Линклар

Шошилинч хабар
16 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:14

"Yoqimsiz va ochiqchasiga rusofob". Rus propagandasi Allamjonovni Rossiyaga qarshi kampaniyada aybladi


O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Komil Allamjonov AQSh Davlat kotibining yordamchisi Elizabet Tryudo bilan. Toshkent, oktabr, 2022-yil.
O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Komil Allamjonov AQSh Davlat kotibining yordamchisi Elizabet Tryudo bilan. Toshkent, oktabr, 2022-yil.

So‘nggi kunlarda qator rossiyaparast Telegram-kanal va vebsaytlarda birdaniga bir necha o‘zbekistonlik tarmoq faollari, tahlilchilar va hatto Prezident administratsiyasi mulozimi Rossiyaga qarshi axborot kampaniyasida ayblangan rus propagandasi uslubidagi maqolalar chop etildi.

O‘zbek faollar va Prezident administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Komil Allamjonovga qarshi axborot xuruji mahalliy tahlilchilar nazarida O‘zbekiston Rossiya propagandasi ta’siriga qarshi qadamlar qo‘yishni boshlagan pallaga to‘g‘ri kelmoqda.

Oldinroq UzDigital TV raqamli televideniyesi ayrim viloyatlardagi mijozlariga dunyoning yetakchi telekanallari, jumladan, BBC, CNN va Bloomberg kanallari kontentini taklif qilgan edi. Tahlilchilarga ko‘ra, Rossiya propagandasiga qarshi ochiqcha kurashdan tiyilayotgan rasmiy Toshkent muqobil axborot kanallarini taklif qilish bilan Kreml ta’sirini muvozanatlashga harakat qilmoqda.

Kuzatuvchilar va ekspertlar O‘zbekiston o‘z axborot maydoni va so‘z erkinigini Rossiyaning agressiv propagandasidan himoya qilishi lozim, degan fikrda.

"Ochiqcha rusofobiya"

2-noyabr kuni Telegramdagi "Asia Today" kanali "O‘zbekiston axborot maydonida ochiqcha rusofobiya" deb nomlangan maqola e’lon qildi. Bir vaqtning o‘zida "Sobstvenniy korrespondent" va boshqa rossiyaparast Telegram-kanallar tomonidan ko‘chirib bosilgan maqolada so‘z O‘zbekiston prezidenti adminisratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Komil Allamjonov haqida boradi.

Allamjonovning o‘tgan oy Toshkentga tashrif buyurgan AQSh Davlat kotibining yordamchisi Elizabet Tryudo bilan uchrashgani eslatilgan maqola muallifi Allamjonovga o‘ziga xos uslubda ta’rif beradi.

"Allamjonov - o‘zining rusofob pozitsiyasi va Rossiya tomonidan olib borilayotgan maxsus harbiy amaliyotga salbiy munosabati bilan tanilgan o‘zbek siyosatidagi yoqimsiz personajdir", deb yoziladi maqolada. Telegram-kanalning iddao qilishicha, AQSh Davlat departamenti mulozimining Toshkentga tashrifi ortidanoq "Allamjonov nazoratidagi" o‘zbek OAV hamda blogerlari ochiqchasiga rusofob matn va syujetlar e’lon qilishni boshlab yuborganlar.

OzodNazar: Дронлар ҳақида гапирган украин журналисти Дмитрий Гордон ўзбеклардан узр сўради
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:40:07 0:00

Maqolada shuningdek, o‘zbekistonlik taniqli bloger Nikita Makarenkoning Rossiya bosqiniga qarshi fikrlari, inson huquqlari faoli Valentina Chupikning “Rossiyaga qarshi faoliyati”, tadbirkor Zafar Hoshimovning tarmoqdagi postlari va Kamoliddin Rabbimovning go‘yoki “rossiya propagandasiga qarshi urushga” chaqiriqlari "fosh" etiladi.

“Vostochniy ekspress 24” Telegram-kanali esa o‘z maqolasiga “O‘zbekistonlik bloger va jurnalistlarning Rossiyaga qarshi hujumlari ortida O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov turibdimi?” deya sarlavha qo‘ygan.

Unda O‘zbekiston hukumati go‘yo “jurnalistlar va blogerlarning Ukrainadagi voqealar masalasida nazorat qilmayotgani va ruslarning tajovuzini qoralamayotgani” vajidan Amerikaning bosimiga uchragani iddao qilinadi.

Rossiyaparast Telegram-kanal iddaosicha, hukumat bu vazifani Komil Allamjonovga yuklagan va u “aksilrossiya ritorikasida “barcha qurollardan Rossiyaga zarba berishni boshlagan”.

“O‘zbek qo‘g‘irchoqbozi” deb atalgan Komil Allamjonovga qarshi keskin ohangda yozilgan postda u guyo o‘z faoliyatiga yirik tadbirkor va jamoatchilik faollarini ham jalb qila boshlagani iddao qilinadi. Nashr muallifi bu guruhda “Korzinka” savdo tarmog‘i rahbari Zafar Hoshimov, bloger Nikita Makarenko, siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov, o‘zbek huquq faoli Valentina Chupiklar borligini iddao qiladi.

Birin-ketin chop etilgan bu materiallarda Komil Allamjonov “O‘zbekiston jumladan xorij jurnalistlari uchun ham ochiq mamlakatga aylantirishga urinayotgani” salbiy ohangda ta’kidlanadi.

Endi propaganda - o‘zbek tilida...

Bu iddaolar boshqa rossiyaparast kanallar va tarmoqlarda ham keng tarqatilmoqda. Bir vaqtning o‘zida Rossiya bosqinchiligini quvvatlovchi bir qancha o‘zbek tilidagi yangi sayt, Telegram va Yutub kanallar paydo bo‘lgani e’tiborni tortdi.

Ularda nafaqat rus propagandasiga qarshi fikr bildirayotgan shaxslar, balki o‘zbek tilidagi ommaviy axborot vositalari ham nishonga olinadi.

Asosan o‘zbek segmentiga yo‘naltirilgan rus tilidagi Sharmanda Uz Telegram-kanali o‘zini “O'zbekistonlik soxta mutasaddilarga, grant oluvchilarga, soxta jurnalistlarga (blogerlarga) bag'ishlangan kanal” deb ataydi.

“Davlat Departamentining asosiy axborot karnayi bo‘lmish kun.uz O‘zbekistonda sobiq Ukrainadagi vaziyat yuzasidan jamoatchilik fikrini shakllantirishga umidsiz urinishlarni davom ettirmoqda. Ammo har bir zaharli maqola e’lon qilishini bilan o‘quvchilar muharrirlar o‘zlarining g‘arb xo‘jayinlari manfaatlariga qanchalik astoydil xizmat qilayotganiga yana bir bor amin bo‘lishmoqda,”- deyiladi kanalda.

So‘nggi postlaridan birida bu kanalda O‘zbekiston Adliya vaziri maslahatchisi, jurnalist va bloger Shahnoza Soatovaning O‘zbekiston rus tilidagi e’lonlardan qutula olmayotgani to‘g‘risidagi mulohazasi tanqid qilinadi.

"O‘zbekiston televideniyeda rus propagandasiga yutqazmoqda"

Taniqli o‘zbek blogeri va jamoatchilik faoli Nikita Makarenko Rossiya mediamakoni o‘zbek jamiyatiga ulkan ta’sir o‘tkazayotganini aytadi:

- Ular oxirgi paytlarda Internetda qandaydir bosim o‘tkazishga harakat qilyapti, ammo televideniyeda Rossiya media kuchlari va ular ortida turganlar o‘zbek tomoshabinlarimiz qalblari va onglarini to‘liq nazorat qilish imkoniga ega. Men buni milliy xavfsizlikka katta tahdid, deb bilaman. Internetda esa o‘zbek va rus tilida juda kuchli mustaqil fikrlovchi hamjamiyatimiz borligi rus propagandasi yaratayotgan feyk va axborotlarni jiddiy qabul qilmasligiga kafolat bermoqda, - deydi Makarenko

Uning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, O‘zbekistonda Rossiya propagandasiga qarshi kurashda "yaxshi tomonga o‘zgarishlar boshlandi".

- Endi kanallarimiz tarmog‘ida ikkita Amerika kanali – CNN va Bloomberg, Britaniyaning BBS, Xitoyning CGTN va turklarning TRT Avazi va boshqalar bor. Menimcha O‘zbekiston hukumati televideniye makoni jangsiz rus propagandasiga topshirib qo‘yilganini anglay boshladi, - deydi taniqli bloger.

Uning fikricha, o‘zbek davlat telekanallari hanuzgacha Ukraina mavzusini "aylanib o‘tmoqda".

"Putinparastlar" kamaydimi?

Rossiyaning Ukrainaga tajovuzidan ko‘p o‘tmay, qator o‘zbek blogerlari hukumatni O‘zbekistonda rossiya telekanallarini taqiqlashga chaqirishgandi. Taniqli jurnalist va bloger Eldor Asanov Kreml o‘zining Ukrainaga qarshi “harbiy tajovuzi”ni qoralagan o‘zbek nashrlarini ham nazoratga olishga urinayotganini qayd etib, buni “jirkanch hamla” deb atagan.

Mustaqil tahlilchi va siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Rossiya Markaziy Osiyoda axborot makonini qo‘ldan bermaslik uchun bosimni kuchaytirdi, shu sababli O‘zbekiston hukumati ham bu hurujga qarshi kurashni boshlashi kerak, degan fikrda.

- Aslida Rossiya propagandasi O‘zbekiston va Markaziy Osiyo axborot hududida hamisha ustun bo‘lib kelgan. Biz unga faqat Ukraina urushidan keyin ko‘proq e’tibor bera boshladik. Kuzatishlarim bo‘yicha, urush boshlanganida aholimizning 85 foizidan ko‘prog‘i rossiyaparast va putinparast edi. Bu ko‘rsatkich ancha pasaydi. Bugunda jamiyatimizning yarmidan ko‘pi uni quvvatlaydi, “Rossiya urushni noto‘g‘ri qilyapti, lekin uning boshqa chorasi qolmagandi”, degan fikrda. OAV va axborot oqimi insoniyat tafakkurini belgilab beruvchi holat. Bu masalani o‘z holiga tashlab qo‘yib bo‘lmaydi. Bu halokat bo‘ladi!, - deydi Kamoliddin Rabbimov.

Londonda yashovchi o‘zbekistonlik siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomovning fikricha, Rossiya propagandasining O‘zbekiston jamiyati va hukumatiga bosimi hozirda yangi bosqichga ko‘tarilgani kuzatilmoqda.

- Hozirda Rossiya propagandasi yanada agressivlashganini ko‘ryapmiz. Bir tomondan, Mirziyoev va Senat spikerini taqdirlash, boshqa tomondan esa, faol jamiyat a’zolariga bosim o‘tkazishga urinmoqda. Bunday bosimning kuchayishiga muqobil axborot yoyiniga imkon berilgani sabab bo‘ldi. O‘zbek jamiyatida Rossiyaga nisbatan tanqidiy fikrlovchilar soni oshib bormoqda va bu rus hukumatini xavotirga solmoqda. Kreml propaganda yordamida Markaziy Osiyo va boshqa qo‘shni davlatlarda axborot nuqtai nazardan bufer zonasini yaratishga urinmoqda, - deydi tahlilchi.

Ilhomovning fikricha, shu yo‘l bilan Moskva Mirziyoyevni O‘zbekistonda senzurani qaytadan joriy qilishga undayotgan bo‘lishi mumkin.

"Men Mirziyoyev rus propagandasiga dosh bera olishiga ishonchim yo‘q", - deydi Alisher Ilhomov.

O‘zbekiston rasmiy idoralari Ukraina borasida bo‘lgani kabi, Rossiya propagandasining o‘zbek faollariga hujumi yuzasidan ham sukut saqlamoqda. Xususan, O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasining yuqori martabali mulozimi bo‘lgan Komil Allamjonov haqidagi rus propagandasi hujumlariga na Prezident matbuot xizmati va na Tashqi ishlar vazirligi munosabat bildirdi.

Ayni paytda bu axborot xurujlari fonida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov bilan birga 7-noyabr kuni poytaxtning “G‘alaba bog‘i”da “Leningrad monumenti” deb atalgan yodgorlik poydevorini qo‘yishga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG