Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2021, Тошкент вақти: 05:13

YeI Tog‘li Qorabog‘da janglar to‘xtaganini olqishladi, otashkesimni saqlashga chaqirdi


Rossiya askarlari Tog‘li Qorabog‘ yo‘lini qo‘riqlamoqda

Yevropa Ittifoqi bo‘lginchi Tog‘li Qorabog‘ mintaqasi va uning atrofida janglar to‘xtaganini mamnuniyat bilan kutib oldi va taraflarni bundan keyin ham insonlar halok bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun tinchlik bitimiga «qat’iy rioya qilishga» chaqirdi.

YeI tashqi ishlar mutasaddisi Jozep Borrel 19 - noyabr kuni bayonot e’lon qilib, taraflarni 10 - noyabrda Rossiya vositachiligida Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida imzolangan sulhga tahdid solishi mumkin bo‘lgan «har qanday harakatlar yoki bayonotlardan tiyilishga» chaqirdi.

Tinchlik bitimi Ozarbayjon kuchlari olti hafta ichida jang maydonida katta yutuqlarga erishganidan keyin imzolandi. 1990 - yillarda sodir bo‘lgan urushda Boku etnik arman bo‘lginchilariga Tog‘li Qorabog‘ va uning atrofidagi hududlarni boy bergan edi.

Тоғли Қорабоғ можароси: Арманистонликлар тинчлик битимидан норози
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:49 0:00

Ushbu kelishuvga ko‘ra, tog‘li hududning katta qismi va uni o‘rab turuvchi barcha hududlar Ozarbayjonga o‘tadi. Shuningdek, 2 000 nafar rossiyalik tinchlikparvar askarlar hududda xavfsizlikni ta’minlash uchun 5 yil muddatga safarbar qilinadi.

To‘qnashuvlar davomida Rossiya va Armaniston bir necha bor mojaroga Suriya va Liviyadan kelgan jangchilar jalb qilinganini iddao qildi. Ularni Tog‘li Qoraboqqa Ozarbayjonning eng yaqin ittifoqchisi Turkiya olib kelgani aytildi.

Borrel YeI sulh bitimiga amal qilinishini diqqat bilan kuzatib borishini, chet ellik jangchilar masalasiga esa alohida e’tibor berilishini aytdi.

«YeI, shuningdek, mintaqadan barcha xorijiy jangchilarni zudlik bilan va to‘liq olib chiqib ketishga chaqiradi», dedi Borrel. YeI rasmiysi harbiy to‘qnashuvlarning to‘xtatilishi «uzoq yillik Tog‘li Qorabog‘ mojarosini» tugatish yo‘lida tashlangan birinchi qadam ekanligini qo‘shimcha qildi.

Tog‘li Qorabog‘ xalqaro miqyosda Ozarbayjon hududi o‘laroq tan olingan. Bugungi kunda mintaqada yashayotgan aholining aksariyat qismini etnik armanlar tashkil etadi. Ular Ozarbayjon boshqaruvini tan olmay keladilar.

1994 - yilda yakunlangan urush davomida Ozarbayjon qo‘shinlari va ozarbayjonlik oddiy fuqarolar hududdan siqib chiqarilgan. O‘shandan beri etnik armanlar Armaniston ko‘magi bilan hududni boshqarib kelmoqdalar.

Mojaroga yechimni topish uchun Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilot (YeXHT) qoshida tuzilgan Minsk guruhi vositachiligida o‘tkazilgan muzokaralar 1990 - yillardan beri hech qanday natija bermadi.

«YeI mojaroga muzokaralar asosida, har tomonlama va barqaror echim topishga qaratilgan sa’y-harakatlarni yangilash kerak, deb hisoblaydi», dedi Borrel.

Bayonotda ta’kidlanishicha, YeI «mojaroni uzoq muddatli va har tomonlama hal etishga, jumladan, lozim bo‘lganda barqarorlashtirish, nizodan keyingi reabilitatsiya va ishonchni mustahkamlash choralarini qo‘llab-quvvatlash orqali hissa qo‘shishga» tayyor.

Bu orada 19 - noyabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi so‘nggi olti kun ichida Ozarbayjon va Armaniston mojaro davomida halok bo‘lgan 385 nafar kishi jasadini almashganini e’lon qildi.

9 - noyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda vazirlik matbuot kotibi Mariya Zaxarova ushbu raqam «har ikki tomon yo‘qotishlarini o‘z ichiga olishi»ni aytdi.

XS
SM
MD
LG