Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 13:57

OzodTa'sir: O‘FF "Malibu"lar bilan bog‘liq barcha to‘lovlarni o‘z zimmasiga olganini bildirdi


Uzbekistan - UFF
Uzbekistan - UFF

O‘zbekiston Futbol federatsiyasi o‘z saytida 23 fevral, kech soat 20.30 da Ozodlikning 22 fevral kungi maqolasi yuzasidan rasmiy bayonot e’lon qildi.

Ozodlikning "Osiyo chempioni bo‘lgan yosh futbolchilardan prezident sovg‘a qilgan "Malibu" uchun pul so‘ralmoqda" sarlavhasi ostida e’lon qilingan maqolasiga O‘zbekiston Futbol federatsiyasi (Assotsiatsiyasi) raddiyasida jumladan, bunday deyilgan:

“O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi mazkur xabarlar hech qanday asosga ega emasligini ma’lum qiladi. Futbolchilarga topshirilgan “Malibu” avtomashinalari Prezidentimizning sovg‘alari bo‘lib, bu avtomashinalar uchun qandaydir to‘lov talab qilishga hech kimning haqqi yo‘q”.

Ozodlik o‘z maqolasida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mulozimining sovg‘a qilingan mashinalar uchun 10 ming dollar talab qilinayotgani to‘g‘risidagi gaplari qatorida mana bu gapini keltirgan edi:

“Shu paytgacha biror nafar futbolchi va trener ham mashina hujjatlarini olmagan”.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining bayonotida “avtomashinalar rasmiylashtirilib bo‘lgan”, degan aniq-tiniq bayonot yo‘q, raddiyaga avtomobillarning o‘z egalariga rasmiylashtirib berilgani haqida birorta hujjat bayonotga ilova qilingani yo‘q.

O‘zbekiston futbol federatsiyasi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov Ozodlik suhbatlashgan mahalliy sport jurnalistiga "Malibu"larni rasmiylashtirish uchun to‘lovlar masalasini hal qilishga harakat qilayotganini aytgan.

Ozodlik O‘zbekiston futbol federatsiyasining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi bilan Federatsiya bayonoti e’lon qilinganidan so‘ng, ya’ni 23 fevral kechqurun yana bog‘landi.

Uning aytishicha, Ozodlikning 22 fevral kungi maqolasidan so‘ng Federatsiyada besaranjomlik boshlangan.

Federatsiya vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov futbolchilarga avtomobillarni haydab yurmaslikni buyurgan:

“Bu gap Mirziyoevning o‘ziga yetib borgan va Federatsiya rahbarlari undan eshitganini eshitgan. Kecha Umid Ahmadjonovning o‘zi hech qaysi o‘yinchidan pul olmaslik haqida topshiriq bergan. Bugun, ismlarini aytmayman, 2-3 o‘yinchiga darhol pasport nusxalarini berish so‘ralgan”, dedi mulozim.

Quyida Ozodlikning 22 fevral kungi maqolasini o‘qishingiz mumkin:

***

Osiyo chempioni bo‘lgan yosh futbolchilardan prezident sovg‘a qilgan "Malibu" uchun pul so‘ralmoqda

Yoshlar o‘rtasida Osiyo chempioni bo‘lgan o‘zbekistonlik futbolchi va murabbiylardan prezident sovg‘a qilgan har bir “Malibu” avtomobili uchun 10 ming dollardan to‘lash talab qilinmoqda. Bu haqda Ozodlikka shaxsi sir qolishini istagan O‘zbekiston Futbol federatsiyasi mulozimi xabar qildi. Futbol sohasida ishlaydigan boshqa mulozim ham avtomobillarni sotgan firmaga pul o‘tkazilmaganligi uchun futbolchilarga berilgan avtomobillar hozirgacha rasmiylashtirilmaganini bildirdi.

Joriy yilning yanvar oyida Xitoyda o‘tkazilgan Osiyo chempionati g‘oliblari - O‘zbekiston U23 terma jamoasi a’zolarini prezident Shavkat Mirziyoev Chevrolet Malibu rusumidagi avtomobil bilan taqdirlagan edi.

Mirziyoev futbolchilar g‘alabasini olqishlar ekan: "Bu futbolni man ochiq gap, o‘zim qulga olganman. Ichini tozaladik. Hamma korrupsiyani tozalab tashladim. Hammasiga o‘zim yangi Malibu beryapman" - dedi.

O‘zbekiston Futbol federatsiyasi mulozimlaridan birining Ozodlikka aytishicha, prezident sovg‘asini olish uchun sovrin sohiblaridan avtomobil narxining 30 foizdan ortig‘ini to‘lash talab qilingan.

“Yoshlar jamoamiz g‘olib bo‘lib qaytganidan so‘ng, prezident 21 futbolchini oq “Malibu” va to‘rt nafar murabbiyni qora “Malibu” bilan taqdirlagan edi. Lekin ikki kundan keyin, federatsiya vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov “kimki mashina o‘zida qolishini istasa¸ 10 ming AQSh dollaridan federatsiyaga qaytarishi kerak¸” deb aytdi. Shu paytgacha biror nafar futbolchi va trener ham mashina hujjatlarini olmagan”, dedi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozim.

Shaxsi sir tutilishini so‘ragan futbol murabbiylaridan yana birining aytishicha, oradan qariyb bir oy o‘tgan bo‘lsa ham avtomobillar puli ularni sotgan Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan "DRIVER'S VILLAGE" avtosaloniga o‘tkazilmagani bois, futbolchi va trenerlar mashinalarni o‘z nomlariga rasmiylashtira olmagan.

“Hozir ham Toshkentda “Chempion” deb yozilgan, ammo davlat raqami yo‘q “Malibu”larni ko‘p uchratish mumkin. Inspektorlar ham hurmat yuzasidan ularni to‘xtatmaydi. Chempionlar jamoasidagi tanishimning aytishicha, toki o‘sha 10 ming dollarni to‘lamasa, hujjatlar rasmiylashtirilmas ekan. Mashinani o‘zlaring olmoqchi bo‘lsang bu pulni to‘langlar, yoki mashinani sotib to‘langlar, deyishayapti”, dedi murabbiylardan biri.

Ozodlik 22 fevral kuni "DRIVER'S VILLAGE" avtosaloni telefon raqamlariga hech kim javob bermagani bois¸ avtosalon boshqaruvchilari bilan bog‘lana olmadi.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining voqea tafsilotlaridan yaxshi xabardor mulozimi Ozodlikka odatda bunday sovg‘alar xarajatini ularni boshqaradigan sport federatsiyalari ko‘tarib kelganini bildirdi.

“2016 yilgi Olimpiada g‘oliblariga sovg‘a qilingan “Malibu”lar xarajatini o‘sha paytdagi Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Mirabror Usmonov ko‘targan edi. U o‘zining firmasidan darhol avtosanoatga pul o‘tkazib bergan va sportchilar ertasi kuni mashina hujjatlarini olgan edi. Bu yil ham prezident topshiriq berdi, lekin O‘zbekiston Futbol federatsiyasi raisi Ochilboy Ramatov bu pulning hammasini bergisi kelmagan ko‘rinadi. Shuning uchun u pulning bir qismini futbolchilarning bo‘yniga qo‘ygan va mashina narxining 30 foizini undirishni federatsiya vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov zimmasiga yuklagan”, deydi mulozim.

Ozodlik muxbirining bu iddaolarga munosabat olish maqsadida 22 fevral kuni O‘zbekiston Futbol federatsiyasi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov bilan bog‘lanishga urindi. Ammo federatsiya rasmiylari Ahmadjonovning Birlashgan arab amirliklarida xizmat safarida ekanini aytib¸ uning mobil telefonini berishdan bosh tortdi.

O‘zbekiston U23 terma jamoasi bosh murabbiysi Ravshan Haydarov esa¸ davlat mulozimlari ham mahalliy va xorij jurnalistlari bilan ochiq gaplashishga o‘tayotgan bir paytda¸ "xorij radiosi bo‘lgan Ozodlikka gapirmasligi"ni aytib¸ bu xabarlarga munosabat bildirishdan bosh tortdi.

XS
SM
MD
LG