Линклар

Шошилинч хабар
27 октябр 2021, Тошкент вақти: 22:02

Yevroparlament: YeI Rossiya Davlat Dumasiga saylovni tan olmaslikka tayyor turishi kerak


Rostov - Don mintaqasidagi saylov uchastkalaridan biri. Rossiya, 17 - sentabr, 2021

Yevropa parlamenti 15 - sentabr kuni Yevrokomissiya va Yevropa Kengashi uchun Rossiya bilan munosabatlarga oid tavsiyalarni ma’qulladi. Tavsiyalar Rossiya hukumatiga nisbatan keskin tanqidiy mazmunda bo‘lib, unda sanksiyalarni kuchaytirish va Davlat Dumasiga saylovning legitimligini tan olishni rad etishga chaqiriqlar bor.

Hujjat tavsiyaviy ahamiyatga ega – Yevropa ittifoqi ijroiya tuzilmalari unga amal qilishga majbur emas.

Tavsiyalar bo‘yicha ovoz berish natijalari payshanba kuni ma’lum bo‘ldi. Yevroparlament deputatlaridan 494 nafari hujjatni yoqlab, 103 nafari esa unga qarshi ovoz berdi. 72 nafar deputat betaraf qoldi.

Hujjatda Yevroparlament deputatlari nazdida Rossiya hukumati yo‘l qo‘yayotgan inson huquqlari va xalqaro huquq me’yorlari buzilishiga oid qator holatlar sanab o‘tilgan. Qrimning bosib olinishi, Rossiyaning YeI mamlakatlaridagi propagandasi va soxta axborot tarqatish faoliyati, “xorijiy agentlar” haqidagi qonunchilik, Aleksey Navalniyning zaharlanishi va qamalishi, siyosiy va fuqaroviy faollarga qarshi qatag‘onlar, Chexiya hududida amalga oshirilgan qo‘poruvchilik harakatlari shular jumlasidandir.

“Yevropaning ajralmas qismi”

Rossiya hujjatda “Yevropa qit’asining ajralmas qismi” deb atalgan va uning YeI bilan tarixiy, iqtisodiy, madaniy va insoniy aloqalarga hamda demokratik davlat o‘laroq rivojlanish salohiyatiga egaligi ta’kidlangan.

Yevroparlament “Rossiya xalqi hamda jamiyatni ortga siltovchi avtoritar kleptokratiya bo‘lmish prezident Putin rejimi” o‘rtasidagi tafovutni qayd etgan. Urg‘ulanishicha, taklif qilingan choralar Rossiya hukumatiga qarshi qaratilgan, Rossiya xalqiga emas. Binobarin, mazkur strategiya ham Kremlni xatti-harakatlardan tiyishga, ham Rossiya fuqarolari bilan muloqot olib borishga asoslanmog‘i lozim.

Hujjat mualliflariga ko‘ra, YeI strategiyasi erkinlik va demokratiyani qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek YeI va uning qo‘shnilari xavfsizligini ta’minlashga yo‘naltirilishi kerak. Rossiya hukumati bilan faqat o‘zaro manfaatli masalalardagina muloqot qilish mumkin. Shuning bilan birga YeI inson huquqlari kabi muhim qadriyatlarni qurbon qilmasligi lozim.

Hujjatda YeI Rossiyani SWIFT tizimidan uzib qo‘yishga chaqirishga tayyor turishi lozimligi aytiladi. Shuningdek, Yevropa mamlakatlari yana bir karra “Shimoliy oqim-2” gaz quvuridan foydalanishdan voz kechishga chaqirilgan. Hujjatda yana, Rossiyani pul yuvish ehtimoli katta mamlakatlar ro‘yxatiga tirkash imkoniyatini ko‘rib chiqish hamda “inson huquqlari buzilishi yoki demokratik kuchlarga nisbatan tizimli qatag‘onlar uchun” Rossiyaning yuqori martabali mulozimlari, oligarxlar va Putinning yaqin a’yonlariga qarshi sanksiyalar tayyorlashga chorlovlar ham o‘rin olgan.

Shu bilan birga, Rossiya fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikni mustahkamlash, rossiyalik talabalarning YeIda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, rossiyaliklarning viza olishini qulaylashtirish, rossiyalik siyosiy qochqinlarga siyosiy dastak berish taklif qilingan. Bulardan tashqari, rus tilida ko‘rsatuvlar uzatuvchi “Erkin Rossiya televideniyesi”ni yaratish taklifi ham bildirilgan.

Yevroparlament, shuningdek, Boris Nemsovning o‘ldirilishi va muxolifatchi Aleksey Navalniyning zaharlanishi bo‘yicha tergov o‘tkazishga chaqirishni tavsiya qilgan.

Rossiya Davlat Dumasiga saylov soxtalashtirilgani va ushbu jarayonda demokratik tamoyillar buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi e’tirof etilgan taqdirda YeI bu saylovning legitimligini tan olmaslikka shay bo‘lmog‘i lozim. Qolaversa, hujjatda Putinning hozirgi vakolat muddati tugaydigan 2024 - yil 7 - maydan keyin prezidentlik lavozimida qolishga urinishini qoralashga da’vat etilgan.

Yevroparlament birinchi marta Rossiya hukumatiga nisbatan qat’iy choralar ko‘rishga chaqiriqlar bilan chiqayotgani yo‘q. Ammo amalda YeIga a’zo davlatlar va Yevroittifoqning o‘zi Rossiyaga nisbatan birmuncha yumshoq siyosat yuritadi.

Rossiya Davlat Dumasiga saylov 17-19 - sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda 14 partiya ishtirok etmoqda. Ayni chog‘da Aleksey Navalniyning o‘nlab tarafdorlari va boshqa mustaqil nomzodlar saylovga qo‘yilmadi.

XS
SM
MD
LG