Линклар

Шошилинч хабар
09 май 2024, Тошкент вақти: 03:58

Ziyorat turizmi uchun berilgan "hadya". Toshkentdagi mahkamada marhum muftiy nomi yangradi


Samarqandlik ziyoratchilar Hajga jo‘nab ketmoqda. 12-sentabr, 2015.
Samarqandlik ziyoratchilar Hajga jo‘nab ketmoqda. 12-sentabr, 2015.

Shu yilning 14-oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod tuman sudida O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi (Firibgarlik) bilan sudlangan shaxsga nisbatan hukm o‘qildi.

Bu haqda Ozodlikka Toshkent shahar Yunusobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi (IIO FMB)ning ismi sir qolishini istagan mulozimi xabar qildi.

Sudlanuvchi Ya. H. o‘zgalarning yirik miqdordagi pulini aldov yo‘li bilan o‘zlashtirganlikda aybdor deb topilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Jinoyat ishini tugatish haqidagi qarordan parcha.
Jinoyat ishini tugatish haqidagi qarordan parcha.

Mahkamani kuzatgan huquq faollari va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevga ko‘ra, jinoyat ishi O‘zbekistonda Haj va Umra ziyoratlarini tashkil qilish atrofidagi korrupsion kelishuvlarni o‘rtaga chiqargan.

Yunusobod sudida ko‘rilgan ish yuzasidan mahkamaning barcha majlislarida ishtirok etib, sud qarori haqida jamoatchilikka fikrlarini ulashgan Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev firibgarlikda ayblangan Y. H. ni "mutlaqo aybsiz" deb hisoblaydi.

Deputat fikricha, Y.H. adolatsiz tizimning qurboniga aylangan.

Jinoyat ishida Haj va Umra ziyoratlarini tashkil qilish bilan bog‘liq jarayonda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi va shaxsan muftiy Usmonxon Alimov ishtirok etgani iddao qilingan korrupsion sxemaga oid epizodlar keltirilgan.

Muftiyga atalgan "hadya" va jinoyat ishi bilan tugagan biznes rejasi

Sudlanuvchi Y. H. ning sud mahkamasida bergan ko‘rsatmalarida ma’lum qilishicha, uning otasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi ma’sul mulozimi bo‘lgan. Ayblanuvchi shuningdek, otasi O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, marhum Usmonxon Alimovga yaqin bo‘lganini ta’kidlaydi.

Muftiy Usmonxon Alimov o‘tgan yil avgustida, 71 yoshida koronavirusdan vafot etgan edi.
Muftiy Usmonxon Alimov o‘tgan yil avgustida, 71 yoshida koronavirusdan vafot etgan edi.

Y. H. ning Ozodlikda nusxasi mavjud sud materiallaridagi ko‘rsatmalaridan anglashilishicha, 2019-yil so‘ngida otasining Rustam va Aziz ismli tanishlari paydo bo‘lib, uning oldiga serqatnov bo‘lib qolishadi. Mahkama tergovida tadbirkorlik bilan shug‘ullangan Y.H. otasining mavqei nuqtai nazaridan buni tabiiy hol sifatida qabul qilishgani va ortiqcha shubhaga bormaganliklarini aytgan.

Biroq keyinchalik bu ikki nafar shaxs Saudiya Arabistoniga Haj va Umra ziyoratlari uchun Toshkentda firma tashkil qilish masalasini Markaziy saylov komissiyasi mulozimi orqali sobiq muftiy Usmonxon Alimov bilan gaplashgani ma’lum bo‘ladi.

O‘zaro kelishuvga muvofiq, Saudiya Arabistonidagi biznes sheriklar O‘zbekistonda ziyorat turizmini tashkil qilish bo‘yicha shirkat ochishi, so‘ng bu yerdagi bir qancha ulamo va xayrli ishga bosh qo‘shgan arboblarga 400 ming AQSh dollari miqdorida hadyalar ajratishi lozim edi.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasining xalqaro bo‘limi orqali Saudiya Arabistonidagi firma bilan aloqalar o‘rnatiladi. Saudiyalik ishbilarmonlarni Usmonxon Alimov qabul qiladi. Y. H.ning ko‘rsatma berishicha, xorijlik ishbilarmonlar Markaziy saylov komissiyasining mas’ul mulozimi (sudlanuvchi Y. H.ning otasi) vositachiligida muftiy Usmonxon Alimovga 120 ming AQSh dollari miqdorida hadya berishgan.

Sudlanuvchi Y. H.ning tergov va sudda bergan ko‘rsatmalariga qaraganda, orada Saudiya Arabistonida pandemiya bo‘lib, ishlar biroz cho‘ziladi. Ishbilarmon Rustam va Aziz "ish o‘xshamagani"ni aytib, pulni qaytarishni talab qiladi. Sobiq muftiy bilan gaplashgan Markaziy saylov komissiyasi mulozimi o‘g‘li Y. H.ga "muftiyning nomi chiqmasligi uchun" uyini sotib, berib turishini aytadi.

Diniy idoraning sha’nini saqlash uchun 8 yillik qamoq

Sudlanuvchining iddao qilishicha, ishda jabrlanuvchi sifatida o‘tgan ishbilarmonlar ziyorat turizmi tashkil qilish uchun berilgan hadyaning bir qismini sudlanuvchi Y. H.dan olishgan. Chunki sudlanuvchining otasi — MSK mulozimi sobiq muftiy bilan ishbilarmonlar o‘rtasida vositachilik qilgandi.

Orada muftiy ham, MSK mulozimi ham vafot etadi. Ishbilarmonlar esa pullarini talab qilib, prokuraturaga shikoyat qilishda davom etadilar. Shundan so‘ng prokuratura yopilgan jinoyat ishini qayta qo‘zg‘atadi. Endi sudlanuvchi go‘yoki bu shaxslarga Bektemir tumanidagi yerini sotmoqchi edi, degan vaj keltiriladi.

Sudning nihoiy qarori bilan Y. H. 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, tergov doirasida O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi xodimlari ham so‘roqqa chaqirilgan. Ammo jinoyat ishi materiallaridagi marhum muftiyga berilgan "hadya", shuningdek, Haj va Umra ziyoratini tashkil etishdagi korrupsiya bilan bog‘liq epizodlar yuzasidan so‘roq jarayonlari oxiriga yetkazilmagan.

O‘tgan yillarda Haj ziyoratini amalga oshirish niyatida bo‘lgan o‘zbekistonliklar yillar davomida navbat kutishlar, sayyohlik shirkatlari esa diniy idora monopoliyasidan shikoyat qilib kelishgan.

Shu yilning 29-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni podshohligi haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabiya boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgan.

Prezident matbuot xizmati O‘zbekiston fuqarolari uchun yillik haj kvotasini ikki barobar — 24 ming nafargacha, umra kvotasini esa 100 ming nafargacha oshirishga kelishilgani haqida xabar bergan.

XS
SM
MD
LG