O‘zlarining zo‘ravonligini yashirish maqsadida buzga zug‘um o‘tkazishdi” deyishmoqda Allaqulovlar oilasi vakillari.

Siyosiy faol xonadoniga bosqin

26 - fevralda Haqiqat va Taraqqiyot sotsial demokratik partiyasi tashabbuskori, professor Xidirnazar Allaqulovning Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi uyiga Milliy gvardiyaning 30 chog‘li harbiylari tomonidan bosqin uyushtirildi.

Bu haqda Xidirnazar Allaqulov Facebook va Youtube ijtimoiy tarmoqlarida onlayn translyatsiya orqali ma’lum qildi.

Lavhadan ko‘rinishicha, bir necha milliy gvardiya libosidagi harbiylar xonadon eshigini tepib, qo‘ng‘iroqni tinimsiz bosishmoqda. Orada bir marta eshikni ochgan Xidirnazar Allaqulovni olib ketishmoqchi bo‘lishadi va professor kuch bilan o‘z uyi eshigini yopib olishga erishgani ko‘rinadi.

Ma’lum bo‘lishicha, 26 - fevral kuni poytaxt to‘yxonalaridan birida Haqiqat va Taraqqiyot sotsial demokratik partiyasi tarafdorlarining Ta’sis qurultoyi o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Bu borada barcha ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon berilgan, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakolatxonlariga poytaxtdagi Oqsaroy to‘yxonasida o‘tkaziladigan qurultoyga taklifnoma tarqatilgandi.

Taklif qilinganlar to‘yxonaga kira olishmadi

Qurultoyga taklif qilingan “Erk” demokratik partiyasi faoli Sanjarali Imomovga ko‘ra, Oqsaroy to‘yxonasi ta’mir bahonasi bilan yopilgan, hatto unga yondosh hudud temir devor bilan o‘ralgan.

Holbuki, professor partiya qurultoyini o‘tkazish davrida jamoat xavfsizligini saqlashni so‘rab, huquqni muhofaza qilish organlariga qonuniy muddatlarda murojaatlar qilgan.

“Kelganimizda tushundikki, Qurultoyga nisbatan qattiq qarshilik bo‘lgan. Hatto to‘yxona yopib tashlangan.Allaqulovning o‘zi esa yo‘q edi. Bu yerga chaqirilgan-chaqirilmagan mehmonlar kelishgan, kimlardir yig‘ilgan odamlarni tarqatishga urinayotgandi. Keyin Allaqulovning uyiga borishga harakat qildik, bildikki, u Andijonga olib ketilgan ekan”, dedi Sanjarali Imomov.

Qo‘rquv faktori

Ozodlikka bergan so‘nggi intervyusi chog‘ida professor Allaqulov: “Ishimiz jadallashiga odamlardagi qo‘rquv juda katta halaqit beryapti. O‘zbekiston mustaqillikka erishgan yili tug‘ilganlar 30 ga kirdi. Aqli mustaqillik davrida to‘lganlar qirqqa kirib qoldi. Shuncha vaqt ichida yoshlar zombiga, manqurtga aylantirildi. Shunday siyosat yuritildi. Butun aholi, shu jumladan, yoshlar qo‘rquvda ushlab kelindi. Ikkinchidan, bir umr qo‘rquvda yashagan kattalar o‘z bolalarini ham siyosatga aralashishdan qaytaryapti”, - degandi.

"Haqiqat va Taraqqiyot" sotsial demokratik partiyasi tashabbuskori Xidirnazar Allaqulovning hibsga olinishi bilan bog‘liq xabarlar ijtimoiy tarmoqlarni portlatarkan, o‘zbek media segmentining rasmiy qismida bu hodisa haqida hozirgacha biror jumla material chop qilingani yo‘q.

65 yashar professor Xidirnazar Allaqulov Termiz davlat universitetining sobiq rektori, iqtisodiyot fanlari doktori.

XS
SM
MD
LG