Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:32

YeXHT anjumaniga taklif etilgan farg‘onalik inson huquqlari faoli hibsga olindi


Inson huquqlari faoli Aziz Yusupov.
Inson huquqlari faoli Aziz Yusupov.

Fransiyada joylashgan Markaziy Osiyo Inson huquqlari assotsiatsiyasi va yana to‘rt inson huquqlari guruhi o‘zbekistonlik huquq faoli Aziz Yusupovning hibsga olinishini qoralab chiqdi.

Tashkilot xabarida aytilishicha, Aziz Yusupov huquq himoyachisi, mustaqil jurnalist va sobiq siyosiy mahkum hisoblanadi.

Inson huquqlari guruhlariga ko‘ra, Yusupovning hibsga olinishi YeXHTning Varshavada bo‘lib o‘tadigan inson huquqlari bo‘yicha konferensiya arafasida sodir bo‘lgan. "Bundan maqsad uning oliy darajadagi konferensiyada ishtirokiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘lgandek taassurot qoldiradi", deyiladi bayonotda.

“Aziz Yusupovning hibsga olinishi O‘zbekiston hukumatining mamlakatda inson huquqlari borasida muvaffaqiyatli islohotlar olib borayotganiga shubha uyg‘otadi”, deydi Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik tashkiloti (IPHR) direktori Brijit Dyufur.

Надежда Атаева: Ҳибсга олинган Азиз Юсуповнинг тақдирига эътиборсиз бўлманг!
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:21 0:00

Bayonotda aytilishicha, Aziz Yusupov 2022-yil 25-sentabr kuni Farg‘ona ichki ishlar idorasiga chaqirilganidan so‘ng, rasmiylar uning Varshavadagi konferensiyaga borish uchun vizaga ariza topshirganini bilgan va uni qamoqqa olgan.

"Xalqaro tashkilotlar, xalqaro hukumatlar va fuqarolik jamiyati vakillarini jamlaydigan ushbu anjumanda u O‘zbekistonda inson huquqlari borasidagi ahvol haqida mustaqil ma’lumot taqdim etish niyatida edi. Yusupov 23-sentabr kuni Polsha elchixonasiga konferensiyada qatnashish uchun yuborilgan taklifnomani ko‘rsatib viza uchun ariza topshirgan. U hibsga olinganidan ikki kun o‘tib, 2022-yil 27-sentabrda Farg‘ona viloyati Jinoiy sudi tomonidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 276 moddasi 1 bandi- giyohvand moddalarni saqlash ayblovi qo‘yilib, uch oy muddatga ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa hukm qilingan. O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga ko‘ra, bu modda bo‘yicha besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan".

Huquq faollariga ko‘ra, Aziz Yusupov barcha ayblovlarni rad etadi va qamoqqa olinishi uning inson huquqlarini himoya qilish faoliyati bilan bog‘liq deb hisoblaydi.

“Yusupov ishi O‘zbekiston hukumati huquq himoyachilariga nisbatan soxta ayblovlar qo‘llash amaliyotini yana boshlaganini ko‘rsatadi. Biz yana bir bor inson huquqlari himoyachilari obro‘sizlantirilib, ularning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish maqsadida jinoiy ishlarda ayblanayotganiga guvoh bo‘lyapmiz”, — deb aytgan Norvegiya Xelsinki qo‘mitasi (NHC) bosh kotibi Berit Lindeman.

Markaziy Osiyo Inson huquqlari assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Aziz Yusupov so‘nggi paytlarda O‘zbekistondagi mahbuslar, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar va bolalar qatlaminining ahvolini o‘rganish, ularga yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanib kelgan. O‘tgan yili u siyosiy sabablarga ko‘ra jazo o‘tayotganlar va qiynoqqa uchraganlar bilan turkum suhbatlar uyushtirgan.

Yusupovning oilasi Tojikistonda fuqarolar urushi boshlangan 1990-yillarda Tojikistondan O‘zbekistonga ko‘chib o‘tgan. U mustaqil jurnalist, uzoq yillar mobaynida Ozodlik radiosida ishlagan va O‘zbekiston rasmiylarini bir necha bor tanqid qilgan Farruh Yusupovning (Yusufiy) ukasidir. Yusufiy O‘zbekiston sobiq prezidentining qizi Gulnora Karimova nazorati ostidagi korrupsion biznes kompaniyalari ustidan tergovda ham qatnashgan.

2016-yilda Aziz Yusupov giyohvand moddalar saqlagani uchun hibsga olinib, nohaq sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Inson huquqlvri guruhlari Yusupovning hibsda qiynoqqa solingani va aybiga iqror qilinganini aytishgan. Aziz Yusupov inson huquqlari tashkilotlari tomonidan siyosiy mahbus sifatida tan olingan. Xalqaro hamjamiyat bosimlaridan so‘ng, u sog‘lig‘i yomonlashgani uchun 2019 yil fevral oyining boshida qamoqdan shartli ravishda ozod qilingan.

“Aziz Yusupov O‘zbekistonda qiynoqlar va qatag‘onlarga duchor bo‘lgan yagona huquq himoyachisi emas. Bu xavotirli voqealar O‘zbekiston BMT Inson Huquqlari Kengashiga a’zo bo‘lgan bir paytda ro‘y bermoqda. O‘zbekiston o‘zining ichki repressiya siyosati bilan ushbu xalqaro tashkilot nufuziga putur yetkazmoqda”, - deydi Markaziy Osiyo Inson huquqlari assotsiatsiyasi (AHRCA) rahbari Nadejda Atayeva.

O‘zbekiston rasmiylari hozircha Aziz Yusupovning hibsga olingani yuzasidan biron izoh bergani yo‘q.

XS
SM
MD
LG