Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:30

"Yer osti suv sathi pasayib ketgan". O‘zbekistonda quduq burg‘ilashga moratoriy joriy qilindi


O‘zbekistonda yer osti suvlari sathining ko‘p yillik o‘rtacha me’yordan 5 metr va undan ortiq pasayib ketgani aytiladi.
O‘zbekistonda yer osti suvlari sathining ko‘p yillik o‘rtacha me’yordan 5 metr va undan ortiq pasayib ketgani aytiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev qaroriga ko‘ra 1-avgustdan boshlab yer osti chuchuk suvlariga quduq burg‘ilash va suvdan maxsus foydalanishga ruxsatnoma berish bo‘yicha moratoriy joriy qilish ko‘zda tutilgan.

Bunga ayrim hududlardagi yer osti suvlari sathining ko‘p yillik o‘rtacha me’yordan 5 metr va undan ortiq pasayib, ular resurslarining kamayib ketishi sabab bo‘lgan.

Quduqdan tomorqasini sug‘oradigan aholi vakillari va fermerlar, agar quduqlardan foydalanish to‘xtatiladigan bo‘lsa, qurg‘oqchilik davrida ekinga boshqa suv manbasi topish imkonsiz ekanligini aytmoqda.

Prezident qarorida aytilishicha, so‘nggi yillarda Davlat geologiya qo‘mitasining hududiy gidrogeologiya stansiyalari tomonidan 1200 dan ortiq yer osti suvlariga ruxsatsiz burg‘ilash va ulardan foydalanish holatlari aniqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi va soha mutaxassislarining yer osti suvlari monitoringi natijalariga ko‘ra so‘nggi yillarda Navoiy, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining ayrim hududlarida yer osti suv sathining 5 metrgacha va undan ortiq pasayib ketgani kuzatilgan.

Shuning uchun ham bu hududlarda yerlarni sug‘orish va ishlab chiqarish maqsadlarda yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash hamda mavjud quduqlardan suv tejovchi texnologiyalarsiz yerlarni sug‘orish taqiqlanadi.

Buxorolik fermer Shuhrat Razzoqov fikricha, haqiqatan ham so‘nggi paytda burg‘ilab suv chiqarish holatlari ko‘paygan, ammo bu besabab emas:

“Hukumat aholini va uning tomorqasini suv bilan ta’minlay olmaganidan so‘ng, odamlar o‘zlari yashash uchun, sharoitini yaxshilash uchun qo‘lidan kelgan harakatni qilyapti. Chunki ariqlarimizda suv yo‘q, kanallarimizda suv yo‘q. Agar bu quduqlarning faoliyatini to‘xtatsa, bilmadim buning oxiri nima bo‘ladi?”

Fermerning aytishicha, suvdan ratsional foydalanmaslik, suv ta’minotida korrupsiya sabab ana shunday muammo yuzaga kelgan:

“Mana yaqinda xorazmlik fermer bir video e’lon qildi. Paxtaga suv yo‘q, lekin minglab gektar sholi esa suv ichib yotibdi. Bunday holat bizda ham bor. Qurg‘oqchilik deymizu, lekin suvning qayerga ketayotganini aniq hisobini bermaymiz. Karimov davrida faqat belgilangan joylarda sholi ekilardi. Hozir hamma sholi ekadi. Suv taqsimlashda tartib ham yo‘q, intizom ham yo‘q. Quloqning boshidagi paxta ham, sholi ham, makka ham ekib bemalol sug‘orib oladiyu, quloqning oxiridagi esa hatto paxtasiga suv topolmaydi”.

Shuhrat Razzoqov fikricha, suv taqsimotida adolatli va tejamli texnologiya joriy qilinmas ekan, vaziyat kundan kunga og‘irlashib boraveradi:

“Qarorda ichimlikdan tashqari maqsadlarda suv hisoblash vositalarisiz yer osti suvlaridan olinganda soliq to‘lovi belgilangan soliq stavkasi 5 baravari miqdorida undiriladi, deyilgan. Bu, dehqonning ekinidan olgan daromadi soliqning o‘ziga ketadi, degani. Xalqning bir parcha yeridan boshqa daromadi yo‘q. Bu fermerlarga ham tegishli. Agar quduqlarga moratoriy e’lon qilsa, unda avval suv yetkazib berishni tashkillashtirish kerak. Suvni tejashni o‘rganish kerak, minglab gektarga sholi, minglab gektarga tariq ekishni yig‘ishtirish kerak. Bir gektar sholiga 20 ming kub suv ketadi, tasavvur qilyapsizmi?”

Ismi sir qolishini so‘ragan o‘zbekistonlik irrigatorlardan birining aytishicha, erosti suvlari sathining pasayib ketayotgani bir necha yildan buyon kuzatilmoqda:

“Yer osti suvning zapasini e’tiborga olmasdan, kim so‘rab borsa, bular burg‘ilashga litsenziya berib yuborishaverdi. Bu o‘z-o‘zidan bo‘ldi, o‘zlari bilmay ruxsat berdi, deb o‘ylaysizmi. Yo‘q, albatta, buning hammasining tagida korrupsiya yotibdi. Natijada 3-4 yil avvalgilari emas, bir-ikki yil oldin qazilganlari ham qurib qola boshladi. Ayniqsa, Samarqand viloyatining Qo‘shrabot, Buxoro viloyati hududlarida shunday holat ro‘y berdi. Har bir burg‘ilash uchun davlat 120 million so‘mdan subsidiya ham bergan”.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi gidrogeologiya bo‘limi bosh mutaxassisi Nodir Boyboboyevning Ozodlikka aytishicha, ruxsatsiz burg‘ilash ko‘payib ketganligi sabab yer osti suvlari sathi tushib ketgan:

“Bizda, O‘zbekistonda hozir ruxsatsiz burg‘ilash ko‘payib ketdi. Vazirlar Mahkamasining uchta hududga, Samarqand viloyatining Qo‘shrabot, Navoiy viloyatining Nurota va Jizzax viloyatining Zomin tumaniga qarori chiqqan edi. U yerda dehqonchilik yerlarini o‘zlashtirishlar ko‘p, hammasi o‘ziga ruxsatsiz skvajina qazib olgan edi. Keyin biz boshqa viloyatlarni to‘rt yil davomida tekshirdik va bugungi holat yuzaga kelganini aniqladik. Ya’ni resursdan ko‘proq suv olib, samarasiz foydalanayotganini ko‘rdik. Endi suv sathi besh metrdan tushib ketsa faqat ichimlik suv uchun, besh metrgacha bo‘lsa unda faqat davlat dasturlari doirasida qazishga ruxsat beriladi”.

Nodir Boyboboyevning aytishicha, hozir ishlab turgan quduqlar ishlayveradi, faqat bitta shart bilan:

“Tomchilatib sug‘orish, suvni tejaydigan ilg‘or texnologiyalarni qo‘llagan taqdirda ruxsat beriladi. Egatlab sug‘orishda bir kvadrat metrga 600 litr suv ketadi, agar tomchilatib sug‘oradigan bo‘lsa bir gektarga 300 gramm suv ketadi. Farqni ko‘ryapsizmi? Bu qarorni ko‘pchilik noto‘g‘ri tushunyapti, bunda aholining o‘zining tomorqasini yoki chorvog‘ini sug‘orish haqida gap bormayapti. Masalan, siz o‘zingizning uyingizdan kuniga besh kubometrgacha suv oladigan bo‘lsangiz, unga hech qanday ruxsatnoma shart emas”.

Nodir Boyboboyevning so‘zlariga ko‘ra, yer osti suvlari o‘zining barqaror holatiga kelmaguncha moratoriy davom etadi.

Yer osti suvlari asosan daryolardan, yog‘ingarchilikdan to‘yinadi. Mutaxassislar so‘nggi yillardagi global issiqlik, yog‘ingarchilikning kam bo‘lishi yer osti suvlarining kamayishiga olib kelganini aytishadi.

XS
SM
MD
LG