Ukrain zobiti: Separatchilar safida jang qilgan farg‘onalik snayper o‘ldirildi

Ma’rufjon Nishonovning DNRda berilgan harbiy guvohnomasi

Ukraina Sharqidagi janglarda ayirmachilar tarafida urushgan yana bir O‘zbekiston vatandoshi o‘ldirildi. Farg‘onalik 34 yashar Ma’rufjon Nishonov snayper qurolidan o‘q otayotganida ukrain jangchilari tomonidan yo‘q qilingani to‘g‘risida Ukraina Qurolli Kuchlari zobiti xabar qildi.

Aytilishicha, Donbass mintaqasi Avdeevka qishlog‘i atrofida Ukraina muntazam harbiy qismlari va rossiyaparast ayirmachilar o‘rtasida davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlarda tan olinmagan DNRchilar tarafida jang qilgan o‘zbekistonlik o‘ldirilgan.

Buni “Ukraina haqiqati” gazetasi va TSN telekanaliga Ukraina Qurolli kuchlarining 72 alohida mexanizatsiyalashgan jangovar brigadasi matbuot-ofitseri Yelena Mokrenchuk tasdiqlab berdi.

8 mart kuni o‘ldirilgan 34 yashar snayperning cho‘ntaklaridan topilgan bir qancha hujjatlardan u asli Farg‘ona viloyati Quva tumanidan ekani, ismi Nishonov Ma’rufjon Ma’mirovich ekani aniqlangan.

Qo‘shimcha ma’lumotlarni “Obozrevatel”dagi sahifasida keltirgan Ukraina Qurolli Kuchlari ofitseri Anatoliy Kravchuk, o‘zbekistonlik yollanma jangari 72- alohida mexanizatsiyalashgan jangovar brigada jangchilari tomonidan o‘ldirilganini ma’lum qildi.

Anatoliy Kravchuk/Obozrevatelь fotosi

U ukrain jangchilar pistirmada soqchilik qilayotgan paytda ikki nafar snayperni aniqlagani va reja asosida yo‘q qilishga kirishganini bildirdi.

- Qurolli to‘qnashuv natijasida jangarilardan biri o‘ldirildi, ikkinchisi O‘zbekistonga qochib ketdi. Eng qizig‘i, o‘ldirilgan snayper mahalliy “vatnik” emas, Ukraina Donbassiga “desantchilarga” o‘xshab adashib kirib qolgan haqiqiy “moskal” bo‘lib chiqdi. Ishonmaysiz, ammo u uzoq O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatidan kelibdi. Uning ismi ham haqiqiy, slavyancha, qadimgi ruscha – Nisonov Marufjan Namirovich. U bu yerda “Rus olamini” vaxshiy banderachilardan rus rubli uchun himoya qilgani kelgan, ko‘rinadi, deb yozdi istehzo bilan Anatoliy Kravchuk.

72- jangovar brigada askarlariga ko‘ra, Nishonov yana bir sherigi bilan Ukraina jangovar pozitsiyalaridan 40 metr narida joylashib olib, snayperlik miltig‘idan o‘q uzishni boshlagan. Pistirmada o‘tirgan “Zver” laqabli 19 yashar ukrain askari ularni oddiy “Kalashnikov”dan o‘qqa tutgan.

Otishmada og‘ir yaralangan snayper qo‘lga tushganida hali tirik bo‘lgani, biroq harbiy shifokorlar yetib kelgunga qadar jon taslim qilgani aytildi.

Uning cho‘ntagidan 1983 yilda tug‘ilgan Ma’rufjon Nishonov nomiga berilgan bir qancha hujjat va boshqa buyumlar topildi. Ular qatorida – 2015 yilning 17 oktabrida berilgan DNR harbiy guvohnomasi, 2003 yilda Farg‘ona kechki yengil sanoat texnikumini “yurist-huquqshunos” mutaxassisligi bo‘yicha bitirganligi to‘g‘risida imtiyozli diplom, 2006 yilda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tomonidan berilgan harbiy guvohnoma, O‘zbekiston pasporti, O‘zbekiston Davlat qo‘riqlash bo‘linmalaridan birining guvohnomasi, ratsiya, Sberbank kredit kartochkasi, Rossiya rubllari va o‘zbek so‘mlari, fotosuratlar bor.

Anatoliy Kravchuk/Obozrevatelь fotosi

Shuningdek, o‘zbek jangarisi yonida o‘ta zamonaviy, Rossiyada ishlab chiqarilgan snayperlik miltig‘i bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.

Ayni paytda, Ukraina va undan Rossiya quvvatlovi yordamida ajralib chiqqan “Donetsk xalq respublikasi (DRN)- Lugansk xalq respublikasi (LNR)” chegarasida harbiy to‘qnashuvlar davom etayotgani xabar qilmoqda: harbiy kuzatuvchilar birgina 8 mart kuni ikki tarafdan 69 marotaba o‘t ochilganini qayd etdi.

O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi Donbassdagi janglarda ishtirok etish uchun mamlakatga kelmoqchi bo‘lgan fuqarolarni buning uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi yuzasidan ogohlantirgan edi.

Avdeevkada 8 mart kuni otib o‘ldirilgan o‘zbekistonlik Ma’rufjon Nishonov Rossiya-Ukraina mojarosining birinchi qurboni emas.

2016 yilning 19 sentabrida Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) Xarьkov viloyatida josuslikda gumon qilib, O‘zbekiston vatandoshini qo‘lga oldi. Davlat Chegara xizmati o‘zbekistonlik “Pletenyovka” nazorat punkti borasida maxfiy texnika yordamida ma’lumot yig‘ishga Rossiya tomonidan jo‘natilganini iddao qilgani to‘g‘risida Ozodlik xabar qilgan edi.

2016 yilning 16 avgustida Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) Donbassdagi Shirokino qishlog‘i atrofida ukrain askarlarini o‘qqa tutganlikda ayblanayotgan O‘zbekiston vatandoshini hibsga olgan edi. 1996 yilda tug‘ilgan toshkentlik Aleksandr Brikin Donbass ayirmachilari tarafida jangovar harakatlarga pul ishlash maqsadida qo‘shilganini bildirgan.

Ozodlik Ukraina sharqidagi mojaroda ham rossiyaparast Lugansk va Donetsk respublikalari, ham Ukraina muntazam qo‘shinlari safida jang qilayotgan turli millat vakillari, jumladan o‘zbeklar va o‘zbekistonliklar to‘g‘risida xabar qilgan.