Линклар

Шошилинч хабар
07 октябр 2024, Тошкент вақти: 10:49

Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashni amaldorlar o‘zlaridan boshlaydimi?


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Yashirin iqtisodiyotning tarvaqaylagan ildizi va sug‘oruvchi kanallar eng avvalo amaldorlarning korrupsion daromadlariga borib taqaladi.

Lekin yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risidagi qaror loyihasiga ko‘ra, davlat xizmatchilari daromadlarini deklaratsiyalash 2025-yil 1-yanvarga qoldirilgan. Undayam yana bosqichma-bosqich.

Kulishingiz mumkin, deklaratsiyalash tizimi 7 yil avval boshlanishi va allaqachon kuchga kirishi kerak edi. Lekin shuncha vaqtdan beri amaliy harakatlar paysalga solinib, uning qamrovi chekanka qilinib, muttasil keyinga qoldirib kelinmoqda. 2025-yildayam amaldorlar daromadlarini deklaratsiyalashga o‘tilishi dargumon. Ular o‘zlariga o‘zlari qarshi kurashadimi?


Absurdni tasavvur qilishingiz uchun, 900 ming so‘m pensiya oladigan nuroniy xrushchevka kvartirasining balkonini ijara bersa, deklaratsiya topshirishga majbur, lekin qonunda biznes bilan shug‘ullanishi taqiqlangan chinovnik iqtidordaligida ham biznes bilan yoki biznes manfaatlarini dastaklash bilan shug‘ulangani, iste’foga chiqib, trillionlab turadigan bizneslari xaqida, ayrimlarini sotgani borasida bemalol maqtana oladi. Ulardan hech qanaqa deklaratsiya peklaratsiya so‘ralmaydi.

Uyam mayli, Senatda ma’qullanib, keyin yo‘qolib qolgan Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonun qani? Nega yashirilib yotibdi? Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish maqsadlari jiddiy bo‘lsa, toki hamma amaldorlar yo vakolatlarini boylik orttirishga ishlatadigan korchalonga yo o‘g‘ri oligarxlarning yugurdak shotiriga aylanib ketmay, qonunni kuchga kiritinglar.


An’anamizga ko‘ra, yana eslatishga to‘g‘ri keladi: hurmatli o‘zbek chinovniklari, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashni avval o‘zingizdan boshlang. Xalq shunda ishonadi. Daromadlaringizni, xarajatlaringizni deklaratsiyalang, to‘liq ochiqlang. Kamtarona va shaffof hayot tarzi bilan xalqqa namuna bo‘ling.

Otabek Bakirov

Iqtisodchi, bloger

Telegramdagi Bakiroo kanalidan olindi.

Tahririyatdan: OzodTarmoq ruknidagi mualliflarning nuqtayi nazari tahririyat nuqtayi nazarini aks ettirmaydi.

XS
SM
MD
LG