Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:23

"Yaradorlarga ko‘maklashdik". Chimkentlik yolg‘iz ona tartibsizliklarda ayblanmoqda


Chimkentlik faol Karima Haydarbekova. Chimkent, 4 -yanvar, 2022
Chimkentlik faol Karima Haydarbekova. Chimkent, 4 -yanvar, 2022

Karima Haydarbekova – Chimkentda yanvar voqealari munosabati bilan ikki oy muddatga qamalgan o‘n nafar faoldan biri. Advokati Bakitjon Sotiboldiyevga ko‘ra, olti farzandni katta qilayotgan yolg‘iz ona ayblovdan norozi va farzandlari taqdiridan xavotirda.

40 yoshli Karima Haydarbekova 4 va 5 - yanvar kunlari Chimkentdagi norozilik chiqishlarida ishtirok etgan. 8 - yanvarda uni politsiya ushlagan, ertasiga mahalliy politsiya departamenti vaqtincha saqlash hibsxonasida (VSH) shahar maxsus tergov sudi majlisi o‘tkazilgan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, Karima Haydarbekova 5 - yanvarga o‘tar kechasi Ko‘rgazmalar markazi va Chimkent akimati oldida noqonuniy miting va ommaviy tartibsizliklar tashkil etgan hamda jamoat muassasalari va transport vositalariga zarar yetkazgan, degan gumon bilan qo‘lga olingan. Tergov idorasi faolni bezorilik (Qozog‘iston JKning 293-moddasi), bino va inshootlarga hujum qilish (269-modda), hokimiyat vakiliga nisbatan kuch ishlatish (380-modda) va o‘zgalar mulkini qasddan nobud qilishda (202-modda) ayblagan.

Sud Karima Haydarbekovani tergov o‘tkazilayotgan davrda hibsda ushlash to‘g‘risida qaror chiqargan. Bu qadar og‘ir ehtiyot chorasi qo‘llanishiga uning “uyushgan guruh tarkibida” jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgani va “jinoiy ta’qib idoralaridan yashirinib, tergovga xalal berishi mumkin”ligi asos bo‘lgan. Qarorda Haydarbekovaning shaxsiy ma’lumotlari ko‘rsatilgan, biroq uning muqaddam sudlanmaganligi, ishsizligi va ikki nafari nogiron bo‘lmish olti farzandni yolg‘iz tarbiyalayotgani aybni yengillashtiruvchi holatlar sifatida qayd etilmagan.

“Qimmatchilik hammani horitdi”

Kam ta’minlangan ayollar muammolariga davlat e’tiborini qaratish bilan shug‘ullanib kelgan Karima Haydarbekova 3 - yanvarga o‘tar kechasi bir guruh faol bilan Ordabasi maydoniga chiqadi.

U Facebook᾽da jonli yoyin qilib, suyultirilgan gaz narxi oshganiga qarshi norozilik namoyishiga chiqadi va hukumat iste’fosini talab qilayotgan Janao‘zen shahri aholisini qo‘llab-quvvatlashini bildiradi.

Karima 4 - yanvar kuni akimat (mahalliy hokimlik-tahr.) qarshisidagi maydonda o‘tkazilayotgan norozilik aksiyasiga ham keladi.

– Men janao‘zenliklarni qo‘llab-quvvatlayman. Biz o‘n yil muqaddam yuz bergan xunrezlik va otishmalar takrorlanishini istamaymiz. Nafaqat gaz, oziq-ovqatlar narxlari ham oshib boryapti. Qimmatchilik faqat janao‘zenliklarni emas, hammamizni horitdi, – deydi u o‘sha kuni Ozodlikning qozoq xizmati muxbiriga.

Ko‘p bolali ona davlat berayotgan nafaqa oziq-ovqat va dori-darmonga yetmasligidan arz qiladi. Aytishicha, u eng kam ish haqi miqdorida (42 ming tanga) nafaqa oladi, shuning ham to‘rt minggi majburiy ushlanmalar sifatida davlat foydasiga olib qolinadi.

“Yaradorlarga ko‘maklashdik”

Karima Haydarbekova 4-6 -yanvar kunlari Chimkentda o‘tkazilgan norozilik aksiyasi ishtirokchilari oldida bir necha marta nutq so‘zladi.

4 - yanvar oqshomida u “Jibek joli” bozori yonida to‘plangan odamlarga murojaat qiladi. “Xalq – ulkan kuch. Xalqni hech kim yenga olmaydi”, deydi u kun bo‘yi shahar ma’muriyati tinch miting o‘tkazishga imkon bermaganidan shikoyat qilib. To‘planganlar Karimani dastaklaydilar.

Serfarzand ona tunda Rus dramatik teatri ro‘parasidagi mitingchilar orasida ham bo‘ladi, o‘n chaqirim yo‘l bosib akimatga borgan va shahar akimi Murat Aytenov bilan uchrashuv talab qilgan namoyishchilar yurishida ham qatnashadi.

Kechasi soat ikkiga yaqin bir guruh odam akimat va Ko‘rgazmalar markazi oldida turgan politsiya mashinalarini ag‘darib tashlab, beboshlik qilishga kirishadi.

“Men miting tugaguncha o‘sha yerda edim. Qurolsiz odamlarga qarata o‘q uzishdi. Yaradorlarni ko‘rdim. Biz ularga yordam berdik. Saharga yaqin, politsiya suvotarlarni ishga solgach, to‘planganlar tarqalishdi”, dedi u Ozodlikka 5 - yanvar kuni.

Haydarbekova qamoqqa olinganiga ikki haftadan oshdi, uni voyaga yetmagan o‘g‘li bilan ham, bolalarni o‘z qaramog‘iga olgan onasi bilan ham uchrashtirishmayapti. Shuningdek, hibsxona ma’muriyati unga qarindoshlari keltirayotgan oziq-ovqat va boshqa narsalarni ham qabul qilmayapti. Qamoqxonada faol bilan uning advokati Bakitjon Sotiboldiyevgina so‘zlasha oldi. U himoyachisi bilan suhbatda hokimiyatga o‘z fikrini bildirish uchun maydonga chiqqanini, “Jibek joli” bozori yonidagi mitingchilar orasida bo‘lganini, “Kolos” bekatidan boshlangan yurishda qatnashib, Rus drama teatridan akimatgacha yayov borganini tasdiqladi.

“Ammo hech qayerni vayron qilmadim, hech nimaga zarar yetkazmadim, hech kimni mitingga chaqirmadim”, dedi u.

– Karimani qamoqxonada kaltaklashgani yoki qiynoqqa solishgani yo‘q. Ammo u farzandlarini, nabiralariga qarab turish uchun qishloqdan kelgan onasini o‘ylab alag‘da bo‘lmoqda. Olti bolali yolg‘iz ona, farzandlaridan ikkisi nogiron. Juda achinarli holat, – deydi advokat.

Қозоғистон: Тоқаев КХШТ миссияси якунланганини айтди ва Назарбоевни танқид қилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:01 0:00

“Bolalar yonida qamoqdan gapirmaymiz”

Karima Haydarbekovaning onasi Ozodlik muxbiri bilan telefonda so‘zlashishga rozilik berdi.

Pensioner onaxonga ko‘ra, qizi hibsga olinganidan so‘ng huquq-tartibot idoralari uning farzandlarini to onalari ozodlikka chiqqunicha bolalar uyiga topshirishga uringan. Politsiya ularni olgani kelganida ikki nogiron qizaloqdan birining kasali xuruj qilib qolib, “tez yordam” chaqirishga to‘g‘ri kelgan.

Karimaning onasi politsiyaga ariza yozib, buvi sifatida nabiralariga vaqtincha qarab tura olishini bildiradi.

– Men siyosatdan yiroqman, intervyu berishni xushlamayman. Lekin bu bolalar bari ko‘z o‘ngimda ulg‘aygan, o‘z qo‘llarim bilan katta qilganman ularni. Nabiralarimni bolalar uyiga berib qo‘ymayman. Hozir ular bilan ko‘chaga chiqishga ham qo‘rqib qoldim. Maktab yoshidagi uchtasini o‘qituvchilari o‘zlari uyga kelib, o‘qitishyapti. Bolada hali, onalarini sog‘inishadi, eslariga tushganida qayg‘urishadi. Ayniqsa kenja nabiram onasini ko‘p so‘raydi. Ular yonida Karimaning qamalgani haqida og‘iz ochmaymiz. To‘ng‘ichi – talaba, qolganlari hali yosh. Kattalari fahmlab turishibdiyu lekin kichkinalarga nima deb tushuntirishni bilmayman, – deydi Karimaning onasi.

Onaning aytishicha, Karima yaqinda 13 yashar nogiron qizining tibbiy amaliyoti uchun zarur hujjatlarni tayyorlagan. Endi bu amaliyot qachon bo‘lishi mavhum bo‘lib qolyapti.

“Hozir qizim qamoqdan bolalari yoniga eson-omon qaytishidan boshqa tilagimiz yo‘q”, deydi keksa ayol.

4 - yanvar kuni Chimkentda tinch miting o‘tkazishga uringan o‘nlab odamlar politsiya tomonidan qo‘lga olindi. O‘sha kechasi “Kolos” bekati yonida boshlangan norozilik yurishiga yo‘l-yo‘lakay ko‘p odamlar qo‘shilib, Rus drama teatri yoniga yetganda norozilar soni bir necha mingga yetgan edi.

Qariyb o‘n ming kishi o‘n chaqirimcha yo‘l bosib, teatrdan akimatga qadar marsh qilishdi. Xuddi o‘sha yerda – akimat binosi yonida bir guruh odam politsiya mashinalarini to‘ntarib, to‘polon qilishdi.

5 - yanvar oqshomida namoyishlar davom etdi va tartibsizliklarga aylanib ketdi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kuni kuchishlatar xodimlar qurolsiz kishilarga qarata o‘t ochishgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yanvar voqealari chog‘ida Chimkentda 120 dan ortiq odam jabrlangan. Ulardan ayrimlari o‘qotar quroldan va tig‘dan jarohat olib, kasalxonada vafot etgan.

Yanvar voqealarda butun mamlakat bo‘yicha kamida 225 kishi qurbon bo‘lgani aytilmoqda. Chimkentdagi namoyishlarda necha kishi va qanday sharoitda nobud bo‘lgani, ularning shaxsi bo‘yicha rasmiy ma’lumot yo‘q.

XS
SM
MD
LG