Ozodlikka Andijondagi bir-biridan mustaqil manbalardan kelayotgan xabarlarga ko‘ra¸ 18 maydan boshlab Andijon prezident Shavkat Mirziyoev kelishiga to‘liq hozirlik holatiga o‘tgan.
18 may kuni Andijonga Bosh vazirdan tortib aksar vazirlik rahbarlari yetib borgan va 19 may kuni kelishi kutilayotgan prezident marshruti bo‘ylab qilingan “obodonlashtirish ishlari”ni so‘nggi bor ko‘zdan kechirmoqda.
Fevral oyidan beri “prezident ana keladi¸ mana keladi” deb shahar markazini “obodonlashtirish”dan bo‘shamagan Andijon shahridagi byudjet tashkilotlari xodimlari¸ keyingi kunlarda tunu-kun bo‘yoqchilik va farroshlik qilgan.
Yo‘l yoqasini chopiq qilayotganlar byudjet tashkiloti xodimlari¸ deyiladi Ozodlikka yuborilgan bu surat ostidagi izohda.
Prezident marshruti
Ozodlikka shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab ma’lumot bergan Andijon hokimiyati¸ qolaversa¸ huquq tizimlaridagi mulozimlarga ko‘ra¸ 19 may kuni Shavkat Mirziyoevning Asakadagi GM Uzbekistan zavodi¸ shahardagi Muhammad Yusuf nomidagi ixtisoslashgan maktab¸ 5-mikrorayondagi ikkita bog‘chani borib ko‘rishi¸ shuningdek¸ Andijon¸ Ulug‘nor va Bo‘z tumanlariga borishi kutilmoqda. Ayrim norasmiy kanallarda¸ prezidentning Buloqboshi tumanidagi Uchtepa qishlog‘ida topilgan neft va gaz konini ko‘rishi va "Obod qishloq" dasturi doirasida qilinayotgan ishlar bilan tanishishi aytilmoqda.
Prezidentning Andijon viliyati faollari bilan uchrashuvining Xonobod shahrida o‘tkazilishi kutilmoqda.
Hozircha Ozodlik ixtiyorida prezidentning Andijondagi aniq harakatlanish marshrutiga oid hujjatlar yo‘q.
Shavkat Mirziyoevning 18 may kuni Vashingtondan Toshkentga qaytib kelgani haqida xabar bergan prezident matbuot xizmati¸ hozircha uning 19 may kuni Andijonga borishi haqida ma’lumot bermadi.
Ozodlikka prezident safari arafasida gapirgan Andijondagi turli davlat idoralari mas’ullari¸ qolaversa¸ oddiy tadbirkorlar¸ viloyat va shahar hokimlari bir necha oydan beri prezident safariga atalgan "shou" ustida ishlaganini bildirdi.
“Bilasiz¸ prezident “Obod qishloq”¸ “Obod mahalla” degan narsalarga ko‘p e’tibor berayapti. Prezidentga 5-mikrorayonni “Obod mahalla” qilib ko‘rsatisharkan. Bu yerda necha yillar avval qurilgan 12 tacha 4 qavatlik dom bor. Ahvoli chatoq edi¸ shuni fermer va tadbirkorlarni qiyratib¸ remont qildirishdi. Butun ijtimoiy sohani ishlatishdi shu yerda. Hozir hammani tashlagan shu tomonga. Sal nariroqqa o‘tsangiz¸ yo‘llar Afg‘oniston bo‘lib yopibdi. Qani edi prezident bu aldamchi hokimlarni dog‘da qoldirib¸ marshrutini o‘zgartirib¸ boshqa ko‘chalarga kirsa va haqiqiy ahvolni ko‘rsa¸” deydi Ozodlik gaplashgan Andijondagi davlat tizimi xodimlaridan biri.
Andijonlik bu mulozim¸ Andijonning obodonlashtirish dasturiga kiritilgan Soy va Buxoro ko‘chalaridagi ahvolning o‘ta xarob holda qolayotganini qo‘shimcha qildi.
“Aldagani prezident yaxshi?”
Prezidentning Andijon tashrifi davomida uning ayni shu 5-mikrorayondagi maktabgacha ta’lim muassasalariga ham kirib o‘tishi kutilmoqda.
“41-maktabning yarmini xususiy qilishgan. Uning ro‘parasida davlatga qarashli 53-bog‘cha bor. Prezident shu ikkalasiga kirarmish. Andijon shahar hokimi Rahmatullaev butun shahardan rus va ingliz tilini biladigan yosh¸ chiroyli tarbiyachi qizlarni tanlab¸ ularni rosa repetitsiya qildirayapti. 53-bog‘cha bolalari bog‘chaga chiqmayapti shu kunlarda. Shahar hokimi boshqa bog‘chalardan chiroyli¸ so‘zga chechan bolalarni tanlatib¸ ularni 53-bog‘chaga yig‘ayapti. Hokim konkursidan o‘tgan yosh tarbiyachilarga ham¸ bolachalarga ham¸ prezident so‘rab qolsa¸ aytiladigan gaplarni yodlatishayapti. 53-bog‘chaning katta yoshdagi mudirasi Rohatoy opa o‘rniga 14-bog‘chaning yosh va so‘zamol mudorasi Sevara Hoshimovaning prezident uchun rol o‘ynab berishi kutilayapti. Shahar hokimi prezidentni yosh bolani aldagandek aldamoqchi¸” dedi bu tayyorgarlik jarayonidan bevosita xabardor andijonlik mulozim.
Viloyat ta’lim sohasi mulozimiga ko‘ra¸ safar davomida prezidentning o‘tgan yil Andijon davlat universiteti qoshidagi 4-akademik litsey hududida ochilgan Muhammad Yusuf nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabga ham kirishi ham kutilmoqda.
“Bu maktabning orqa tomonida bitta kompyuter qo‘yilgan axborot xonasi bor edi. Hozir shuni kirgan joydagi xonaga ko‘chirib¸ u yerga qaerdandir olib kelingan kompyuterlarni ulashib yotipti. Devorlarni teshib¸ simlarni ulab¸ bir narsalar qilib¸ ishlamaydigan informatika xonasini chiroyli qilib ko‘rsatishmoqchi”¸ dedi bu jarayonga oid tafsilotlardan xabardor ta’lim sohasi mulozimi.
GM prezidentga ko‘rsatilgandan keyin o‘chadi...
Ozodlik suhbatlashgan mahalliy hokimlik rasmiysi¸ 19 may kuni prezidentning mamlakatdagi asosiy ishlab chiqarish korxonasi sifatida taqdim etib kelingan sobiq DAEWOO ¸ hozirgi AQSh-O‘zbekiston GM Uzbekistan qo‘shma korxonasiga borishini bildirdi.
“Bu zavodni prezident kelishiga zo‘rg‘a ushlab turishipti. Ketishiga o‘chadi. Zapchastni mahalliylashtirib yubordi va endi viloyat hokimi zapchast topib borolmayapti. Prezident bilmaydi buni¸ chunki qog‘ozda hammasi 5 ga bo‘lgan! Lekin bilsa¸ ko‘pchilik yonadi. Ishlab chiqarish kamida 15-20 kunga to‘xtaydi yaqinda¸” dedi Ozodlikka O‘zbekiston GM Uzbekistan qo‘shma korxonasidagi ahvoldan bevosita xabardor mulozim.
Ozodlik qo‘shma korxona rahbariyatidan bu ma’lumot yuzasidan izoh olishga hozircha muvaffaq bo‘la olmadi – Asaka zavodi telefonlariga 18 may kuni qilingan qo‘ng‘iroqlarga javob bo‘lmadi.
Andijon “kuchaytirilgan rejimga o‘tgan”
Andijon huquq tizimidagi mulozimning Ozodlikka bildirishicha¸ prezident safari arafasida nafaqat shahar¸ balki butun viloyat bo‘yicha xavfsizlik choralari keskin kuchaytirilgan.
“Ichki ishlar xodimlariga grajdan kiyimida kuni bilan belgilangan ko‘chalarda turish topshirilgan¸ turishipti oftobda kuyib. Xodimlarimiz taxminiy marshrut yo‘lidagi uylarga birma-bir kirib¸ aholini ko‘chaga chiqmaslikdan ogohlantirmoqda. Odam tugul¸ umuman it¸ mushuk¸ tovuq-o‘rdak¸ xullasi¸ tirik jon prezident kelib-ketguncha ko‘chaga chiqmasligi kerak. Hamma yoqda “Tozalash-antiterror” tadbiri bo‘layapti. Yo‘l-patrul xizmatchilariga shubhali ko‘ringanlarni REMga¸ Daydilarni saqlash markaziga olib borish aytilgan. Lo‘lilar va boshqa shubhali ko‘ringanlar hozir izolyatorga tashlangan. Prezident kelganda ko‘chada yurganlarning hammasi ichki ishlar va maxsus xizmat xodimlari bo‘ladi. Buyog‘i ham lo‘ttivoz hokimlar tomonidan sahnalashtirilayapti¸” dedi Andijon viloyat huquq tizimi rasmiylaridan biri.
Andijon shahrining Boburshoh markaziy ko‘chasi bo‘yida joylashgan ko‘p qavatli uyda yashovchilardan biri ham¸ o‘z uyiga bir emas¸ bir necha marta militsiya xodimlari kelib¸ prezident kelib-ketguncha ko‘cha va balkonga chiqmaslik va derazani ochmaslik haqida ogohlantirganini bildirdi.
“Prezident kelib-ketguncha¸ domimiz oldida melisalar qorovullik qilayapti grajdanskiyda. Prezident xalq bilan uchrashaman¸ gaplashaman¸ desa¸ mahalliy hokimlar xalqni uyiga qamab o‘tiripti¸” deydi Boburshoh ko‘chasidagi uylardan birida yashovchi ayol.
Ozodlik shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan mahalliy mulozimlardan olingan bu ma’lumotlarga na Andijon viloyati va na shahar hokimligidan munosabat oldi - aksar mahalliy idoralarga kun davomida qilingan qo‘ng‘iroqlar javobsiz qoldi.
Kadr o‘zgarishlari?
Ozodlik gaplashgan andijonlik rasmiylar¸ prezidentning Andijon tashrifi davomida bir qator kadr o‘zgarishlari kutilayotganini bildirdi.
“Aytishlaricha¸ viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovni Toshkentga o‘ziga maslahatchi qilib olib ketishi mumkin. Bu masala hal bo‘lgan shekilli¸ Abdurahmonov Andijondagi rus tili o‘qituvchilaridan rus tilidan dars olayapti. Ruschasini yaxshilashni so‘rashipti¸” deydi Andijon ta’lim sohasi mulozimi.
Ozodlik gaplashgan bir qator andijonlik mulozimlar ¸ prezident safari davomida andijonliklar tomonidan kutilayotgan katta voqea – shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaevning ishdan olinishi ekanini aytdi.
“Butun O‘zbekistonga so‘kong‘ich hokim deb tanilgan Rahmatullaevni prezidentning shaxsan o‘zi olib tashlaydi¸ degan gap hammaning og‘zida. Oladimi-yo‘qmi - anig‘ini kelib-ketgandan keyin bilamiz¸” -dedi shahardagi davlat tashkilotlaridan biri mutasaddisi.
So‘kong‘ichligi uchun roppa-rosa bir oy muqaddam shaxsan O‘zbekiston bosh vaziri tomonidan so‘nggi ogohlantirish olgan¸ sud hukmi bilan jarimaga tortilgan Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaevning 15 may kungi yig‘ilishda mahalliy tashkilot rahbarlari va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislarini yana haqorat qilgani yozilgan audioga asoslangan xabar 18 may kuni Ozodlik tomonidan e’lon qilindi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Andijon shahar hokimi mahalliy rahbarlarni yana so‘kdi
Prezident hokimlarni o‘zining joylardagi rasmiy vakili deb e’lon qilib¸ ular faoliyatini huquqni muhofaza qiluvchi tizimlar nazoratidan ozod qilgani ortidan¸ viloyat va shahar hokimlarining noqonuniy hatti-harakatlariga tegishli chora ko‘rish¸ Ozodlik gaplashgan huquq tizimlari rasmiylariga ko‘ra¸ prezidentga qarshi harakat sifatida baholanadigan bo‘lib qolgan.