Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:36

Yeri tortib olingan tadbirkor Xalq qabulxonasida o‘zini “lezviya” bilan tildi


Ma’murjon Berdaliyev uch yildan buyon adolatsizliklar yuzasidan prezidentga murojaat qilayotganini aytadi - video skrinshoti
Ma’murjon Berdaliyev uch yildan buyon adolatsizliklar yuzasidan prezidentga murojaat qilayotganini aytadi - video skrinshoti

Farg‘ona viloyat, Oltiariq tuman, Birlashgan MFYda yashaydigan Ma’murjon Berdaliyev 11 mart kuni tuman Xalq qabulxonasi oldida qo‘llarini o‘tkir tig‘ bilan tildi.

Ma’murjon Berdaliyevning iddao qilishicha, u tadbirkorlik qilish uchun uch marta yer olgan, lekin har safar hujjatlarni taxlab bo‘lganidan keyin prokuror protest kiritib, yeri olib qo‘yilgan va boshqa shaxslarga berib yuborilgan.

Oltiariq tumani hokimi yordamchisi Avazbek Hojiakbarov, noqonuniy foydalanganlik uchun Ma’murjon Berdaliyevdan yer olib qo‘yilganini aytdi.

Ozodlikka yuborilgan o‘n bir daqiqalik videoda Ma’murjon Berdaliyev Xalq qabulxonasi binosi oldida yenglarini tirsagigacha shimarib olgan, bir qo‘lida o‘tkir tig‘(lezviya) ushlagan holda qattiq-qattiq gapirayotgani ko‘rinadi. Videoda uning ikki bilagi tilingani va qon oqayotganini ko‘rish mumkin.

Qo‘lidag‘i tig‘ bilan u yoqdan bu yoqqa yurib gapirayotgan Ma’murjon Berdaliyev tuman hokimini yerlarni sotib yuborganlikda ayblaydi:

“Nima qilish kerak, a, nima qilish kerak? Hokimning yonini olaverish kerakmi? Hamma yoqni sotib tugatdiku, Oltiariqning yarmini yeb bo‘ldi!

Ери тортиб олинган тадбиркор Халқ қабулхонасида ўзини "лезвия" билан тилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:26 0:00

Ma’murjon Berdaliyev uch yildan buyon sarson bo‘lib yurganini aytadi:

“Bu ifloslar meni uch yildan buyon sarson qildi, qarzga tiqtirdi. Yer beradi, yer oladi, prokuror noqonuniy qaror chiqarayotgan zamining joylariga protest bersin, kambag‘alnikiga protest beradimi? Vazirlikka borsak vazirlik bir pul deyapti, anashunaqa … bo‘lib ketgan hokim!”

Ma’murjon Berdaliyev uch yildan buyon adolatsizliklar yuzasidan prezidentga murojaat qilayotgani, ammo hech qanday natijaga erisholmaganini aytadi:

“Jonimdan to‘ydim, hozir o‘zimni ham so‘yaman. Ifloslar, odam o‘lgandan keyin qaraydi”

Berdaliyev o‘zini shu holatga olib kelgan sabablarni ayta boshlaydi:

“Mana qaranglar, mana qarorni beryapti, agar bu noqonuniy bo‘layotgan bo‘lsa, nega bitta tartib qo‘llamayapti? Men pul sarflab ro‘yxatdan o‘tyapman, tadbirkor bo‘lib ijara shartnomamni olganimdan keyin protest beradimi? Bitta tadbirkorni qarzga tiqishmi, bitta odamni o‘ldirishmi, bu iflos hokimni? Birlashgan MFYdanman, bormi bu haqiqatni ochadigan?”

Tadbirkorning iddao qilishicha, hokim unga uch marta tadbirkorlik uchun yer bergan va uch safar ham prokuror protest keltirib, yer qaytarib olingan.

Video so‘ngida bir nafar organ xodimi unga yaqinlashib, gaplasha boshlaydi. Atrofdagi odamlar “tegmang, yaqiniga bormang, yana Namangandagi o‘ziga o‘t qo‘yib yuborgan ayolday bo‘lmasin, deb ogohlantirishadi. Organ xodimi Ma’murjon Berdaliyevni gapga solib turganda, ikkinchi xodim kelib, uning tig‘ ushlagan qo‘lini qayirib, tig‘ni tushirib yuboradi va olib ketishadi.

Ozodlikning Ma’murjon Berdaliyev bilan bog‘lanishga urinishlari hozircha natija bermadi.

Oltiariq tumani hokimining yordamchisi Avazbek Hojiakbarov bu hodisa paytida uning o‘zi ham Xalq qabulxonasida bo‘lganini aytdi:

“Men ham o‘sha yerda edim. Berdaliyev Ma’murjon, Eski arab MFY(videoda Berdaliyevning o‘zi Birlashgan MFYdan ekanligini aytadi - tahr.)da istiqomat qiladi. To‘rt-besh yil mobaynida bog‘dorchilik uchun yer so‘ragan, uch-to‘rt marta yer berilgan. O‘zi foydalanmasdan boshqalarga sotib yuborgan. Yurtboshimizning o‘tgan yilgi tashrifi chog‘ida tumanda 3000 gektra yerni uzumchilikka chiqarish bo‘yicha topshiriq bo‘lgan edi. Shu asosda unga ham yer berilgan edi. Hokimiyat yerni bergan, lekin prokuratura tekshirganda hujjatlardan qanaqadir kamchilik topilib, qarorga protest berilgan. Endi shu yerni ham sotaman, degan telefon zapislari ham bor bizda. Biz juda ko‘p yordam berdik. Endi o‘zimni bunday qilaman, unday qilaman degan yo‘lga o‘tib oldi”.

Avazbek Hojiakbarovning aytishicha, voqea joyiga "tez yordam" chaqirtirilib, Ma’murjon Berdaliyevga birinchi yordam ko‘rsatilgan. Olgan jarohatlari og‘ir bo‘lmagani uchun uyiga javob berib yuborilgan.

O‘zbekistonda huquqlari poymol etilgan fuqarolarning chorasizlik amallari bot-bot kuzatilib turadi.

Namangan shahar, Istiqbol MFYda istiqomat qilgan 35 yashar yolg‘iz ayol Gulandom Dedabayeva 29 - sentabr kuni o‘ziga o‘t qo‘yib halok bo‘lgan edi.

Yaqinlariga ko‘ra, Gulandom ikki yarim yil avval sotib olgan uyidan majburan chiqarmoqchi bo‘lgan MIB xodimlariga shu tariqa o‘z noroziligini izhor qilgan.

XS
SM
MD
LG