Sobiq MXXning Toshkent viloyat boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasi boshlig‘i Mansur Mirzaev, ustidan ochilgan jinoyat ishi doirasida, ushlandi. Mirzaev sudgacha hibsda saqlanadigan bo‘ldi.
Bu ma’lumotni Ozodlikka sizdirgan IIV mulozimining o‘z tasarrufidagi hujjatlarga asoslanib aytishicha¸ Mirzaev Ichki ishlar vazirligi operativ xodimlari tomonidan 20 mart kuni ertalabdan kechqurungacha o‘tkazilgan maxsus reyd davomida ushlangan 25 shaxsning biridir.
Shu paytgacha ayni mulozim bergan ma’lumotlar¸ jumladan sobiq Bosh prokuror Rashitjon Qodirov va sobiq prezident maslahatchisi Jamshid Fayzievlarning qo‘lga olingani haqidagi xabarlar keyinchalik rasman tasdig‘ini topgan edi.
Mulozimning aytishicha¸ Mansur Mirzaevni ehtiyot chorasi sifatida sudgacha ushlash qarori 20 mart kuni Toshkent harbiy sudi sudyasi Ilhomjonov raisligida o‘tgan sud majlisida qabul qilingan. Mulozimning qo‘shimcha qilishicha, “Mirzaevni ehtiyot chorasi sifatida ushlash borasida O‘zbekiston Harbiy prokuraturasi talabnoma bilan chiqqan”.
Suhbatdosh ta’kidicha¸ Mansur Mirzaev mamlakat sobiq Bosh prokurori Rashitjon Qodirov va Toshkent shahar prokurorining sobiq 1- o‘rinbosari Mirag‘lam Mirzaev ustidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida ushlangan.
Bundan oldin Ozodlik Mansur Mirzaevning 23 fevral kuni ushlangani haqida xabar bergan edi.
IIV mulozimining 30 mart kuni Ozodlik muxbiriga tushuntirishicha, 23 fevralda birinchi marta ushlangan Mansur Mirzaev O‘zbekiston JPK 234- moddasining 3- bandi talabiga binoan shaharni tark qilmaslik sharti bilan sudgacha ozod qilingan.
JPK ning 243- moddasi 3- bandida ushlab turish muddati uzaytirilmagan bo‘lsa, ozod qilinishi ko‘zda tutilgan.
Mulozimninng aytishicha, 23 fevralda hibsga olingan Muhabbat Hasanova (Toshkent shahar prokurorining sobiq birinchi o‘rinbosari Mirag‘lam Mirzaevning xotini) ham 72 soat ushlab turilganidan keyin qo‘yib yuborilgan va 20 mart kuni sud qarori bilan tergov izolyatoriga olib kelingan.
Mulozim Mirzaevlar oilasining bu ikki a’zosining qayta ushlanganini Mirag‘lam Mirzaevning o‘g‘li Abdurashid Mirzaevning qochishga uringani va tergov paytida yuz bergan boshqa sabablar bilan izohladi.
MXXning Toshkent shahar boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasi sobiq boshlig‘i¸ 23 fevral kuni ushlanib so‘roq qilingan 42 yashar Abdurashid Mirzaev ( Toshkent shahar prokurorining sobiq 1-o‘rinbosari Mirag‘lam Mirzaevning o‘g‘li) 6 mart kuni oilasini olib Moskvaga qochib ketayotganida IIV xodimlari tarafidan qo‘lga olingan edi.
"Mirag‘lamning jiyani"
Sud qaroriga binoan ushlangan MXXning Toshkent viloyat boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasi sobiq boshlig‘i Mansur Mirzaev (laqabi "Malish") Toshkent shahar prokurorining sobiq birinchi o‘rinbosari Mirag‘lam Mirzaevning ukasi Mira’zam Mirzaevning o‘g‘lidir.
Ozodlik muxbiri bilan 30 mart kuni gaplashgan O‘zbekiston prokuraturasidagi mulozimning aytishicha, Mansur Mirzaev "Jinoyat Kodeksining 205- moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 210- moddasida (Pora olish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinmoqda.”
Ahmadboyning "akaxoni"
Ozodlikka ma’lumot sizdirgan IIV mulozimining aytishicha¸ Mirzaev “tadbirkorlar mulkini reyderlik yo‘li bilan tortib olish¸ tahdid qilish va noqonuniy tadbirkorlikka akahonlik qilish” kabi jinoyatlarda ham gumonlanmoqda:
- Mansur MXXning Toshkent viloyat boshqarmasida ishlagan payti G‘azalkent va Chorvoqdagi ko‘p tadbirkorlarning mehmonxona va restoranlarini tortib olib, qaqshatgan. Eng qizig‘i, piramidachi Ahmadboyga krishalik kilib ko‘p miqdorda pul olib yurgan. Ahmadboy Mansurning pora olib yurganini qo‘lga olingan kuniyoq yozib bergan. Ahmadboy ilk qamalgan kunlari yozilgan bu ko‘rsatmalar bosdi-bosdi qilingan. Qodirov (sobiq Bosh prokuror) va Mirag‘lam (Toshkent shahar prokurorining sobiq birinchi o‘rinbosari) qo‘lga olinganidan keyin bu masala ko‘tarildi. Mansurni, asosan, Ahmadboy pullari masalasida tergov qilishyapti¸ - dedi mulozim.
(Joriy yil fevralida Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi chinozlik “Ahmadboy” nomi bilan tanilgan Ahmadjon Tursunboevni 13 yillik qamoqqa hukm qildi. Tursunboev “katta divident beraman” deb aholi pulini tovlamachilik bilan o‘zlashtirganlikda aybli, deb topilgan.)
"Foyda keltirib turgan otelimni tortib olishgan"
Ozodlik Mansur Mirzaev tarafidan mol-mulki olib qo‘yilgan tadbirkorlardan biri bilan 30 mart kuni gaplashdi. Ismi aytilishini istamagan bu tadbirkor 29 mart kuni Bosh prokuraturaga chaqirtirilib “Mirzaevdan jabr ko‘rgan boshqa tadbirkorlar qatorida guvohlik” berganligini bildirdi.
- Men o‘rtacha bir tadbirkor edim¸ Mansurni tog‘asi Mirag‘lam Mirzaev o‘rtaga odam qo‘yib menga foyda keltirayotgan G‘azalkentdagi kichikroq otelni unga berishimni so‘radi. Mirzaev aytgan shartga ko‘nmaganimdan keyin bu “oilaviy mafiya” changaliga tushib qoldim. Mashinada ketayotganimda G‘azalkent yo‘lida Mansur Mirzaev oldimdan boshqa mashina bilan to‘sib chiqib MXX xodimiga razboyniy napadenie qildi¸ deb rasmiylashtirdi. Bor-yo‘g‘imni berib qutuldim. Baribir zimmamda sudimost qoldi. Kecha Bosh prokuratura tergovchisi ishni qayta ko‘ramiz¸ sudimostni olib tashlaymiz, deb Mansur Mirzaevga qarshi guvohlik ko‘rsatmasi oldi¸- dedi tadbirkor.
Ozodlik prokuratura¸ MXX¸ IIV va advokatura tizimida shakllantirgani iddao qilinaëtgan “oilaviy mafiya” deya nomi chiqqan Mirag‘lam Mirzaevlar oilasi tarafidan klinikasi olib qo‘yilgan taniqli vrach haqida ham mart oyi boshida yozgan edi.
Bosh prokuratura tasdig‘i
Ozodlik Mansur Mirzaevning ushlangani borasida tafsilot so‘rab, O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga murojaat qildi. Bosh prokuraturaning matbuot xizmati xodimi “Mirzaevlar oilasi ustidan jinoyat ishi ochilgan va bu jinoyat ishi mamlakat sobiq Bosh prokurori¸ hozir hibsda qolayotgan Rashitjon Qodirov ishi doirasida”, degan umumiy gapdan boshqa gap aytmadi.
Bosh prokuratura saytida yozilishicha¸ Toshkent shahar prokurorining Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha sobiq 1-o‘rinbosari, adliya katta maslahatchisi, 68 yashar Mirag‘lam Mirzaev (laqabi "Antibiotik") va uning xotini “Yunusobod advokatlar kollegiyasi” rahbari Muhabbat Hasanova ustidan jinoyat ishi ochilgan.
Ayni paytda Ozodlik Mirag‘lam Mirzaevlar oilasidan jabr ko‘rgan tadbirkorlar haqida ma’lumot yig‘moqda.
Siz bu jarayonga bevosita aloqador bo‘lsangiz¸ o‘zingiz yoki yaqinlaringiz bevosita Mirzaev va uning guruhi ta’qib-tazyiqiga uchragan bo‘lsa¸ marhamat¸ tafsilotlarni Ozodlik bilan o‘rtoqlashing.