Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:19

“YeOIIdan chiqishimiz kerak”. Rossiyaga qarshi sanksiyalar va Qozog‘istonning qayg‘ulari


Olmaotadagi Ko‘k bozor. Qozog‘iston, 2-mart, 2022
Olmaotadagi Ko‘k bozor. Qozog‘iston, 2-mart, 2022

Ukrainaga qarshi urush boshlagani ortidan Rossiyaga qarshi qo‘llangan xalqaro sanksiyalar Moskva bilan chambarchas bog‘liq mamlakatlar, avvalo Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) a’zolarida ham milliy valyuta qadrsizlanishi va oziq-ovqat qimmatlashuviga olib keldi.

Ushbu manzarada YeOIIga a’zolik Rossiyadan boshqa mamlakatlar uchun befoyda, hatto zararli ekani yanada yaqqolroq ko‘zga tashlanmoqda, deb yozmoqda Ozodlik qozoq xizmati.

Sanksiyalar oqibatlari va “no‘noq hukumat”

Qozog‘istonda mart oyida iste’mol narxlari 12 foizga oshganidan so‘ng hukumat 2022-2024-yillarga mo‘ljallangan oziq-ovqat xavfsizligi rejasini tasdiqlagan edi. Shuningdek, tadbirkorlarning taklifiga binoan tezkor aksilinqiroz shtabi ham tuzildi. Shtabga Rossiyaga qarshi sanksiyalarning Qozog‘istonga ta’sirini kamaytirish vazifasi yuklangan.

Ammo ekspertlar hukumat ko‘rayotgan chora-tadbirlar samara berishiga shubha bilan qaramoqdalar.

Iqtisodchi Maqsat Xaliq “Nafaqat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, balki inflyatsiyani kamaytirish ham hukumatning qo‘lidan keladi, biroq u vaziyatni tubdan o‘zgartira oladigan biron ish qilmayapti”, deydi.

Ekspert, xususan, joriy yilda chet eldan sifatli urug‘lik bug‘doy sotib olish kechikayotganini aytadi. Uning fikricha, o‘tgan yilgi qurg‘oqchilikdan so‘ng qozoq bug‘doyining kamyog‘in sharoitga chidamsizligi aniq bo‘lgan.

Maqsat Xaliq, Qozog‘iston ko‘plab oziq-ovqat mahsulotlari bilan o‘zini-o‘zi ta’minlay olsa-da, yog‘-moy, shakar va sut mahsulotlarining katta qismi Rossiyadan, meva-sabzavot esa qo‘shni respublikalardan keltirilishiga e’tibor qaratadi.

Uning aytishicha, tezkor aksilinqiroz shtabi nima bilan shug‘ullanayotgani mavhum bo‘lib qolmoqda. Shtab tuzilgani e’lon qilindi, ammo jamiyat uning kundalik faoliyatidan deyarli bexabar, deydi mutaxassis.

Iqtisodchi Qozog‘iston hukumatini muhtamal tahdidlarga tayyor emas, deb biladi.

“Misol uchun, o‘tgan yili kartoshka bilan sabzi qo‘qqisdan qimmatlab ketdi, hukumat buni oldindan ko‘ra bilmadi. Qancha chorva qirilib ketdi? Hosildorlik keskin kamaydi. Ozuqa qimmatlashi ortidan go‘sht bilan tuxum narxi oshdi. Hukumatning eng katta kamchiligi uning potensial tahdidlarga qarshi strategik reja yo‘qligidir. Bizning rahbarlar muammo ulg‘ayib bo‘lganidan keyingina qimirlay boshlaydi. Natijada zarar yiriklashib, qancha resurs zoye ketadi”, deydi u Ozodlikning qozoq xizmati bilan suhbatda.

Public Policy Research Center direktori, iqtisodchi Meruert Mahmutova hamkasbining fikriga qo‘shiladi. Unga ko‘ra, qozoq hukumati koronavirus pandemiyasi davrida vujudga kelgan iqtisodiy tanglikdan yetarlicha saboq chiqarmagan. Mahmutova hukumat kompleks chora-tadbirlar qolib, oraliq choralarga murojaat qilmoqda.

Iqtisodchi Qozog‘iston YaIMsida qishloq xo‘jaligining ulushi so‘nggi 30 yilda yetti karra kamayib ketganini va bu oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy putur yetkazayotganini aytadi.

“Qishloq xo‘jaligining YaIMdagi ulushi 1991-yilda 34 foiz edi, hozir 5 foiz atrofida. Hukumat neftdan keladigan daromadga hamma narsani sotib olishiga ishonib, katta xatoga qo‘l qo‘ydi. Mana endi jabrini tortyapmiz. Oziq-ovqat xavfsizligi qishloq xo‘jaligining iqtisodiyot tarmog‘i sifatida qay darajada rivojlanishiga bog‘liq. Qolaversa, qishloqda dehqonchilik va chorvachilikdan boshqa soha yo‘q hisob”, deydi Mahmutova.

Ma’lumotlarga ko‘ra, chorvachilik mahsulotlarining 66 va yem-ozuqaning 25 foizi xususiy xo‘jaliklarda ishlab chiqariladi. Barcha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 41 foizini fermerlar yetkazib beradilar. “Yer ajratilganida va qulay kredit tizimi yo‘lga qo‘yilganida odamlar o‘z kunini o‘zi ko‘rardi”, urg‘ulaydi Ozodlik suhbatdoshi.

“Shu mahsulotlarni o‘z fermerlarimiz ishlab chiqarishini istasak...”

Jamoatchi faol va iqtisodchi Muxtor Tayjan oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash uchun korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish lozim, deb biladi.

“Aks holda davlat subsidiyalaridan naf yo‘q. Chunki subsidiyalash sohasida nihoyatda korrupsiyalashgan”, deydi ekspert.

Muxtor Tayjan aksilkorrupsiya agentligi ma’lumotlariga tayanib, qishloq xo‘jaligiga ajratilgan subsidiyalarning qariyb yarmi bekorga sarflanayotganini aytadi. Shu bilan birga, u latifundiyachilar Qozog‘istondagi 75 million gektar yaylovning 40 million gektaridan foydalanmayotganini ta’kidlaydi.

“Yerni davlatga qaytarish kerak. Mahalliy aholi yerdan foydalanish imkoniga ega bo‘lishi lozim. Agarda yer yersiz, uy-joysiz odamlarga taqsimlab berilsa, yaylovlarda chorva tuyog‘i ham ko‘paygan bo‘lur edi. O‘shanda mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligi ham mustahkamlanadi”, deydi iqtisodchi.

Muxtor Tayjan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning yana bir yo‘li –Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidan chiqish ekanini aytadi.

“Agar biz bu ittifoqdan chiqmasak, iqtisodiy vaziyat va oziq-ovqat xavfsizligimiz zaifligicha qoladi. Istalgan do‘konga kiring – mahsulotlarning aksariyati Rossiya va Belarusdan kelgan. Xuddi shu mahsulotlarni o‘z fermerlarimiz ishlab chiqarishini xohlasak, tashkilot tarkibidan chiqishimiz shart”, urg‘ulaydi u Ozodlik bilan suhbatda.

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarning qozoq segmentida Rossiya mahsulotlarini xarid qilmaslikka chaqiriqlar paydo bo‘ldi. Ayrim foydalanuvchilar fikricha, ayni sharoitda Rossiya mollarini sotib olish urushga homiylik qilish bilan teng.

Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili Qozog‘istonning yalpi ichki mahsuloti o‘sishi 4 foizni tashkil qilgan, bu yil o‘sish 1,8 foizdan ziyod bo‘lmasligi bashorat qilinmoqda. Shunga yarasha, o‘tgan yili 8 foiz bo‘lgan inflyatsiya darajasi joriy yilda 10,5 foizga ko‘tarilishi mumkin.

Mart oyida Rossiya bug‘doy eksportini to‘xtatishi ortidan Qozog‘iston ham bug‘doy va un eksportiga kvota joriy etdi. Apreldan e’tiboran Qozog‘iston oyiga ko‘pi bilan bir million tonna bug‘doy va 300 ming tonna un eksport qilishi mumkin.

Jahon banki Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi ko‘p mamlakatlarga oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilinishini cheklab, qimmatchilikka sabab bo‘lishidan jiddiy tashvishlanmoqda. Tashkilot Yevropa ittifoqi, AQSh, Kanada va boshqa mamlakatlarni oziq-ovqat mahsulotlari eksportini taqiqlamaslikka chaqirdi.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga qurolli tajovuzi tufayli jahonda oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 22 foizga oshishi mumkin. Ekspertlar global oziq-ovqat inqirozi qashshoq mamlakatlarda o‘n millionlab odamlarni ocharchilikka mahkum etishini bashorat qilishmoqda.

Rossiya va Ukraina jahon bozoridagi bug‘doyning uchdan birini va makkajo‘xorining beshdan bir qismini yetkazib beradi.

XS
SM
MD
LG