Toshkent shahrida Yaponiya ko‘magida Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazi barpo etiladi.
O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Tokio hukumati shu maqsadda 150 million dollar kredit ajratmoqda.
Kreditga doir hujjatga O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va Yaponiyaning Toshkentdagi elchisi Takashi Xatori imzo chekkan.
Ushbu mablag‘ doirasida Samarqand va Buxorodagi tibbiyot muassasalarini uskunalar bilan ta’minlash ham ko‘zda tutilgan.
Imtiyozli tartibda va uzoq muddat uchun ajratilayotgan kredit loyihasi tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish va markazning kadrlar tayyorlash bo‘yicha salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-yanvar kuni Toshkentda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Akixiko Tanakani qabul qilgan.
Rasmiy axborotga ko‘ra, ushbu uchrashuvda xususiy sektor loyihalarini amalga oshirish, yaponiyalik investorlar uchun maxsus iqtisodiy zona tashkil etish, O‘zbekistonda Yaponiya universitetini ochish, shuningdek, professional ta’lim sohasida hamkorlik qilish muhimligi qayd etilgan.
Tahlillarga qaraganda, ikki davlat o‘rtasida energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa yo‘nalishlardagi qo‘shma loyihalar portfeli 8 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda.