Olimlar ilk marotaba inson tuxumhujayralarini laboratoriyada to‘liq yetishtirishga muvaffaq bo‘ldi.
Molecular Human Reproduction jurnalida chop etilgan ilmiy maqolada yozilishicha, Nyu-York hamda Edinburglik bir guruh olimlar tuxumdon to‘qimasidan olingan hujayralarni laboratoriya sharoitida o‘stirish imkonini beruvchi yangi metodni ishlab chiqqan.
Maqolaga ko‘ra, hujayralar laboratoriyada urug‘lana oladigan darajaga yetkazilgan.
Avvalroq bu tajriba sichqon tuxumhujayralari ustida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan edi. Inson tuxumhujayralarini to‘liq yetishtirish esa, rivojlanishning ancha keyingi bosqichiga yetgan hujayralardagina amalga oshirilgan edi.
Edinburg universiteti e’lon qilgan bildiruvda inson tuxumhujayrasi ilk marotaba rivojlanishning dastlabki bosqichidan yakuniy bosqichigacha yetishtirilgani aytiladi.
Izlanishda ishtirok etmagan mutaxassislar ushbu yutuqni olqishladi, ammo uni amalda qo‘llash uchun yillar kerak bo‘lishini aytdi.
Ushbu metod kimyoviy terapiya kabi bepusht qilish amaliyotidan o‘tishga majbur bo‘lgan ayollarga umid bag‘ishlaydi. Xususan, bunday yo‘l bilan amaliyotdan avval bemorning to‘liq rivojlanmagan tuxumhujayralarini saqlab qolib, ularni keyinroq laboratoriyada urug‘lantirish mumkin.
Izlanish mualliflaridan biriga ko‘ra, endilikdagi vazifa laboratoriyada yetishtirilgan tuxumhujayralar qanchalik sog‘lom ekanligi o‘rganishdir.