Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:01

Yil sarhisobi: Raqamli iqtisodiyot va rasmiy raqamlarda korrupsiya


2020 - yil qanday nomlanganini o‘zbekistonlik besh ziyolidan faqat biri eslay oldi. O‘zbekiston konstitutsiyasi kunida Ozodlik suhbatlashgan siyosatshunos, huquqshunos, siyosiy sharhlovchi, olim va jurnalistlar kelasi yil uchun nom tanlashda deyarli yakdil bo‘ldilar.

O‘zbekistonda qaror topgan an’anaga ko‘ra, 8 - dekabr - Konstitutsiya kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan tantanali yig‘ilish ortda qolayotgan yilning dastlabki sarhisobi qilinadigan marosimdir.

Bu yil bunday marosim o‘tkazilmadi, biroq O‘zbekiston prezidentining mamlakat xalqiga yo‘llagan tabrigida yil sarhisobi aks etdi.

Ozodlik 2020 - yilning nomidan kelib chiqadigan savollarni o‘z suhbatdoshlariga berdi va natijada ular nazaridagi “yil nomi hisoboti” paydo bo‘ldi.

O‘zbekistonda uzoq yillar davomida yangi yilga nom Konstitutsiya kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan tantanali yig‘ilishda berilgan. Biroq o‘tgan yili bu an’ana buzildi. 2020 - yilga nom shu yilning 24 - yanvarida, prezidentning Oliy Majlisga murojaati davomida berildi.

Prezident Mirziyoev 2020 - yilni “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nomlashni taklif qilar ekan, O‘zbekiston xalqaro axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish indeksi bo‘yicha 2019 - yilda 8 - pog‘onaga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, hali judayam orqada ekanligini, “raqamli iqtisodiyot”ga faol o‘tish – kelgusi 5 yildagi eng ustuvor vazifalardan biri bo‘lishini uqtirgan edi.

Prezidentning 7 - dekabrdagi tabrigida ortda qolayotgan yilga doir ba’zi natijalar haqida aytildi. Masalan, davlat rahbariga ko‘ra, “yil davomida 500 mingdan ortiq tadbirkor va 8 milliondan ziyod fuqaro uchun 34 trillion so‘mga yaqin imtiyozlar berildi, ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam va bandlikni oshirishga 2,6 trillion so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratildi”. Tabrikda bunday ma’lumotlar talaygina. Biroq birorta ham raqam yoki ma’lumot yil nomi bilan bog‘lanmadi.

Shu bois, aftidan, yangi yilga rasmiy nom kelasi oy berilishi haqida taxminlar paydo bo‘ldi.

Ziyolilar yil nomini eslolmadi

Ozodlik “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”ning norasmiy sarhisobi borasida bir qator ziyolilarni suhbatga chorladi va ulardan avvaliga, 2020 - yil qanday nomlanganini eslay olasizmi, deb so‘radi.

Siyosatshunos Adham Husenov: Hozir, hozir... raqamli iqtisodiyotmidi? Yo‘q, yo‘q, bu - nomning oxiri edi, shekilli. Boshi esimda yo‘q.

Huquqshunos Jur’at Tojiyev: Investitsiyalar... bir narsa, bir narsa edi-da... To‘g‘risi, esimda yo‘q.

Siyosiy sharhlovchi Tursun Qoratoyev: To‘g‘risi, hozir yodimda yo‘q yilning qanday nomlangani.

Dorishunos olim Rustam Nuriddinov: Tadbirkorlikka aloqador edi shekilli. Yo innovatsion g‘oyalarmidi...

Yil nomini Ma’rifat gazetasining Farg‘onadagi muxbiri Sharifa Murodova eslay oldi, xolos.

2020 - yil chindan ham ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili bo‘ldimi?

Siyosatshunos Adham Husenov: Nisbatan o‘sish kuzatildi. Masalan, murojaatlarni elektron shaklda jo‘natish imkoniyati paydo bo‘ldi. Biroq bu gap yoniga qo‘shadigan boshqa fikrim yo‘q. Ilm-fanda ham, ta’limda ham “portlash” ro‘y bergani yo‘q.

Huquqshunos Jur’at Tojiyev: Xo‘sh, yil davomida nima ko‘rdik? Hech narsa! Ta’lim sohasida islohot bo‘lmadi. Mamlakatimiz oliy ta’lim bepul davlatlar o‘ntaligiga kirmadi. Bunday maqsad bormidi o‘zi – bilmayman. Biroq yo‘q bo‘lsa, shunday maqsad qo‘yilishi kerak. Qishloq xo‘jaligida ham yana o‘sha eski usullar: so‘kong‘ich hokimlar buyruqbozligi.

Siyosiy sharhlovchi Tursun Qoratoyev: Savolga dabdurustdan bir narsa deb javob berishim qiyin. Biroq bir narsani ko‘pchilikning yodiga solib qo‘ymoqchiman. 2001 yoki 2002 - yili edi. Raqamli iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha 5 ta qonun qabul qilingan. U paytda men jurnalist va sharhlovchi sifatida Oliy Majlis faoliyatini yoritar edim. Lekin hanuz o‘sha qonunlar ijro etilgan emas.

Dorishunos olim Rustam Nuriddinov: Bu yil tibbiyot fanida ikkita yangilik yaratilgani aytildi. Biroq natijasini ko‘rmadim. Birinchisi: Innovatsiya rivojlanish vazirligi o‘zbek olimlari koronavirusga qarshi dezinfeksiyalash uskunasi yaratganini, u o‘rnatiladigan xona hajmiga qarab kattaroq yo kichikroq bo‘lishi mumkinligini e’lon qilgan. Masalan, o‘sha uskuna sinf xonasida 5 daqiqa ishlatilsa bas, xona mutlaqo zararsizlanadi, deyilgandi. Lekin men o‘sha uskunani hanuz ko‘rganim yo‘q. Keng miqyosda ishlab chiqarilayotganini bilganim yo‘q. Ikkinchisi: o‘zbek olimlari tomonidan virusga qarshi “Rutan” degan preparat yaratildi. O‘z vaqtida bu dori hatto Eronga insonparvarlik yordami sifatida jo‘natilishi aytildi. Keyinroq bilsam, bu dori koronavirusga qarshi sinab ham ko‘rilmagan ekan. Mutaxassis sifatida shaxsan men tibbiyot ilmida bu yil qoniqarli bir ish qilinganini ko‘rganim yo‘q.

Rustam Nuriddinovning aytishicha, u chet ellik hamkasblari bilan bu yil koronavirusga qarshi 4 ta preparat ustida ish olib bordi. Bu vositalardan biri davlat qaydidan o‘tish arafasida turibdi. “So‘nggi – toksikologik ekspertizadan o‘tkazish arafasida turibmiz”, dedi kimyo fanlari doktori, professor Rustam Nuriddinov.

“Ma’rifat” gazetasining Farg‘onadagi muxbiri Sharifa Murodova: Aslida hech qaysi yil nomiga yarasha bo‘lmaydi. Jumladan, bu yil ham. O‘zim yashaydigan hudud misolida gapirsam, raqamli iqtisodiyotning ham, ilm-ma’rifatning ham rivojlanganini ko‘rganim yo‘q. Balki Toshkentda bu ikkalasi ham rivojlanib ketgandir. Lekin Farg‘onada bunday bo‘lgani yo‘q.

Kelasi yilni qanday nomlagan bo‘lardingiz?

Siyosatshunos Adham Husenov: Korrupsiyani yo‘q qilish yili” deb atagan bo‘lardim.

Huquqshunos Jur’at Tojiyev: “Parlament, ijroiya va sud hokimiyatlarini bir-biridan mustaqil qilish yili” deb nomlagan bo‘lardim.

Siyosiy sharhlovchi Tursun Qoratoyev: “Xalq dardini eshitish va javob berish yili” bo‘lishi kerak.

Dorishunos olim Rustam Nuriddinov: “Korrupsiyaga qarshi kurash yili” bo‘lishi kerak.

“Ma’rifat” gazetasining Farg‘onadagi muxbiri Sharifa Murodova: Xalqqa foydasi tegadigan ishlarni yillarga nom bermasdan ham qilsa bo‘laveradi. Yil nomlanganidan keyin uning ijrosini ta’minlash uchun yo‘l xaritasi, davlat dasturi ishlab chiqiladi, dastur ijrosini ta’minlash uchun mas’ullar biriktiriladi, korxona, tashkilot, muassasa, o‘quv yurtlarida tadbirlar rejasi tuziladi. Bularning barchasi qog‘oz, qog‘oz, qog‘oz degani. Undan ko‘ra, yilni nomlash bilan bog‘liq qilinadigan besamar ishlar o‘rniga samara beradigan ishlar qilinsa, tezroq rivojlanib ketar edik.

Har yilning o‘z nomi bor...

O‘zbekistonda yilga nom berish an’anasi 1990-yillarning ikkinchi yarmidan boshlangan.

1997 - yil “Inson manfaatlari yili” deb e’lon qilingan bo‘lsa, 1998 - yil “Oila yili”, 1999 - yil “Ayollar yili” va 2000 - yil esa “Sog‘lom avlod yili”deb e’lon qilingan.

2001 - yil O‘zbekistonda “Onalar va bolalar yili”, 2002 - yil “Qariyalarni qadrlash yili”, 2003 - yil “Obod mahalla yili”, 2004 - yil “Mehr-muruvvat yili”, 2005 - yil “Sihat-salomatlik yili”, 2006 - yil “Homiylar va shifokorlar yili”, 2007 - yil “Ijtimoiy himoya yili”, 2008 - yil “Yoshlar yili”, 2009 - yil “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili”, 2010 - yil “Barkamol avlod yili”, 2011 - yil “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili”, 2012 - yil “Mustahkam oila yili”, 2013 - yil “Obod turmush yili”, 2014 - yil “Sog‘lom bola” yili, 2015 - yil "Keksalarni e’zozlash" yili, 2016 - yil “Sog‘lom ona va sog‘lom bola yili" deb e’lon qilingan edi.

Raqamlarda korrupsiya

Rasman "Yangi O‘zbekiston" deb atalayotgan oxirgi to‘rt yilda birinchi prezident davridagi ko‘pgina shior va an’analardan voz kechildi, ammo yillarga nom berish saqlanib qoldi.

2017 - yil «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» deb, 2018 - «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» deb, 2019 - yil «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili deb e’lon qilingandi.

Yillarni bu kabi nomlash ortidan qabul qilinadigan hukumat dasturlarida ijtimoiy loyihalarga sezilarli miqdorda mablag‘lar ajratilsa-da, korrupsiya urchigan va shaffoflik ta’minlanmagan muhitda davlat dasturlarining samarasi savol ostiga olinadi.

Oxirgi yillarda bu kabi loyihalarga ajratiladigan byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish hollari rasman ko‘paygan.

Prezident Mirziyoyev Konstitutsiya kuni munosabati bilan tabrigida so‘nggi ikki yilda 1986 nafar mansabdor shaxs korrupsiyaga oid jinoyatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilganini ma’lum qildi.

Prezidentga ko‘ra, ushbu jinoyat ishlari doirasida davlatga yetkazilgan zarar 2 trillion so‘mni tashkil etgan. Ammo tahlilchilar va ijtimoiy tarmoqlarda faol o‘zbekistonliklar mamlakatda korrupsiyaga qarshi haqqoniy kurash boshlanganini savol ostiga oladilar.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, hukumat 2021-2025 - yillarga mo‘ljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy strategiyasi ustida ishlamoqda.

Dunyoda korrupsiya darajasini kuzatuvchi Transparency International tashkilotining joriy yil boshida e’lon qilingan hisobotida O‘zbekiston 2019 - yil yakunlari bo‘yicha birdaniga besh pog‘ona ko‘tarilib, 180 davlat orasida 153-o‘rinni egallagan. Ammo mamlakat hanuz korrupsiya darajasi bo‘yicha Markaziy Afrika respublikasi va Kamerun singari davlatlar qatorida.

Tashkilot nazorat idoralariga siyosiy bosim, sud tizimining mustaqil emasligi va matbuot erkinligining cheklanishi mintaqa davlatlarining ko‘pchiligida amalda vakolat haddan tashkari bir hokimiyat qo‘lida to‘planishiga yo‘l ochganini qayd etgan.

XS
SM
MD
LG