Линклар

Шошилинч хабар
15 май 2021, Тошкент вақти: 11:14

Yevropada Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasi bilan bog‘liq siyosiy mojarolar to‘xtamayapti


Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasi ayni damda Yevropa Dori-darmon agentligida ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda.

8 - aprel kuni «Sputnik V» vaksinasini targ‘ib qiluvchi Rossiya To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jamg‘armasi (RFPI) Slovakiyaga yuborilgan vaksina dozalari qaytarilishini talab qildi. Bunga Slovakiya Dori-darmonlarni nazorat qilish idorasi mamlakatga yuborilgan dozalar Yevropa Dori-darmon agentligi ko‘rib chiqayotgan vaksinadan farq qilishini ma’lum qilgani turtki bo‘ldi.

Bratislava va Moskva tortishuvi rus vaksinasini Yevropa bo‘ylab tarqatish yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakatlar uchun navbatdagi zarba bo‘ldi.

7 aprel kuni «Sputnik V» vaksinasidan foydalanishga ruxsat bermagan Chexiya sog‘liqni saqlash vaziri ishdan bo‘shatilgan edi.

Pragadagi yetakchi kasalxonalardan biri rahbari Petr Arenberger Chexiya sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tayinlandi. Prezident Milosh Zeman Sog‘liqni saqlash vazirligining yangi rahbariga murojaat qilib, uni Chexiya fuqarolari sog‘lig‘ini ta’minlash uchun ish olib borishga va aholini emlash uchun koronavirusga qarshi vaksinalar, shu jumladan, Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasi yetarli ekanini ta’minlashga chaqirdi.

Zemanning ta’kidlashicha, u Isroil, Rossiya va Xitoy rahbarlariga vaksina yetkazib berishni so‘rab, maktub yo‘llagan.

Arenbergerdan oldini vazir Yan Blatni rus vaksinasi Yevropa regulyatori tomonidan tasdiqlanishidan oldin undan foydalanishga qarshi chiqqan edi. Prezident Zeman va Chexiya bosh vaziri Andrey Babish mamlakatda va Yevropa Ittifoqida emlash jarayoni sekin siljiyotganini aytib, «Sputnik V» vaksinasi bo‘yicha sobiq vazirning pozitsiyasini tanqid qilib kelayotgan edi. Blatni iste’fosini siyosiy qaror deb atadi.

Bosh vazir Babish Blatnanininng iste’fosi rus vaksinasi bilan bog‘liq emasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Chexiya vaksinani Yevropa Ittifoqidan alohida ro‘yxatdan o‘tkazmaydi. Babish vazirning ishdan bo‘shatilishining asosiy sababi Sog‘liqni saqlash vazirligini boshqarishga turli xil yondashuvlar, shu jumladan, vazirlikdagi ortiqcha byurokratiya ekanini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq Arenberger Rossiya vaksinasidan ko‘ngillilar orasida o‘tkaziladigan klinik sinovlarda foydalanishga ruxsat berilishini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun Chexiya regulyatori roziligi yetarli bo‘ladi. Vazir bunday ruxsatni bir oy ichida olishga umid qilmoqda.

Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasi ayni damda Yevropa Dori-darmon agentligida ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda. Agar vaksina tasdiqlansa, undan Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida foydalanish mumkin bo‘ladi.

Financial Times gazetasi o‘z manbalariga tayangan holda Yevropa Dori-darmon agentligi «Sputnik V» vaksinasini sinovdan o‘tkazish davomida axloqiy qoidalarga amal qilingani yoki yo‘qligini ko‘rib chiqishini xabar qildi. Avvalroq Reuters agentligi Rossiyada ayrim davlat xizmatchilari test sinovlarida qatnashishga majburlanganini xabar qilgan edi.

Rossiya buni rad etdi. «Sputnik V» vaksinasini targ‘ib qiluvchi Rossiya To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jamg‘armasi (RFPI) matbuot xizmati Financial Times gazetasi hisobotini noto‘g‘ri deb atadi.

Chexiya Respublikasida qariyb 11 million odam istiqomat qiladi. O‘tgan yilning kuzida mamlakatda COVID-19 holatlari keskin o‘sdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Chexiyada pandemiya boshlanganidan beri 1,5 milliondan ortiq koronavirusga chalinish holati qayd etilgan, 27 mingdan ziyod odam nobud bo‘lgan.

Yevropada Vengriya va Slovakiya mustaqil ravishda aholini «Sputnik V» vaksinasi bilan emlamoqda. Slovakiyada rus vaksinasidan foydalanila boshlangani siyosiy inqirozga sabab bo‘ldi. Natijada bosh vazir Igor Matovich iste’foga chiqdi.

Avstriya ham «Sputnik M» vaksinasini xarid qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda mart oyi oxirida kantsler Sebastyan Kurs ma’lum qildi.

Germaniya Rossiya vaksinasi Yevropa Ittifoqida tasdiqlanganidan keyin, undan foydalanishga hozirligini izhor qildi.

XS
SM
MD
LG