Ramazon hayiti arafasida Tojikiston rasmiylari fuqarolarga fitr sadaqasini masjid imomlari yoki mahalla raislariga berishni “tavsiya” qildi.
Rasmiylarning aytishicha, mahallalarda maxsus komissiya tashkil etiladi va u sadaqalarni kambag‘al va boshqa muhtojlarga taqsimlaydi.
Sug‘d viloyatida yashovchi Mirzorahim Qozievning 7 iyun kuni Ozodlikka aytishicha, mahalla raisi bir necha kishi bilan uning uyiga kelib, fitr sadaqasini mahalla raisi yoki masjid imomiga berishni talab qilgan.
“Sadaqa berish har kishining shaxsiy ishi hisoblanib, bunday ishga aralashish insofdan emas. Men allaqachon sadaqani kambag‘al va yetim bolalari bor oilaga berdim. Biz qishloqdagi muhtoj shaxslarni yaxshi bilamiz”, - dedi Mirzorahim Qoziev.
U mahalla raisi yoki masjid imomi tomonidan jamg‘arilgan sadaqalar muhtojlar orasida adolatli taqsimlanishiga shubha qilishini aytdi.
Dushanbe yaqinidagi Hisor shahar masjidi imomi Azalsho Sharifzoda esa bunday shubhalarni asossiz, deya baholadi:
“Biz bir mahallada yashaymiz, bir-birimizni yaxshi taniymiz. Fuqarolar sadaqa taqsimlash jarayonini nazorat qilishlari mumkin”-deb aytdi Azalsho Sharifzoda.
Din ishlari bo‘yicha davlat qo‘mitasining fitr sadaqasini mahalla raislari yoki imom-xatiblarga topshirish borasidagi qaror 6 iyun kuni e’lon qilindi.
Ayni paytda, Tojikiston Din qo‘mitasi so‘zchisi Afshin Muqim Ozodlik bilan suhbatda mahalla raislarida muhtoj oilalar ro'yxati borligi va shu bois sadaqani ularga berishga qaror qilinganligi aytdi.
“Mazkur qaror tavsiya sifatida ko‘rsatilib, bajarishi majburiy burch hisoblanmaydi. Oldin fuqarolar fitr sadaqasini kimga berishni bilmasdan bizga murojaat qilishardi. Shuning uchun biz bu masalada ularga maslahat beryapmiz”-dedi Afshin Muqim.
Mahaliy tahlilchilarning fikricha, Tojikiston Konsitutsiyasida din davlatdan ajralgan bo‘lsa-da, ammo hukumat diniy ekstremizmga qarshi qurash bahonasida barcha turdagi diniy faoliyatlarni o‘z nazoratiga olgan.
Tahlilchi Daler Sharipovning ta’kidlashicha, endi navbat fitr sadaqasi kelgan.
“21 asrda sadaqa berishni ham davlat nazorat qilishi sharmandalik. Bunday amal davlat obro‘siga jiddiy putur yetkazadi”, dedi Daler Sharifov.
Oxirgi 5 yil davomida Tojikiston hukumati jome masjidlar imomlarini tayinlashdan boshlab, ayollar libosi, erkaklar soqoli, masjid va hajga boruvchilar yoshi ustidan nazoratni kuchaytirdi.
Bularning bari so‘nggi yillarda Tojikistonda dindorlarga o‘tkazilayotgan tazyiqning davomi sifatida ko‘rilmoqda.
Tojikistondagi diniy erkinliklar ustidan cheklovlar xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar, jumladan, AQSh Davlat departamenti tomonidan muntazam tanqid qilib kelinmoqda.