O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Ozodlik radiosi saytida 1 iyul kuni e’lon qilingan “MIB 15 yil avval o‘lgan odamga qarzini to‘lash haqida ogohlantirish jo‘natdi” sarlavhali maqolaga munosabat bildirdi.
“O‘rganishda, 2018 yil 16 iyunda davlat ijrochisi F.Qayumov tomonidan qarzdor Eshmatova Marxabatni sud buyrug‘ida ko‘rsatilgan manzili bo‘yicha, ya’ni To‘raqo‘rg‘on tumani, Dukat MFYga pochta aloqa xizmati orqali ogohlantirish xati yuborilganligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, qarzdor Eshmatova Marxabatning yaqin qarindoshlari uning “o‘limi haqidagi guvohnoma”si nusxasini Byuroning To‘raqo‘rg‘on tuman bo‘limiga taqdim qilgan. Hozirda, davlat ijrochisi F.Qayumovning harakatlari yuzasidan unga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanib, natijasi bo‘yicha qo‘shimcha axborot taqdim qilinadi”, deyiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati Ozodlikka taqdim etgan bildirishnomada.
Bir yil avval O‘zbekistonda tashkil etilgan MIBning aholiga odamlarni taajjubga soladigan qarzlar yozishi haqida Ozodlik ilgari ham xabar bergan edi.
Jumladan, Surxondaryo viloyatining Angor tumanidagi Novshahar qishlog‘ida yashaydigan Oygul Sultonovani yangi qurilgan, lekin elektr simi tortilmagan, simyog‘och o‘rnatilmagan uyiga tuman Majburiy ijro byurosi elektr energiyasi uchun 400 ming so‘m qarzdor qilib qo‘ygan edi.