Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:41

YeI Navalniyning hibsga olinishi va namoyishlar yuzasidan Rossiyaga javob chorasini muhokama qilmoqda


23 - yanvar kungi namoyishlarda Rossiya bo‘ylab 3 400 dan ziyod kishi hibsga olingan
23 - yanvar kungi namoyishlarda Rossiya bo‘ylab 3 400 dan ziyod kishi hibsga olingan

Bryusselda yig‘ilgan Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Aleksey Navalniyning hibsga olinishi hamda uning chaqirig‘i bilan bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlari politsiya tomonidan bostirilganini muhokama qilish uchun to‘plandilar.

Yig‘in oldidan Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar mutasaddisi Jozep Borrel «hibsga olishlar to‘lqini va janob Navalniyning qo‘lga olingani bizni qattiq xavotirga soldi», deb aytdi.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas Rossiya konstitutsiyasi «Rossiyadagi har bir kishiga o‘z fikrini bildirish va namoyishlarda qatnashish huquqini beradi» deb, tinch namoyishchilarni zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi.

Litva tashqi ishlar vaziri Gabrielyus Landsbergis esa blokning 27 a’zosi «bu holatga befarq qarab bo‘lmasligi to‘g‘risida aniq va qat’iy munosabat bildirishi kerak», dedi.

Estoniya, Latviya va Litva tashqi ishlar vazirlari namoyishlarning bostirilishi uchun javobgar amaldorlarga qarshi sanksiya joriy qilishga chaqirdi.

Ammo yevropalik diplomatlarning ta’kidlashicha, fevral oyi boshida Navalniy sudi bo‘lib o‘tmagunicha YeIga a’zo davlatlar yangi sanksiyalar bo‘yicha kelishuvga erishmaydi.

Xalq tomonidan dastaklanishiga umid bog‘lagan Navalniy 17 - yanvar kuni Germaniyadan Rossiyaga uchib kelganidan keyin hibsga olingandi. U shartli ravishda qamoqqa hukm qilingan shaxs sifatida xorijda bo‘lgan payti sinov muddati shartlarini buzganlikda ayblanmoqda.

23 - yanvar kuni «Putin – o‘g‘ri!» shiori ostida Rossiyaning Uzoq Sharqidagi Vladivostokdan tortib to Boltiq dengizidagi Kaliningradigacha ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi. «OVD-Info» nashriga ko‘ra, o‘sha kuni Rossiya bo‘ylab 3 400 dan ziyod kishi hibsga olingan.

Namoyishlardan bir necha kun avval Moskva ma’muriyati koronavirus epidemiyasi munosabati bilan ommaviy tadbirlar taqiqlanganini bois miting o‘tkazish to‘g‘risidagi arizalarga rad javobi bergan edi.

G‘arb davlatlari namoyishlar bostirilganini keskin qoralarkan, Moskva AQSh va uning ittifoqchilarini Rossiyaning ichki ishlariga aralashishda aybladi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskvadagi AQSh elchixonasining «namoyishchilar va jurnalistlarga qarshi keskin usullar qo‘llanilayotgani»ni qoralab bayonot e’lon qilganini tanqid qildi.

Peskov AQSh bayonotini «noo‘rin» deb atadi va «tabiiyki, bu bilvosita bizning ichki ishlarimizga aralashishdir» deb aytdi.

Rossiyaning Londondagi elchixonasi esa g‘arb davlatlarini namoyishchilarni rag‘batlantirishda ayblab chiqdi.

«Ikkiyuzlamachilar mamlakatimizning ichki ishlariga aralashish uchun soxta #Navalniy ishini bo‘rttirishda davom etmoqdalar. Bu G‘arb davlatlari elchixonalari, shu jumladan, AQShning Moskvadagi elchixonasi qo‘llayotgan professional provokatsiya», deb yozdi elchixona Twitterda.

Ammo Rossiya rasmiylari Namoyishlarda AQSh yoki boshqa mamlakatlarning qo‘li borligini ko‘rsatuvchi hech qanday dalil keltirmadilar.

Peskov 24 - yanvar kuni bergan intervyusida, agar prezident Jo Baydenning yangi ma’muriyati muloqotga ochiq bo‘lsa, Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham bunga hozir ekanini aytdi.

Navalniy 2014 - yilning dekabrida tovlamachilikda ayblanib 3,5 yilga shartli ravishda qamalgan edi. Jazo muddati 2020 - yilning 30 - dekabr kuni tugagan.

Muxolifatchi o‘ziga qarshi ilgari surilgan ayblovni rad etib keladi. Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi bu ishni o‘rganib, Navalniy “Rossiyada adolatli sudlov huquqidan mahrum etilgani” to‘g‘risida qaror chiqargan.

XS
SM
MD
LG