Yevropa Ittifoqi davlatlari Ukrainaga Rossiya hududidagi qonuniy harbiy nishonlarga zarba berish uchun ruxsat berishi kerak.
Yevropa parlamenti tomonidan 19-sentyabr kuni qabul qilingan rezolyutsiyadan ana shunday chaqiriq o‘rin olgan.
Tavsiya xarakteriga ega hujjatni YI qonunchilik idorasining 425 a’zosi qo‘llab-quvvatlagan, 131 deputat qarshi chiqqan, 63 nafari ovoz berishdan tiyilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, YI davlatlari ushbu cheklovni bekor qilmas ekan, Ukraina o‘z-o‘zini mudofaa qilish huquqidan to‘liq foydalana olmaydi va Rossiyaning fuqarolik obyektlariga hujumlari qarshisida himoyasiz qoladi.
Yevroparlament deputatlari YI davlatlarining Ukrainaga harbiy ko‘magi hajmi kamayib borayotgani yuzasidan ham xavotir izhor qilgan. Xususan, Germaniya Kiyevga Taurus raketalarini yetkazish tavsiya etilgan.
Yevropa qonunchilari fikricha, YI davlatlari va NATOga a’zo ittifoqchilar Ukrainani harbiy jabhada dastaklash uchun har yili YIMning kamida 0,25 foizi miqdorida ko‘mak ko‘rsatishi kerak.
Rezolyutsiyada Rossiyani bosqinchilik urushida qurol-aslaha va boshqa yo‘llar bilan dastaklayotgan Belarus, Eron va Shimoliy Koreyaga sanksiyalarni kuchaytirish talabi ham ilgari surilgan.
Ayni vaqtda G‘arb davlatlari, xususan, AQSH va Buyuk Britaniya tomonidan Ukrainaga yetkazilgan uzoq masofadagi nishonlarni yo‘q qiluvchi raketalardan Rossiyaga qarshi qo‘llash masalasi qizg‘in muhokama etilmoqda.
Kiyev Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga ushbu raketalar orqali zarba yo‘llashga ijozat so‘ramoqda. Vashington va London bu borada yakuniy qaror qabul qilganicha yo‘q.
YI AQSH va Buyuk Britaniyani Kiyevning iltimosini yerda qoldirmaslikka undayotir.