O‘zbekiston sobiq prezidenti Islom Karimovning ish joyi – Toshkentdagi Oqsaroy qarorgohi – marhum prezident tug‘ilgan 30 yanvar kuni qayta ochilishi kutilmoqda.
Bu haqda Ozodlikka O‘zbekiston hukumatidagi bir-biridan mustaqil ikki manba xabar qildi.
Oqsaroy qarorgohi birinchi prezident muzeyi sifatida ochiladi, dedi ulardan biri.
“Shavkat Mirziyoevning maxsus topshirig‘iga ko‘ra, Oqsaroyning ba’zi xonalari muzey tashrifchilari uchun tayyorlanmoqda, u erga Islom Karimovning hayoti va faoliyati bilan bog‘liq turli buyum, albom va boshqa ashyolar quyila boshlandi,” dedi u.
Yana bir manbaning aytishicha, Islom Karimov muzeyini ochish marosimi shu yilning 30 yanvariga, ya’ni birinchi prezidentning tug‘ilgan kuniga belgilangan.
“Tayyorgarlik ishlariga marhum prezidentning ishlariga eng yaqin bo‘lgan kishilardan biri Zelimxon Haydarov boshchilik qilmoqda,” dedi ayni manba.
Islom Karimov 2 sentabrda vafot etishi ortidan tashkil etilgan davlat komissiyasi Toshkentda Islom Karimov xotirasiga atab xiyobon, muzey va yodgorlik bunyod etilishi haqida e’lon qilgandi.
Islom Karimov uchun xotira muzeyi barpo etilishi haqida birinchi bo‘lib uning ikkinchi qizi Lola Karimova-Tillaeva Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi orqali ma’lum qildi.
Karimov kabinetida
"Yurtimizning birinchi Prezidenti olamdan o‘tganlariga ikki yarim oy bo‘ldi. Otamning xotiralari va hayotda amal qilgan tamoyillarini abadiylashtirish maqsadida men onam bilan birgalikda Islom Karimov nomi bilan ataluvchi jamoatchilik xayriya Fondiga asos soldik. Fond o‘z oldiga O‘zbekistonning birinchi Prezidenti xotirasiga bag‘ishlangan muzeyni tashkil qilish va Vatanimiz mustaqilligining asoschisi to‘g‘risida maqola va asarlar nashr etishni maqsad qilib olgan," deb yozdi Lola Karimova-Tillaeva.
Marhum prezidentning muzeyi Toshkent shahridagi Oqsaroy qarorgohida barpo etilishi haqida o‘tgan yil 1 dekabrda TASS axborot agentligi O‘zbekiston hukumatidagi bir necha manbasiga tayanib xabar qildi.
Islom Karimov o‘limidan keyin Oqsaroy bir necha kunga poytaxtliklar va poytaxt mehmonlari uchun bir necha kunga ochilgandi.
Ozodlik manbalariga ko‘ra, 14 dekabrda prezident etib saylangan Shavkat Mirziyoev ish joyi sifatida O‘zbekiston Senati binosidan xonalar ajratib olgan va ishga poytaxtdagi Mirzo-Ulug‘bek tumani Qorasuv-2 mavzesidagi o‘zining hovli uyidan qatnayotir.
Ozodlikning hukumatdagi manbalariga ko‘ra, Islom Karimov istiqomat qilgan Toshkent tashqarisidagi Ko‘ksaroy Islom Karimov istirohat bog‘iga aylantirishga qaror qilingan.
"Shavkat Mirziyoev xalq uchun yopiq bo‘lgan bu maskanlarni xalqqa tortiq qilishni rejalashtirayotgani yangi prezident e’lon qilgan Xalq bilan muloqot yili dasturlariga to‘la mos keladi," - deydi Ozodlikning hukumatdagi manbasi.
Ayni paytda Islom Karimovning xotini Tatyana Karimova va ikkinchi qizi Lola Karimova-Tillaeva tomonidan ta’sis etilgan "Islom Karimov Fondi" iqtidorli yigit-qizlarning xorijda ta’lim olishini moliyalashtirish bo‘yicha tanlov e’lon qildi.
"Islom Karimov Fondi iqtidorli yigit va qizlarni Yevropa va AQShning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida magistratura dasturi bo‘yicha ta’lim olishlari uchun grantlar taqdim etish maqsadida tanlov e’lon qilganligini sizga ma’lum qilishdan bag‘oyatda mamnunman," deb yozdi Lola Karimova-Tillaeva 8 dekabrda o‘zining instagramdagi sahifasida.
Lola Karimova-Tillaevaning xabar berishicha, ushbu fond Yevropa va AQSh oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida tahsil olish niyatida bo‘lgan, O‘zbekiston hamda chet el oliygohlarini muvaffaqiyatli bitirgan, kamida bitta xorijiy tilni mukammal biladigan iqtidorli va iste’dodli yigit-qizlar orasida tanlov boshlagan.