Линклар

Шошилинч хабар
15 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:12

Yevropadagi toshqinlarda bir necha kishi qurbon bo‘ldi


Markaziy va Sharqiy Yevropada rasmiylar va mahalliy aholi ichidan bo‘lgan ko‘ngillilar shiddatli jala va u tufayli yuzaga kelgan toshqinlar oqibatiga qarshi kurashish urinishlarini davom ettirishmoqda. Bir necha mamlakatda ko‘plab aholi punktlarini suv bosgan, qurbonlar bor.

Ruminiya rasmiylari yog‘ingarchilik natijasida mamlakatda kamida to‘rt kishi halok bo‘lgani, yana ikki kishi bedarak ketganini bildirishgan. Chexiyada to‘rt kishi bedarak yo‘qolgan. Polshada bir kishi cho‘kib ketgan.

Tezkor xizmatlar Avstriya, Chexiya, Polsha va Ruminiyaning pasttekislikdan iborat hududlarida toshqinga qarshi chora-tadbirlarni kuchaytirishgan. Polshada suv ombori to‘lib-toshishi bilan bog‘liq xavfli vaziyat tufayli mamlakat janubiy-sharqidadagi Mejigorje aholi punkti aholisini evakuatsiya qilgan. Polshaning Chexiya chegarasidan uncha uzoq bo‘lmagan Gluxolazi shahrida ko‘prik qulab tushgan. Strone-Shlyonske shahrida esa toshqin tufayli to‘g‘on o‘pirilgan.

Chexiyada chorak millionta uy elektrsiz qolgan. Bu, jumladan yer yumshab ketgani tufayli elektr uzatish liniyasiga daraxtlar qulagani bilan bog‘liq. Eng qiyin vaziyat Moraviya va Sileziyada yuzaga kelgani aytilmoqda. Toshqin vajidan Opava, Yesenik, Krnov aholisining bir qismi evakuatsiya qilinyapti. Ganushovitse shahri ko‘chalari qariyb butunlay suv ostida qolgan, bir necha uy qulagan.

Chexiya poytaxti Pragada ham rasmiylar suv toshqiniga qarshi tezkor choralarni ko‘rishmoqda.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy yakshanba oqshomidagi videomurojaatida Kiyev toshqindan zarar ko‘rgan mamlakatlarga ukrainalik qutqaruvchilar yordamini taklif qilganini bildirgan. Avvalroq Chexiya TIV rahbari Yan Lipavskiy Ukrainadan yordam taklifi tushganini ma’lum qilgan. Chexiya va Markaziy Yevropaning boshqa mamlakatlari so‘nggi yillarda Rossiya bosqinidan qochib kelgan yuz minglab ukrainalikni qabul qilgan edi.

Avstriyada o‘nlab munitsipalitet ofat hududi deb e’lon qilingan. Pensing hududida Dunay daryosi toshgani tufayli poytaxt Venada ham toshqin boshlangan. Dunayga quyiluvchi Kamp va Krems daryolarida suv sathi ko‘tarilgani qayd etilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ruminiyada tabiiy ofat 20 ta munitsipalitet va 8 ta uyezdda talafotlarga sabab bo‘lgan, minglab uyga shikast yetgan. O‘n minglab odam qiyinchiliklarga duch kelgan, ularning bir qismi evakuatsiya qilingan. Bosh vazir Marchel Cholaku tabiiy ofatdan eng ko‘p zarar ko‘rgan Galas uyezdiga qilgan safarida odamlar uchun vaqtincha boshpanalar barpo etilajagini e’lon qilgan. Mazkur uyezdda ko‘plab avtoyo‘llar va ko‘priklar to‘silgan. Qutqaruvchilar harbiylar yordamida Galatsdagi hamda Vasluy uyezdidagi turg‘unlar yoniga yetib borish uchun qayiqlardan va boshqa usullardan foydalanishmoqda. Vasluyda odamlar uylarining tomiga chiqib, yordam kutib o‘tirishgani aytilmoqda.

Chexiya, Polsha, Vengriya, Slovakiya, Avstriya va Germaniya janubida 13-sentyabr tongidan buyon kuchli jala tinmayapti. Tabiiy ofatga “Boris” sikloni sabab bo‘lgani aytilmoqda. Meteorologlar taxminicha, bu hududlarda yog‘ingarchilik 17-sentyabrgacha davom etishi mumkin.

XS
SM
MD
LG