Toshkent shahri jamoat transportida yo‘lkira oshirilmoqda.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e’lon qilingan Toshkent shahri hokimining qarori bilan 2025-yil 1-yanvaridan poytaxt jamoat transporti yo‘nalishlarida (avtobus va metropoliten) qatnovlarni amalga oshirish uchun yo‘lkira haqining quyidagi cheklangan tariflari belgilanyapti:
• bir yo‘lovchi qatnovi uchun cheklangan tarif – 3000 so‘m. Bir yo‘lovchi qatnovi uchun bir martalik to‘lovni elektron to‘lov tizimi orqali amalga oshirilganda va rag‘batlantiruvchi chegirma qo‘llanganda esa 1700 so‘m undiriladi;
• bir yo‘lovchining bagajini tashish bo‘yicha xizmat haqi – 4000 so‘m;
• qatnovlar soniga bog‘liq holda belgilangan tarif rejalarini hisoblash uchun cheklangan tarif – 1600 so‘m.
Qatnovlar soniga bog‘liq holda belgilangan transport kartalarining va ulardan foydalangan holda bir soat ichida bir yo‘nalishli transportdan boshqasiga o‘tish sonidan kelib chiqib qo‘llanadigan imtiyozli va bepul tarif rejalarining narxi o‘zgarmaydi.
Poytaxtdagi barcha avtobuslar salonida yo‘lkirani naqd pulda olish tartibidan voz kechiladi va uni faqat elektron tarzda qabul qilish amaliyoti joriy etiladi.
Ozodlik Toshkent shahrida jamoat transporti yo‘lkira narxi oxirgi marta 2023-yil 1-noyabrida oshgani haqida xabar qilgandi.
O‘zbekiston poytaxtida joriy yil 31-oktyabridan e’tiboran issiqlik ta’minoti va issiq suv xizmatlari tarifi ham 15 foizga qimmatlagan.