Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:03

2023: Yilning eng muhim voqealari va tarmoqni titratgan trendlar


Konstitutsiyaviy referendum targ‘iboti. Mart, 2023-yil.
Konstitutsiyaviy referendum targ‘iboti. Mart, 2023-yil.

Shu kunlarda jahonning yetakchi telekanallaridan bo‘lgan CNN tomoshabinlarini ko‘hna va navqiron Samarqandga taklif qilmoqda.

2023-yilda ham O‘zbekiston hukumati xorij matbuotida sayyohlarni O‘zbekistonga jalb qiluvchi obidalaru osori atiqalar tasviridan iborat targ‘ibot kampaniyasiga ko‘p e’tibor qaratdi.

Ammo o‘tib borayotgan yilda O‘zbekistonni jahon matbuoti sarlavhalariga chiqqan xabarlar bular emasdi.

Xorij matbuotida O‘zbekiston, o‘nlab norasida bola o‘lgan “Dok-1 Maks” siropi, Sergelidagi omborxona portlashi, Meksika-AQSH chegarasidagi ISHIDchi o‘zbeklar voqeasi bois tilga olindi.

Mamlakat ichida esa bu sana ham keng jamoatchilikni hayratga solgan, g‘azablantirgan va xavotirga solgan voqealar ko‘p bo‘ldi.

“Dok-1 Maks” va “Antistrumin” mojarosi

2023-yil davomida 65 bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan “Dok-1 Maks” siropi bo‘yicha surishtiruv va sud jamoatchilik diqqat markazida turdi, hanuz turibdi.

O‘zbekistonda o‘tgan yilning oktabr-dekabr oylarida bolalarga berilgan bu doridan rasman 65 nafar bola nobud bo‘ldi.

Rasmiylar hodisani, avvaliga ilk qayd etilgan hudud - Samarqand viloyati darajasida 2 oy ushlab turishdi va o‘lim soni 15 nafar, deyildi.

Ammo, oddiy yo‘tal siropidan o‘layotgan bolalar soni kun-kunga ortib, ota-onalar arzi Ozodlikda yoritilgach, fojiani tan olishga majbur bo‘ldi.

SSV 2023-yilning 22- dekabridan, Hindistonning «Marion Biotech» shirkati tomonidan ishlangan “Dok-1 Maks” tabletka hamda limon va asal ta’mli sirop dori vositalarini ekspertizadan o‘tkazishni boshladi, savdosini to‘xtatdi.

Ammo, rasmiylar to tan olib, dori savdosini to‘xtatguncha o‘tgan 2 oyda o‘lgan bolalar soni 15dan 65 nafarga yetdi, rasman.

O‘zbekistonlik faollar, o‘lgan bolalar soni bundan ortiq ekanini taxmin qiladi.

Aslida Hindistonning ishlab chiqilgan yo‘tal siropidan bolalar o‘limi ilk bor - 2022- yilning sentabr oyida Gambiyada qayd etilgan.

Gambiyalik Ebirma Saidiyning 3 yoshli qizi yo‘tal siropini ichganidan 2 sutka o‘tar-o‘tmas hushini yo‘qotgan, 9 sutkada olamdan o‘tgan.

2022-yidning sentyabrida Gambiyada 70 bola o‘ldi va rasmiylar, o‘lim sababi Hindistonda ishlab chiqilgan yo‘tal siropi ekanini rasman qayd etishdi.

Sirop tarkibida xavfli dozada etilenglikol va dietilenglikol moddalari borligi aniqlandi. Bu moddalarni xavfli dozada iste’mol qilgan taqdirda, odam 3 kun ichida komaga tushib, keyinchalik vafot etishi mumkin.

O‘shandayoq bu xabarlar jahon matbuoti tiliga tushdi. Ammo, O‘zbekistonda bu haqda o‘sha kezda birorta rasmiy banyonot yoki ogohlantiruv bo‘lmadi.

Aksincha, sudda mamlakatda dori-darmon sohasidagi ulkan korrupsiyalashgan sxemani o‘rtaga chiqargan guvohlik ko‘rsatmalari yangradi.

Jumladan, 16-avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi majlisida, hindistonlik tadbirkor, «Quramax Medical» MCHJ direktori R.S.P. (Hindiston fuqarosi) O‘zbekiston farmsanoati rahbarlarining biriga 33 ming AQSH dollari miqdorida pora berganini tan oldi.

Aksar mutaxassislar muammo ildizi dori-darmon savdosi tibbiyotga aloqasi yo‘q bo‘lgan shaxslar qo‘liga o‘tib qolgani va o‘ta korrupsiyalashgan yopiq sohaga aylantirib olingani e’tibor qaratmoqda.

Bunday muammo borligini tasdiqlovchi yana bir ommaviy zaharlanish 2023-yilda - yo‘tal siropi fojiasidan roppa rosa 1 yil o‘tib ro‘y berdi.

20-sentabrda O‘zbekistonda bolalarga tarkibida yod moddasi bo‘lgan “Antistrumin” preparati berila boshlangan edi.

21- sentabrda Namangan viloyatining Chust tumanida “Antistrumin” iste’mol qilgan kamida 71 nafar bola zaharlanishda gumon qilinib kasalxonaga yotqizildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bu safar ham oradan ikki oy o‘tib, bolalar yod preparatidan zaharlanganini rasman tan oldi.

Shu tariqa, 2022-yilning oxiri va 2023-yil davomida “Dok-1 Maks” va “Antistrumin” preparatlaridan bolalarning ommaviy o‘lishi hamda zaharlanishi katta muammoni fosh qildi.

Sergeli omboridagi portlash

28-sentabr kuni Toshkentning Sergeli tumanida joylashgan “Interlogistics” MCHJga qarashli omborxonada yuz bergan yong‘in va portlash oqibatida 1 kishi vafot etdi, 163 kishi turli darajada jarohatlandi.

39 ta ko‘p qavatli uylardagi 1370 ta, 246 ta hovli, maktab va bog‘cha binolari, omborxonaga qo‘shni 20dan ortiq hovli zarar ko‘rdi.

Bu hodisa bo‘yicha surishtiruv, farmsanoat nazoratidagi preparatlar singari uzoqqa cho‘zilmadi.

Shoshilinch hukumat komissiyasi tuzildi. 20- oktabrga kelib, xulosasi ham e’lon qilindi:

“Hodisa joyi o‘rganilganda aynan vodorod peroksidi saqlangan joy yaqinida gul qog‘ozlar va boshqa yonuvchi materiallar saqlangani aniqlandi. Kimyoviy modda va materiallarning o‘zaro ta’sirlanishi va kimyoviy o‘z-o‘zidan yonishi yuzaga kelib, portlash sodir bo‘lgan".

Bu portlash natijasida yuzaga chiqqan muammo esa - odamlar zich yashaydigan mahallalar o‘rtasida portlovchi moddalari bor omborxonaning qurilganidir.

Bu omborxonani kim qurgan, buning uchun kimdan ruxsat olgan, qanday ruxsat olgan - bu aslida tergov idoralari aniqlashi kerak bo‘lgan muhim jihatlar.

Zotan, ombor portlashi yuz berganidan keyingi ilk kunlarda uning hukumatning yuqori bo‘g‘inlaridagi shaxslarga tegishli ekani va portlash sababi ham aynan shu shaxslar o‘rtasidagi kelishmovchilik ekaniga oid iddaolar urchidi.

Ammo, tergov idoralari surishtiruvi uzoqqa bormadi. Jinoyat kodeksining 259-moddasi - yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish aybi bilan 4 shaxsga qamoqqa olish, 1 kishiga garov evaziga ehtiyot chorasini qo‘llashga qaror qilindi va masala yopildi.

Kreml changalidagi o‘zbek gazi

2023-yil davomida gazga boy O‘zbekistondagi gaz muammosi tarmoqlarni junbushga solgan mavzulardan bo‘ldi.

Hukumatning o‘zbek gazi ishonchli qo‘llarda va muammo vaqtincha ekani haqidagi ishontirishlariga qaramay 2022 oxiri va 2023- yil boshidagi rasmiylar anomal deb atagan qahraton sovuqning ayozli va qorong‘i kunlari odamlarning yodidan chiqmadi.

Butun mamlakatni falaj holga keltirgan energetika inqirozi uchun ishdan olingan eng yuqori martabali mulozim Toshkent shahrining tadbirkor hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bo‘ldi.

Ammo, fevral oyida kelib, Ozodlik e’lon qilgan surishtiruv - o‘zbek gazi shubhali sxemalar orqali Rossiyaga, Kremlga yaqin oligarxlarga tegishli shirkatlarga berilganini o‘rtaga chiqardi.

Tarmoqlar Ozodlik surishtiruvidan junbushga keldi va surishtiruvda ko‘tarilgan savollarga rasmiy izoh so‘raldi.

Ammo Ozodlik bu savollarni surishtiruv e’lon qilinishidan 10 kun avval rasmiylar bergani va javob ololmaganini tarmoq foydalanuvchilarining hammasi ham bilmasligi mumkin.

Mirziyoyev hukumati Ozodlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob bermagan bo‘lsa ham, surishtiruv xulosalarini bilvosita rad etishga urindi.

Ammo hukumatning raddiyasi yanada ko‘proq savollarni paydo qildi, xolos. Prezident Shavkat Mirziyoyev esa, Qashqadaryodagi maktabda, sovuqda muzlayotgan binoni derazalarni g‘isht bilan yopib tashlab isitish bilan muammoni hal qilishni tavsiya qildi.

Xullas, energetik krizis va uning sabablariga oid Ozodlik savollari, 2024-yil qishi boshlangan pallada ham javobsiz qolmoqda.

Referendum, saylov va konsolidatsiya

Energetika inqirozi va aholi noroziligi Mirziyoyev hukumatining 2023-yildagi siyosiy rejalariga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin, ammo eng muhim siyosiy tadbirlarni bekor qila olmadi.

Mirziyoyev butun muammolarga qaramasdan qudratni o‘z qo‘lida yanada ko‘proq jamlashga qaratilgan konstitutsiyaviy referendum va navbatdan tashqari prezident saylovini o‘tkazdi.

Konstitutsiyani 65 foizga o‘zgartirish - ya’ni, qariyb yangidan yozish bilan Shavkat Mirziyoyevning hali oxiriga yetmagan ikkinchi va birinchi prezidentlik muddatlari nollashdi.

Nollashish ortidan esa, o‘zbek jamoatchiligi xavotir bilan kutgan taxmin to‘liq tasdiqlandi - muddatidan avval prezidentlik saylovi o‘tkazilib, Shavkat Mirziyoyev to 2037- yilgacha hokimiyatini mustahkamlab oldi.

Buning ustiga, o‘z ma’muriyatini ham tubdan yangiladi - avgust oyida prezident administratsiyasining ikkinchi rahbari Sardor Umurzoqov lavozimidan olindi. Umurzoqov o‘tgan vaqt mobaynida jamoatchilikka ko‘rinish bergani yo‘q.

Умрбод ҳокимиятда қолдирган Конституция
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:33 0:00

Uning o‘rniga prezident yordamchisi qilib tayinlangan to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva amalda O‘zbekiston hokimiyatida otasidan keyin ikkinchi odamga aylandi.

Ozodlik manbalari Saida Mirziyoyevaning uzoq yillik rahbari lavozimida ishlab kelgan Komiljon Allamjonov esa prezident administratsiyasining yangi vertikalida uchinchi odamga aylanganini aytishdi.

O‘tib borayotgan siyosiy yil oxiriga kelib Allamjonov va Mirziyoyeva tandemi o‘tgan asr boshlaridagi ma’rifatchilik harakati - jadidchilikning faol targ‘ibotchisiga aylangani kuzatildi. Ikkovlon Toshkentda jadidchilikka bag‘ishlangan yirik xalqaro anjumanga mezbonlik qildi.

Davlat televideniyesi Shavkat Mirziyoyevni "jadidchilik harakatining davomchisi" deb atay boshladi.

Kelayotgan yilda O‘zbekistonni navbatdagi parlament saylovlari kutmoqda.

Kelgusi saylovlar aralash (majoritar, proportsional) saylov tizimi asosida o‘tkaziladi.

Ammo qanday tizim asosida o‘tkazilishidan qat’i nazar kelayotgan saylovlar mamlakatda qaror topgan va "super prezidentlik boshqaruvi" deb ta’riflanadigan siyosiy tizimni biron bir shaklda o‘zgartirishiga ishoralar yo‘q.

Hokimiyatga kelganidan 7 yil o‘tib Shavkat Mirziyoyev Islom Karimovdan qolgan siyosiy tuzumni isloh qilish, jiddiy siyosiy islohotlar o‘tkazishiga umidlar unchalik ko‘p emas.

XS
SM
MD
LG