O‘zbek kinosi oqsoqoli¸ SSSR xalq artisti¸ SSSR davlat mukofoti laureati 87 yashar kinorejisser Shuhrat Abbosov 24 aprel kuni og‘ir ahvolda Toshkentdagi 1-hukumat statsionari reanimatsiya bo‘limiga olib kelingan.
Shuhrat Abbosov o‘zbekistonliklarning bir necha avlodi orasida mashhur "Mahallada duv-duv gap" kinosi muallifidir.
Kinochining o‘g‘li Eljon Abbosov Ozodlik bilan 25 aprel kungi suhbatda milliy kino darg‘asining hozirgi holidan davlat mulozimlari xabar olmayotganini bildirdi:
- Otam o‘lmoqda¸ ammo mulozimlar xabarimizni ham olmayapti. Otam o‘lganidan keyin ular nekrologlarga imzo chekib, ta’ziya bildirishganining keragi ham yo‘q. Hozir e’tibor berishsin¸ otam o‘lim to‘shagida, so‘nggi nafasini olayotgan paytda kelib hol-ahvol so‘rashsin¸ dedi taniqli kinochining o‘g‘li.
Ozodlik muxbiri bilan 25 aprel kunning birinchi yarmida gaplashgan suhbatdoshga ko‘ra¸ ahvoli og‘irligiga qaramay¸ Shuhrat Abbosov o‘z hushida qolmoqda:
- Yuragi bejo urmoqda¸ qonida gemoglobin miqdori o‘ta kamayib ketgan. Bugun buyragi ham ishlamay qoldi. Ahvoli juda og‘ir. Bu so‘zni aytish qanchalik og‘ir bo‘lmasin¸ yana takrorlayman - otam o‘layapti. Hukumat mulozimlari Shomahmudovlar haykalini ko‘chirish bilan ovora. O‘sha Shomahmudovlar haqida “Sen yetim emassan” degan filmni suratga olgan otam esa kasalxonada o‘lim bilan olishmoqda. Mulozimlarga tosh haykal muhim¸ o‘lim to‘shagida bo‘lsa ham hali nafas olayotgan odam emas¸ deydi kinochining o‘g‘li.
Kinochi Shuhrat Abbosov o‘g‘li Eljon bilan. 2018 yil aprel oyida olingan surat.
Taniqli o‘zbek rassomi Vyacheslav Oxunov¸ o‘zbek mulozimlarining millat oydinlariga befarq munosabati tuzalmas kasal shakliga kelganidan afsus bildirdi:
- Shuhrat Solihovich 87 yoshda. O‘ladigan yosh emas bu. Uzoq umr tilayman¸ tuzalib ketsin. Lekin menda o‘zbek mulozimlari shu millat dong‘ini dunyoga tanitgan odamlarga ataylab befarq degan¸ tasavvur paydo bo‘layapti. Bizda talantli kishilarning qadriga yetishmaydi. Chunki hukumat tarkibida tasodifiy¸ o‘tkinchi¸ oq-qorani tanimaydigan kimsalar o‘tiribdi¸ degan rassom taniqli shoir Erkin Vohidov¸ kinochi Mels Abzalov va Markaziy Osiëdagi birinchi ayol dirijer Dilbar Abdurahmonova o‘lim to‘shagida yotganida mulozimlar xabar olmaganligini afsus bilan esladi.
Qadrimga yig‘layman..
Kinochi Shuhrat Abbosovning o‘g‘li Eljon Abbosov Ozodlik bilan suhbatda “qornimga emas¸ qadrimga yig‘layman” degan o‘zbek maqolini esladi:
- O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev har holda otam suratga olgan “Sen yetim emassan” degan kinoni ko‘rgan bo‘lsa kerak. Har holda shu kunlarda erinmagan mulozim kunda olti karra shu kinoni eslab o‘tiribdi. Lekin Shavkat Mirziyoev bu kinoni suratga olgan odam o‘lib ketgan bo‘lsa kerak¸ deb o‘ylaydi shekilli. O‘zbekiston hukumati Shuhrat Abbosov degan ismni unutganidan afsusdaman. Albatta¸ mulozimlar otamning umriga yana 10 yil qo‘shib bera olmaydi. Ammo shu odam shu millatni ulug‘lab kino olgan deya¸ kasalxonaga kelib ko‘rishsa¸ bemorning qo‘lini siqib hamdard bo‘lsa¸ bu mulozimlarnig bir joyi kamayib qoladimi¸ deydi kinochining o‘g‘li.
Abbosov yotgan kasalxonadagi monitor san’atkorning yurak urishlarini sanamoqda
Shuhrat Abbosov 1931 yil 16 yanvarda Qo‘qonda tavallud topgan.1949 yilda Toshkent Tibbiyot texnikumini tamomlagan. 1954 yilda A.N.Ostrovskiy nomli Toshkent Teatr va rassomchilik san’ati instituti (hozirgi Mannon Uyg‘ur nomidagi Teatr san’ati instituti), 1958 yilda esa "Mosfilm" studiyasi qoshidagi Oliy rejissyorlik kurslarida tahsil olgan.
Avvaliga Yangiyo‘l drama teatrida bosh rejissyor, 1959 yildan boshlab "O‘zbekfilm" kinostudiyasi rejissyori bo‘lib ishlagan.
Shuhrat Abbosov suratga olgan "Mahallada duv-duv gap" (1960), "Sen yetim emassan" (1963), "Toshkent-non shahri" (1968), "Olovli yo‘llar" (1977-1983), "Katta urushdagi kichik odam" (1990) kabi filmlar sovet kinosining mumtoz namunalari sifatida Rossiya kino akademiyasi oltin fondiga kiritilgan.
Shuhrat Abbosov suratga olgan filmdan kadr
Rejissyorning mustaqillikdan so‘ng Tog‘ay Murod romani asosida suratga olgan "Otamdan qolgan dalalar" filmi ham tomoshabinlar tomonidan yaxshi kutib olingan.
Shuhrat Abbosov kino san’atini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun SSSR Xalq artisti, O‘zbekiston Davlat mukofoti va boshqa ko‘plab yuksak mukofot va unvonlar bilan taqdirlangan.