Farg‘onada somsaxona va lag‘monxonalarga eshak go‘shti yetkazib berganlar ushlandi (VIDEO)

Eshakning go‘shti Islomga ko‘ra¸ harom sanaladi.

Farg‘ona viloyatida umumiy ovqatlanish muassasalariga eshak go‘shti yetkazib bergan bir guruh shaxslar qo‘lga olindi.

Joriy oy boshida sodir bo‘lgan bu voqea to‘g‘risida Ozodlikka etib kelgan ma’lumotni Qo‘shtepa tuman hokimi hamda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi axborot-tahliliy multimedia markazi mulozimi tasdiqladi. Lekin, mulozim bu haqda qo‘shimcha ma’lumot berolmasligini aytdi.

Ozodlik muxbirining aniqlashicha, eshaklar viloyatning Qo‘shtepa tumanidagi xonadonlardan birida so‘yilib, go‘shti Farg‘ona shahrida va Toshloq tumanidagi somsaxona va lag‘monxonalarga tarqatilgan.

Farg‘ona viloyat, Qo‘shtepa tuman veterinariya bo‘limi mulozimining Ozodlikka aytishicha, eshaklarning tunda hangrayotganidan bezovta bo‘lgan aholi shikoyatlari asosida ular huquq-tartibot organlari xodimlari bilan shu oy boshida reyd o‘tkazgan.

Reyd o‘tkazilgan xonadonda ko‘rinishi va hididan sifatsiz ko‘ringan va shubhali ahvolda saqlangan 140 kilogramdan ziyod go‘sht mahsulotlari va so‘yilgan eshak kalla-pochalari ashyoviy dalil sifatida musodara etilgan.

- Qo‘shtepa tumanida Qora qushchi mahallasi bor, voqea o‘sha mahalladagi xovlilardan birida bo‘lgan. Devor bilan o‘ralgan katta xovli. Hech kim kirmasin, deb xovliga itlarni ham qo‘yib qo‘yishgan. Eshaklar shu xovlida so‘yilgan. O‘sha yerda yashaydiganlar eshaklarni olib kelib turishgan, so‘yishgan, so‘yilgan eshak go‘shtini Farg‘ona shahridagi va Toshloq tumanidagi somsaxona va lag‘monxonalarga tarqatishgan. Ular to‘rt kishi bo‘lgan, hammasi qo‘lga olinib, tergov qilinyapti, - dedi Qo‘shtepa tuman veterinariya bo‘limining ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan mulozimi.

Qo‘shtepa tumanida qo‘lga olinganlar qachondan beri eshak go‘shti so‘yib sotish bilan shug‘ullangan va ular tarafidan jami qancha miqdorda eshak go‘shti Farg‘onadagi tamaddixonalarga tarqatilgan?

Qo‘shtepa tuman hokimi Bahromjon Jumonov Ozodlikning bu savollariga javoban bu bo‘yicha hozirda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi surishtiruv olib borayotganini bildirdi.

"Selektorda bu masala muhokama qilindi. Prokuratura surishtiruv olib boryapti. Hammasi qo‘lga olingan", - dedi Qo‘shtepa hokimi.

O‘zbekiston bosh prokuraturasi mulozimi ham Qo‘shtepada eshak go‘shti savdosi bo‘yicha ish ochilib, ​tergov borayotganini tasdiqladi.

"To‘rt odamga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186-moddasi, 1-qismi - «Iste’molchilarning hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish»ni sodir etganlik bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov davom etmoqda", - dedi prokuratura rasmiysi.

Prokuratura Axborot-tahlil multimedia markazining Ozodlikka ma’lum qilishicha, Farg‘onadagi "Eshak go‘shti voqeasi" haqidagi maxsus ko‘rsatuv 23 mart kuni soat 18:00da "O‘zbekiston-24" telekanalida efirga uzatiladi.

O‘zbekistonda eshak eng arzon uy hayvonlaridan biri hisoblanadi. Bir bosh sara eshakni 300-500 ming so‘mgacha sotib olish mumkin.

Binobarin, eshak go‘shti mol go‘shtidan qariyb to‘rt baravar arzonga tushadi.

O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham eshak go‘shtidan tamaddixonalarda taom pishirilgani va u kolbasalarga qo‘shilgani haqida oldin ham xabarlar berilgan.

O‘tgan oy Namangan viloyatining Uychi tumani Soku qishlog‘ida yigirmata eshakni keltirib, so‘yishni boshlagan bir guruh shaxs qo‘lga olingani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

Namanganda eshaklar go‘shti uchun emas, terisi uchun so‘yilgan.

Ozodlik muxbiri bu eshaklar go‘shti uchun emas, terisi uchun so‘yilganini aniqlagan.

O‘tgan oy Namangan viloyatining Uychi tumani Soku qishlog‘ida yigirmata eshakni keltirib, so‘yishni boshlagan bir guruh shaxs qo‘lga olingani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

O‘tgan yil dekabrida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Toshkentdagi “Sharshara” kolbasa tsexiga Xorazmdan 69,6 kilo eshak go‘shti olib kelinganini rasman taqdiqlagan edi.

2016 yilning dekabrida samarqandlik bloger Toshpo‘lat Rahmatullaev Xishrav posyolkasi yaqinida noma’lum maqsadda so‘yilgan eshaklar qabristoni haqida yozgan edi.

2015 yilning yanvarida Qirg‘izistonning Bishkek shahri chetida eshak boqib so‘yiladigan fermani qirg‘iz jurnalistlari oshkor etgan edi. Bu ferma rahbarlari eshak go‘shti zooparklardagi yirtqich hayvonlarni boqish uchun xorijga eksport qilinishini aytgan edi.

Markaziy Osiyo¸ xususan¸ O‘zbekiston aholisining aksariyati o‘zini musulmon deb biladi va xonaki eshakning go‘shti Islomga ko‘ra¸ harom sanaladi.