Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy keyingi oyda AQSH prezidenti Jo Baydenni Kiyevning urushdagi g‘alaba rejasi bilan tanishtiradi. Bu haqda u 27-avgust kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida bildirdi.
Zelenskiy reja keyingi prezidentlik muddatiga nomzodlar — Kamala Harris va Donald Trampga ham taqdim etilishini aytdi. Ukraina prezidentining jurnalistlar bilan seshanba kungi muloqotini Ozodlikning “Nastoyashcheye vremya” loyihasi YouTube portalidagi o‘z kanali orqali yoyinlagan.
Zelenskiyga ko‘ra, reja o‘z ichiga to‘rtta yo‘nalishni oladi. Ukraina prezidenti bu yo‘nalishlar orasida Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatiga hujumini ham eslatgan.
“Balki bu kimgadir juda ambitsiyali eshitilishi mumkin, biroq biz uchun bu muhim reja”, degan u.
Zelenskiy Kursk viloyatiga hujum Ukrainadagi Sumi va Chernigov viloyatlarining Rossiya qo‘shinlari tomonidan ishg‘ol etilishining oldini olganini bildirgan.
Rejada “global xavfsizlikning strategik tuzilmasida Ukrainaning rolini mustahkamlash”, “Rossiyani urushni diplomatik yo‘l bilan tugatishga majbur qilish” va Ukraina iqtisodiyotining barqarorlashuvi kabilar ham eslatilgan.
Ukraina prezident rejaning muvaffaqiyat bilan ado etilishi ko‘p jihatdan AQSHga va bu mamlakat prezidentiga bog‘liq ekanini urg‘ulagan. Ukraina talab etilgan resurslarni ola biladimi va ulardan naqadar bemalol foydalana oladi — bularning barchasi, Zelenskiyga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar prezidentining qaroriga bog‘liq.
Shuningdek, u har qanaqa muzokaralar doirasi ham Ukraina o‘z hududlaridan voz kechmoqchi emasligini ta’kidlagan.