Yevropa parlamenti Rossiya rasmiylariga Ozodlikning tatar-boshqird xizmati jurnalisti Alsu Kurmasheva va mamlakatdagi boshqa siyosiy mahkumlarni qamoqdan zudlik bilan ozod qilish chaqirig‘i bilan murojaat qilingan rezolyutsiyani qabul qildi. Bu haqda Yevroparlament matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.
Qayd etilishicha, yevropalik deputatlarning 493 nafari rezolyutsiyani yoqlab ovoz bergan, 11 nafari qarshi chiqqan, 18 nafar deputat esa ovoz berishdan tiyilgan.
Yevroparlament vakillari Rossiya qamoqxonalaridan ozod qilishi lozim deb bilganlar orasida The Wall Street Journal nashri muxbiri Evan Gershkovich, muxolifatchilar Vladimir Kara-Murza va Ilya Yashin, huquqbon Oleg Orlov, Aleksey Navalniyning safdoshi Kseniya Fadeyeva, davlatga xiyonatda ayblanib, qamalgan “Kommersant” va “Vedomosti” nashrlari sobiq jurnalisti Ivan Safronov kabilar bor.
Rezolyutsiya Rossiyada bo‘lib o‘tgan nodemokratik prezident saylovi hamda uning Ukrainada noqonuniy ravishda o‘tkazilishini qoralovchi umumiy hujjatning bir qismi bo‘lgan.
“Arzimagan odamlar arzimas hujjatni qabul qilishibdi”, deb yozgan Rossiya TIV vakilasi Mariya Zaxarova saylov to‘g‘risidagi Yevroparlament rezolyutsiyasi yuzasidan izoh berarkan.
Ozodlik jurnalisti Alsu Kurmasheva o‘tgan yilning oktyabr oyida Qozon shahrida hibsga olingan. 47 yoshli jurnalist ayol Rossiyaning jurnalistlar, fuqarolik jamiyati faollari va boshqa shaxslarni jazolashga yo‘naltirilgan qonuniga muvofiq xorijiy agent sifatida ro‘yxatdan o‘tishdan bosh tortganlikda ayblangan. Unga Rossiya armiyasi haqida “feyk” (yolg‘on ma’lumot) tarqatganlik ayblovi ham qo‘yilgan. Bu ayblov sudda isbotini topgan taqdirda, Kurmasheva 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
RFE/RL va AQSH hukumati mazkur ayblovlar Kurmashevaning Pragadagi jurnalistik faoliyati uchun qatag‘on usuli ekanini bildirib keladi. Ozodlik tatar-boshqird xizmatining Pragadagi qarorgohida jurnalist bo‘lib ishlaydigan Alsu Kurmasheva Tataristonga qari onasini ziyorat qilib, unga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish uchun borgan edi. U dastavval 2023-yilning 2-iyun kuni Chexiyaga qaytayotganda Qozon aeroportida ushlab qolingan, o‘sha yerda uning AQSH va Rossiya pasportlari olib qo‘yilgan.
Ko‘plab tanqidchilar va huquqbonlik tashkilotlari xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonundan Kreml har qanaqa o‘zgacha fikrlilikni bostirish yo‘lida foydalanayotganini iddao qilib kelishadi. Shuningdek, Moskva AQSH fuqarolarini Qo‘shma Shtatlar qamoqxonalarida o‘tirgan rossiyaliklarga almashtirish uchun qo‘lga olayotganlikda ayblanadi.
Joriy yilning 1-aprel kuni Rossiyadagi sud RFE/RL jurnalisti Alsu Kurmashevaning hibsda qolish muddatini 5-iyungacha uzaytirish haqida qaror chiqargan edi.