Линклар

Шошилинч хабар
31 июл 2021, Тошкент вақти: 04:17

Yevropa Ittifoqi MAZ va BelAZga nisbatan sanksiyalar joriy qildi


MAZ va BelAZ Belarusning yirik avtomobolsizlik korxonalaridir. Suratda: BelAZ yuk mashinasi g‘ildiragi.

Yevropa Ittifoqi Belarusning yirik avtomobolsizlik korxonalari MAZ va BelAZga hamda bu korxonalarga aloqasi bor rossiyalik tadbirkor Mixail Gutseriyevga nisbatan sanksiyalar joriy etdi. Jazo choralari Belarus hukumati tomonidan inson huquqlari buzilishiga javobdir.

Aleksandr Lukashenko rejimiga qarshi personal sanksiyalarning to‘rtinchi turkumi 21 - iyun kuni ma’qullangan edi. “Russneft” shirkati rahbari bo‘lmish Gutseriyev Belarus hukumatining yirik biznes-sherigi sifatida tanilgan.

“Kommersant’” xabariga ko‘ra, rossiyalik tadbirkor va “Safmar” guruhi rahbari Mixail Gutseriyev Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoni dastaklagani uchun YeI “qora ro‘yxati”ga tirkalgan. Ma’lum bo‘lishicha, Gutseriyev Aleksandr Lukashenko bilan avvaldan do‘st bo‘lib, shuning ortidan “katta boylik va respublika siyosiy elitasi orasida obro‘-e’tibor orttirgan”, deya qayd etilgan “Kommersant’” maqolasida.

YeI sanksiyasiga tushganlar ro‘yxatida 78 jismoniy va 8 yuridik shaxs nomlari keltirilgan. To‘liq ro‘yxatni “Ozodlik”ning belarus xizmati e’lon qilgan.

Sanksiyalar kuchaytirilishi Belarus hukumatining oxirgi xatti-harakatlari, xususan Ryanair uchog‘i Minskga majburan qo‘ndirilishi va uning ikki yo‘lovchisi — bloger Roman Protasevich hamda uning qiz o‘rtog‘i, rossiyaliik talaba Sofiya Sapegalarning hibsga olinishi bilan bog‘liq.

YeIning Lukashenkoga qarshi yangi sanksiyalari mamlakatning eng yirik avtomobilsozlik korxonalari bo‘lmish MAZ va BelAZga ham daxl qiladi. Ro‘yxatda, shuningdek, Gutseriyev bilan bog‘liq “Novaya neftyanaya kompaniya”, “Belaeronavigatsiya” va yana 4 shirkat bor.

Jismoniy shaxslardan tadbirkorlar Aleksey Olesin, Aleksandr Zaysev va Sergey Teterin, Aleksandr Lukashenkoning oila a’zolari, deputatlar, tergovchilar, sudyalar, huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari hamda OTM rektorlari YeI “qora ro‘yxati”ga tushgan.

Yevropa kengashi rahbari Sharlь Mishel sanksiyalarni “Aleksandr Lukashenko rejimiga mujda” deb atagan. Sanksiyalar bekor qilinishiga, uning aytishicha, qatag‘onlarni to‘xtatish, siyosiy mahbuslarni ozod etish va umummilliy siyosiy muloqotni boshlash bilan erishish mumkin.

YeI mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari Belarusga qarshi sohaviy sanksiyalarni ham ma’qullashgan. Belarus eksportiga taalluqli ushbu sanktsiyalar YeI davlatlari rahbarlarining 24-25 - iyun kunlari o‘tkazilajak sammitida tasdiqlanishi kutilmoqda.

Ozod Yevropa radiosi/Ozodlik radiosi muxbirining xabar berishicha, sanksiyalar Belarusning neft va kaliy sanoatini, shuningdek bank sohasini qamrab oladi.

Qo‘shma Shtatlar ham “Lukashenko rejimining zo‘ravonlik va qatag‘onlarni avj oldirishiga javob sifatida” Belarusning 16 nafar fuqarosi va olti kuchishlatar tuzilmaga qarshi sanksiyalar joriy qilgan edi. “Zo‘ravonlik va qatag‘onlar” deganda, jumladan, Irlandiyaning Ryanair aviashirkati uchog‘ining Minsk shahriga majburan qo‘ndirilishi ortidan NEXTA telegram-kanali sobiq bosh muharriri Roman Protasevich hibs qilinishi voqeasi nazarda tutilgan.

XS
SM
MD
LG