Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:37

YeI yetakchilari Belarusdagi uchoq hodisasi va Protasevichning hibsga olinishiga munosabat bildirdi


Roman Protasevich 23 - may kuni Minsk aeroportiga favqulodda qo‘ndirilgan uchoqdan tushirib olingan va hibs qilingan.
Roman Protasevich 23 - may kuni Minsk aeroportiga favqulodda qo‘ndirilgan uchoqdan tushirib olingan va hibs qilingan.

“Ryanair” shirkatining 23 - may, yakshanba kuni Minskga favqulodda qo‘ndirilgan uchog‘i Vilnyusga yetib keldi. Bu haqda jurnalistlarga Litva tashqi ishlar vaziri Gabrielyus Landsbergis ma’lum qilgan. Uchoq bortida 12 mamlakatdan 170 nafarga yaqin yo‘lovchi bo‘lgan.

Litva prezidenti Gitanas Nauseda Belarusdan Minsk aeroportida hibsga olingan yo‘lovchilardan biri, muxolifatchi faol Roman Protasevichni ozod etishni talab qildi.

“Men NATO va YeIdagi ittifoqdoshlarimizni Belarusdagi siyosiy rejimning xalqaro fuqaro aviatsiyasiga nisbatan tahdidiga darhol javob qaytarishga chaqiraman. Xalqaro hamjamiyat bunday holat takrorlanmasligi uchun zudlik bilan chora ko‘rishi lozim”, degan Nauseda.

Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian uchoqning Minsk shahriga majburiy qo‘ndirilishi ortidan yuzaga kelgan vaziyatni “nomaqbul” deb baholadi. U Yevropaning mazkur voqea bo‘yicha yagona pozitsiyasi zarurligini aytgan. “Yevropaliklarning qat’iy va yagona munosabati kerak”, deb yozgan Fransiya TIV rahbari “Twitter”dagi sahifasiga. U ushbu reysning barcha yo‘lovchilariga, jumladan, ehtimoliy belarus muxolifatchilariga ham Belarusni tark etishga darhol ruxsat berilishi lozimligini urg‘ulagan.

Gretsiya hukumati rahbari Kiriakos Mitsotakis yuz bergan voqeani misli ko‘rilmagan harakat deb atadi. “Tijorat uchog‘ini jurnalistni hibs qilish uchun zo‘rlik bilan qo‘ndirish – hech ko‘rilmagan, hayratlanarli holat. Biz barcha yo‘lovchilar darhol qo‘yib yuborilishini talab qilamiz”, deb yozgan u “Twitter”da. “Ertaga Yevropa kengashi Belarusga bosimni kuchaytirish zarurligi haqida murojaat bilan chiqishi kerak. Bas, yetar endi”, qo‘shimcha qilgan Fransiyaning bosh diplomati.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen “Ryanair” uchog‘ining Minskga majburiy qo‘ndirilishini “mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmas holat” deb atagan. U barcha yo‘lovchilarga zudlik bilan Vilnyusga safarlarini davom ettirish imkoniyati berilishi, ularning xavfsizligi ta’minlanishi lozimligini ta’kidlagan.

Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Yevropa Ittifoqi mazkur reysning barcha yo‘lovchilari xavfsizligi uchun mas’uliyatni Belarus hukumati zimmasiga yuklashi to‘g‘risida yozgan.

“Biz “Ryanair” aviashirkatiga tegishli bortning Minskka majburan qo‘ndirilgani haqidagi xabardan juda tashvishdamiz. Biz Belarusni ushbu reysning va uning barcha yo‘lovchilarining o‘z parvozlarini davom ettirishiga darhol izn berishga chaqiramiz”, deya munosabat bildirgan Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel.

23 - may kuni kechqurun Yevropa kengashi saytida Mishelning yanada keskin bayonoti e’lon qilingandi. “Men “Ryanair” shirkati reysining Minskka zo‘rlik bilan qo‘ndirilishini... va jurnalist Roman Protasevichning Belarus hukumati tomonidan qo‘lga olinishini qat’iy qoralayman, – deyiladi bayonotda. – YeI yetakchilari ushbu misli ko‘rilmagan voqeani ertaga Yevropa Kengashi yig‘ilishida muhokama qiladi. U oqibatsiz qolmaydi”. Mishel Belarus hukumatini barcha yo‘lovchilarni ozod etishga va ularning huquqlarini buzmaslikka chaqirgan.

Layner ekipaji uchoq xavf ostida ekanligi haqida Belarus dispetcherlaridan bilishgan, xabarlarga ko‘ra, uchoqni Minsk aeroporti tomon burishni ham shu dispetcherlar taklif qilgan. “Novaya gazeta”ga “Ryanair” aviashirkati vakili shu javobni bergan.

“Uchoq eson-omon qo‘ndirildi, yo‘lovchilar tushirildi, mahalliy xizmatlar uchoqni tekshirdi. Hech narsa topilmadi va taxminan ikki soatdan so‘ng uchoqning yo‘lovchilar va ekipaj bilan birga [Vilnyusga] uchib ketishiga ruxsat berildi”, deyiladi aviashirkat bayonotida.

“Ryanair” aniqlik kiritishicha, uchoq Minsk aeroportida qariyb besh soat qolgan va mahalliy vaqt bilan soat 19.00 da Vilnyusga uchib ketishi kerak bo‘lgan.

“Nemis to‘lqini” radiosi “Ryanair” shirkati “diktator Lukashenkoga sherik” bo‘lgani uchun ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining tanqidlari ostida qolganiga e’tibor qaratgan. Eng keskin izohlarda foydalanuvchilar ushbu holat yuzasidan darhol xalqaro tekshiruv o‘tkazishni talab qilganlar.

“Ryanair” – irland aviatashuvchisi bo‘lib, Yevropadagi eng yirik byudjet aviashirkati hisoblanadi.

XS
SM
MD
LG