28 mart kuni Ozodlik suhbatlashgan Toshkent rasmiylari¸ hozircha Toshkentda yashash¸ ishlash va ko‘chmas mulk sotib olish uchun yillar davomida amal qilib kelgan cheklov va taqiqlarning amalda qachondan bekor bo‘lishini taxmin qilishga ham qiynalishlarini bildirdi.
O‘zbekiston prezidenti 2018 yil 22 yanvar kuni chiqargan 5308 raqamli farmonning 10- bandida “vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmagan fuqarolarni ishga qabul qilishga bo‘lgan taqiq, shuningdek, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilganlik uchun ish beruvchining javobgarligi bekor qilinsin”¸ deb ëzilgan.
Bu farmon ilovasining 56- bandida uning ijrosi Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, IIV, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga topshirilgan va bajarish muddati qilib 2018 yilning 20 marti belgilangan.
Eski cheklov va taqiqlar hamon kuchda qolmoqda!
28 mart kuni Ozodlik Toshkent shahar Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi¸ uning bir qator tuman bo‘limlari rasmiylari bilan bog‘lanib¸ poytaxt propiskasi bilan bog‘liq cheklov va taqiqlarning amalda bekor qilingan-qilinmaganini surishtirdi.
Ozodlik suhbatlashgan IIV boshqarmasi rasmiylari¸ shuningdek¸ Toshkentdagi qator hududlar uchastka nozirlari¸ bu farmonni ijro etishning huquqiy asoslari hozircha yo‘qligi uchun¸ cheklov¸ taqiq va jarimaga tortishlar avvalgidek davom etayotganini bildirdilar.
“Bizga hech qanday hujjat kelmagan¸ bu hali muvofiqlashtirilmagan. Cheklov va taqiqlarda¸ xususan¸ viloyatliklarning poytaxtdan uy olishda biror aytarlik o‘zgarish yo‘q. Vazirlar Mahkamasining 19 iyuldagi 527-sonli qarori asosida viloyatliklar uch yildan eski bo‘lmagan uylarni bemalol sotib olishga haqli. Toshkent shahri va viloyatida propiskasi yo‘qlarning ikkilamchi bozordan uy sotib olishiga ruxsat berish haqida qo‘limizda biror hujjat yo‘q¸ shuning uchun bu bozor hali viloyatliklar uchun yopiq. Ishga olishda yengilliklar bor lekin”¸ dedi Toshkent shahar Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan rasmiysi.
Jarima yozishga majburmiz!
Ozodlik propiska bilan bog‘liq cheklov va taqiqlar ijrosini bevosita nazorat qilib¸ qoidabuzarlarni jazoga totish bilan shug‘ullanuvchi uchastka nozirlari bilan ham suhbatlashdi.
Chilonzor tumani mahallalaridan biri noziri¸ pasport rejimi bekor qilinmagani va shu bois¸ har bir nozir o‘ziga belgilangan hududdagilarning propiskasini tekshirishda davom etayotganini bildirdi.
“Hozir ham pasportniy rejimga chiqamiz. Tekshirganda¸ propiskasi bo‘lmagan holda yashab yurganlarga ogohlantirish varaqasi beriladi. Bu varaqa berilganidan keyin besh kun ichida registratsiyaga qo‘yilishi kerak¸ bo‘lmasa¸ jarimaga tortamiz. Lekin oldingidaqa¸ to‘g‘ridan-to‘g‘ri jarima qilinmayapti. Masalan¸ Samarqanddan kelib¸ bir oydan beri Toshkentda yashab yuripti. Biz buni aniqlagan joyimizda¸ ogohlantirish varaqasini berib¸ besh kun ichida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tasiz¸ deymiz. Besh kun ichida o‘tmasa¸ keyin O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy Kodeksining 223-moddasi 1-qismi bilan 86 120 so‘m jarimaga tortamiz”¸ dedi nozir.
Bu suhbatdoshga ko‘ra¸ prezident farmonidan keyingi o‘zgarish¸ avvalgidek propiskasizni ushlagan joyida jarimaga tortishdan tiyilib¸ unga ro‘yxatdan o‘tish uchun besh kunlik muhlat berilayotganida¸ xolos.
Shayxontohur tumani uchastka nozirlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda¸ yuqoridan o‘zlariga propiskasizlarni tekshirib-topish¸ ularni jarimaga tortish bo‘yicha yuklama berilmay qo‘yilgani bois¸ bu tekshir-tekshir qisqartirganini aytadi.
“Oldingidaqa yuklama berilmayapti. Propiskani faqat shikoyat va qonunbuzarlik sodir bo‘lgani aniqlangan holatlardagina tekshirayapmiz. Lekin qonun hali bekor bo‘lgani yo‘q. Ma’muriy Kodeksdagi “fuqaroning vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashashi” uchun belgilangan jazo bekor qilinsin”¸ degan qonun chiqmadi hali. Shuning uchun bunaqa holat aniqlanganda¸ biz jarima yozishga majburmiz”¸ dedi toshkentlik uchastka nozirlaridan yana biri.
Qora ishlar uchun propiska so‘ralmayapti¸ “oq ishlar”ga so‘ralayapti
Ozodlik suhbatlashgan migratsiya boshqarmasi rasmiylari¸ uchastka nozirlari mavsumiy ishlar uchun viloyatdan kelayotganlardan propiska so‘rash to‘xtatilganini bildirdi.
“Qora ishlar uchun vaqtincha hisobga tursa bo‘ldi¸ propiska so‘ralmaydi. Ofisniy ishlar endi ish beruvchiga bog‘liq. Ulardan ham so‘ralmasligi kerak”¸ dedi Ozodlik bog‘langan rasmiylar.
Ayni paytda¸ O‘zbekiston poytaxtida bilim va malaka talab qiladigan ish taklif etuvchi ayrim shirkatlar¸ Ozodlik bilan suhbatda¸ bunday ish beruvchilarning Toshkent propiskasini so‘rashda davom etayotganini bildirdi.
“Propiskasi bor-yo‘qligiga qaralmayapti¸ deya olmayman. Haliyam so‘rashadi¸ o‘zgarish bo‘lgani yo‘q”¸ dedi ish topib beruvchi shirkatlardan biri xodimi.
Ayni paytda Ozodlik suhbatlashgan mulozimlar¸ Toshkent shahrida doimiy propiskadan o‘tish jarayonining hali ham yopiq qolayotganini qo‘shimcha qildilar.
Adliya vazirligi: Jamoatchilik prezident farmonini noto‘g‘ri tushungan!
Prezidentning 5308-sonli farmoni ijrosi uchun bosh mas’ul qilib belgilangan Adliya vazirligining Ozodlik bog‘langan rasmiylari¸ farmonning Toshkentdagi propiska bilan bog‘liq cheklov va taqiqlarni 2018 yil 20 martidan bekor qilinishi nazarda tutmasligini bildirdilar.
“20 mart bu “normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari”ni ishlab chiqish uchun berilgan muddat. Biz qolgan uch idora bilan muvofiqlashtirilgan holda¸ so‘ralgan loyihalarni hozirlab¸ Vazirlar Mahkamasiga 20 martga qolmay topshirdik. Bu loyihalarda¸ Toshkentdagi doimiy va vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish (hisobga olish) tartibini soddalashtirish uchun ma’muriy qonunchilikka o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish¸ prezident farmoni chiqarish va Vazirlar Mahkamasining tegishli nizomlarini o‘zgartirish taklif etilgan. Vazirlar Mahkamasining bu loyihani ko‘rib chiqib¸ amalga oshirishi uchun belgilangan reglamenti bor. Shu reglament ichida¸ bu loyihalarning qabul qilinib¸ kuchga kirishini kutayapmiz. Adliya vazirligi ¸ IIV¸ prokuratura va Bandlik vazirligini prezident farmonini bajarmaganlikda ayblash uchun hech qanday asos yo‘q”¸ dedi Adliya vazirligining bevosita ushbu jarayonga aloqador rasmiysi.