Turkiyada Erdo‘g‘on prezidentlik saylovida g‘alabaga erishgani e’lon qilindi

Erdo‘g‘on tarafdorlari.

Turkiya saylov komissiyasi 25 iyun tongida Rejab Toyyip Erdo‘g‘onni yakshanba kuni muddatidan oldin o‘tkazilgan prezidentlik saylovining g‘olibi deb e’lon qildi.

Erdo‘g‘on mazkur saylov ortidan Turkiya parlament boshqaruvidan prezident boshqaruviga o‘tishini bildirdi:

-Mazkur saylov orqali Turkiya yangi demokratik davrga qadam qo‘ymoqda. Bizga ham prezidentlik boshqaruviga o‘tish bizga nasib qildi. Prezidentlik boshqaruvi orqali Turkiya taraqqiyotning yangi bosqichlariga ko‘tariladi, -dedi Erdo‘g‘on.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Turkiyada Erdo‘g‘on prezidentlik saylovida g‘alabaga erishgani e’lon qilindi

2017 yili mamlakat Konstitutsiyasiga kiritilgan bahsli o‘zgarishga ko‘ra, Turkiya parlament respublikasidan prezident respublikasiga aylanadi, keyingi prezidentning vakolatlari kengayadi, bosh vazir lavozimi bekor qilinadi. Bundan tashqari, prezidentlik vakolatlari suiste’mol qilinishini tiyib turuvchi hokimiyatdagi kuchlar muvozanatiga barham beriladi. O‘zgarishlar saylovdan so‘ng kuchga kiradi.

Turkiya saylov komissiyasi ovoz berish natijalarini joriy haftada e’lon qilishi kutilmoqda.

Ovozlarning 99 foizi sanab bo‘linganidan keyin e’lon qilingan dastlabki natijalarga ko‘ra, Erdo‘g‘on 52,5 foiz ovoz olgan.

Erdo‘g‘onning saylovdagi asosiy raqibi Muharrem Injega 31 foiz saylovchi ovoz bergan. Muharrem Inje 25 iyunda HaberTurk telekanaliga bergan intevyusida “Men Erdo‘g‘on g‘alaba qilganini tan olaman”, deb bildirdi.

So‘nggi xabarlarga qaraganda, prezidentlik saylovi bilan birga o‘tkazilgan parlament saylovida Erdo‘g‘onning AK partiyasi 42 foizdan ko‘proq ovoz olgan. Bu esa partiya parlamentdagi 600 o‘rindan 293tasiga egalik qiladi deganidir.

Muxolifatdagi Respublika Xalq partiyasi 23 foiz, Erdo‘g‘onning AK partiyasi ittifoqchisi bo‘lgan Milliy harakat partiyasi 11 foiz, kurdlarning Xalq demokratik partiyasi 11 foiz ovoz oldi.

Turkiya qonunlarida saylovda 10 foizdan ko‘p ovoz olgan partiyalar parlamentdagi deputatlik o‘rinlariga ega bo‘ladilar.

Saylovda saylovchilarning 87 foizi qatnashgani bildirildi.

Erdo‘g‘on Turkiya siyosatida 15 yildan ortiq: dastlab bosh vazir, 2014 yildan beri esa prezident sifatida yetakchilik qilib kelmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoev 24 iyun kuni Rejab Toyyip Erdo‘g‘on bilan telefon muloqoti o‘tkazib, uni Turkiya prezidentligiga qayta saylangani bilan tabrikladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati ma’lum qildi.

Turkiya davlat matbuotining bildirishicha, Mirziyoevdan tashqari Erdo‘g‘onni 24 iyun kuni saylovning dastlabki natijalari e’lon qilinishi bilanoq Qatar amiri Tamim bin Xamad bin Xalifa Al Tani, Pokiston prezidenti Mamnun Husayn tabrikladi.