Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:33

Zomin Dehqon bozorida tujjorlar do‘kon va rastalarining ko‘chirilishiga norozilik bildirmoqda


Jizzax viloyati, "Zomin dehqon bozori"
Jizzax viloyati, "Zomin dehqon bozori"

Jizzax viloyati Zomin tumanidagi Dehqon bozorida savdo qiluvchi yuzga yaqin tujjor do‘kon va rastalarining ko‘chirilishiga norozilik bildirmoqda.

Tadbirkorlarning Ozodlikka aytishicha, 11-may kuni savdogarlar bilan ularni bozordan ko‘chirishga kelgan tuman hokimligi hamda IIB va soliq xodimlari o‘rtasida janjal sodir bo‘lgan.

Tuman soliq idorasi hamda militsiya xodimlari 11-may kuni bozorning yopilishi borasida savdogarlar bilan muloqot qilishga uringan, biroq ularning talabi qondirilmagach, vaziyat taranglashgan.

“Baqir-chaqir bo‘lib ketdi, hamma do‘kondorlar chiqdi. Hokim muovini darvozani yoptirdi. Keyin savdogarlarni o‘zi va u tomondan haridorlar qulflarini buzib tashlashdi. Hokim muovini hech kimni kirgizmaymiz, dedi. “Savdogarlar nima haqqingiz bor” deb janjal ko‘tardi”, - deydi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan zominlik tadbirkor.

"Zomin dehqon bozori"dagi tadbirkorlar 11-may kunidan bozor vaqtincha yopilishi haqida ogohlantirilgan.
"Zomin dehqon bozori"dagi tadbirkorlar 11-may kunidan bozor vaqtincha yopilishi haqida ogohlantirilgan.

Jizzax viloyati hokimligi balansida bo‘lgan “Zomin dehqon bozori” 2019-yilda qayta ta’mirlanib, foydalanishga topshirilgan edi. Viloyat hokimligi rasmiy saytidagi ma’lumotga ko‘ra, buning uchun davlat hisobidan 25 milliard so‘mlik mablag‘ yo‘naltirilgan.

Zomin bozori auksionga qo‘yilgan

Umumiy maydoni 1,2 gektar bo‘lgan va 500ta savdo rastasiga ega bozor hozirda “E-auksion” elektron savdo platformasida 24 milliard 540 million 592 ming so‘m boshlang‘ich narxda savdoga qo‘yilgan.

Zomin bozori “E-auksion” elektron savdo platformasida 24 milliard 540 million 592 ming so‘m boshlang‘ich narxda savdoga qo‘yilgan.
Zomin bozori “E-auksion” elektron savdo platformasida 24 milliard 540 million 592 ming so‘m boshlang‘ich narxda savdoga qo‘yilgan.

E-auksion” portalida potensial haridorlardan ariza qabul qilish 5-iyungacha davom etishi aytilgan.

“Hokimlik bizni bozordan chiqarib, u yerni sotib yubormoqchi”, - deydi zominlik savdogar.

​Zomin tumani hokimligi rasmiylari tujjorlarni rasta va do‘konlarni 11-maygacha bo‘shatib qo‘yishlari haqida bir oy avval ogohlantirgan.

Savdogarlarga tumanning “Laylak” MFY hududida yangi qurilgan savdo markazidan joy taklif qilingan.

Jizzax viloyati, Zomin tumani "Laylak" MFY hududida qurilgan savdo markazi.
Jizzax viloyati, Zomin tumani "Laylak" MFY hududida qurilgan savdo markazi.

“U savdo markazi (O‘zbekiston prezidenti)ni qarindoshlariga tegishli deb eshitganmiz. Xorazmdan uch-to‘rtta bozor yurituvchilarni yollab, yurgizvormoqchi. Hozir u yer bo‘m-bo‘sh. Hech kim bormaydi. Shu yerga bizni ko‘chirish uchun mana shu bahonani o‘ylab topishyapti”, - deydi zominlik savdogarlardan biri.

Tuman soliq idorasi va ichki ishlar xodimlarining aralashuviga qaramay savdogarlar rastalarini tark etishga shoshilmayotir.

“Ko‘chiradigan bo‘lsa, bankrot bo‘lamiz. Karantindan beri o‘zimizga kelolmayapmiz. Do‘konlarning har birini 20 milliard so‘mdan kreditga olganmiz. 30-40 million har oyiga to‘lovi bor. Laylakdagi savdo markaziga hech kim bormaydi. Bu yerdan 4-5 kilometr uzoqda”, - deydi zominlik boshqa bir tadbirkor.

Jizzax viloyati, "Zomin dehqon bozori"
Jizzax viloyati, "Zomin dehqon bozori"

"Zomin dehqon bozori"da 600 atrofida savdogar savdo qiladi.

“Hokimlikdagilar tumanimizdagi kattakon va yana Xorazmdan kelgan uch-to‘rtta tadbirkor bilan til-biriktirib, bizni shu savdo markaziga majburlab ko‘chirishyapti. Buning uchun dehqon bozorini ta’mirlash baxonasini o‘ylab topishgan”, - deydi ismi sir qolishini istagan tadbirkor.

"Xohlasa uyida o‘tirsin, lekin, bozorni bo‘shatib qo‘ysin!"

Zomin tumani hokimining birinchi muovini Zarif Omonqulov Ozodlik bilan suhbatda “Laylak” MFY hududida yangi qurilgan savdo markazi prezident qarindoshlariga tegishli ekani haqidagi iddaolarni rad qildi.

“Bo‘lmagan gap. Dehqon bozori rekonstruksiya bo‘ladi. Shunga savdogarlardan vaqtincha do‘konlarni bo‘shatib turishni so‘radik. "Vaqtincha" deb aytyapmiz. Ularni majburlab, savdo markaziga ko‘chirish, bu bo‘lmagan gap. Xohlasa savdo markaziga ko‘chmasin, uyida o‘tirib tursin, bizga baribir. Lekin, bozorni bo‘shatib qo‘yishi kerak, ta’mirlanadi u yer. Hech “Zomin Dehqon bozori”ga borganmisiz, rasvosini chiqarib tashlashgan”, - deydi Zarif Omonqulov.

Hokim muovini bozor nima uchun kim oshdi savdosiga qo‘yilgani haqidagi Ozodlik savolini javobsiz qoldirdi.

“Mulkchilik subyekti kim bo‘lishidan qat’i nazar bozor shu yerda turadi. Ta’mir qilinadi, ikki hafta ichida balki tadbirkorlar yana o‘sha joyiga qaytadi. Ortiqcha janjal, vahimaga hach qanaqa asos yo‘q”, - deydi Zomin tumani hokimining birinchi muovini Zarif Omonqulov.

Omonqulov shuningdek, tadbirkorlarning bozorni ko‘chirish rejasi ortida go‘yoki prezident Mirziyoyevning qarindoshlari turgani haqidagi iddaolarni rad etdi.

Bundan avval ham O‘zbekistonning boshqa viloyat va tuman markazlarida bozorlarning buzilishi tadbirkorlarning keskin noroziligi manzarasida kechgan.

O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyevning "2017-2019-yillarda dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qaroriga asosan bozorlar qayta rekonstruksiya qilinmoqda.

Bozorlarni ko‘chirish boshqa hududlarda ham savdogarlarning keskin noroziligi fonida kechgan.

XS
SM
MD
LG